Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida (741-son)
07.12.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son qarori ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida rahbar va pedagog xodimlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, milliy va xalqaro baholash sohasida olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 19-iyuldagi PQ-5188-son qarorining 11-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzurida yuridik shaxs maqomidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻini kengaytirish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-apreldagi PF-106-son Farmoniga muvofiq Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta nomlanganligi, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanganligi hamda tuzilmasi tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari uchun davlat taʼlim standarti, oʻquv rejalari, taʼlim dasturlari va darslik majmualarini ishlab chiqish hamda xarid qilish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish;
taʼlim sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, oʻqituvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholash va sertifikatlashni xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirish;
rahbar va pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
Agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarini ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish;
davlat va nodavlat umumtaʼlim muassasalari oʻquvchilarining bilimini baholash;
taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalariga doir innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
pedagog kadrlarga malaka toifasi berish sinovlarini tashkil qilishda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga koʻmaklashish.
3. Belgilansinki:
Markaz davlat muassasasi hisoblanadi;
Markaz Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga ega boʻladi va uning faoliyati Davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Markazning ustav fondi miqdori Agentlik tomonidan belgilanadi hamda Agentlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shakllantiriladi;
Markazning maʼmuriy-boshqaruv xodimlari, professor-oʻqituvchilari hamda metodistlariga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
Markaz direktori Agentlik tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
4. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan, shu jumladan, taʼlim xizmatlaridan olinadigan daromadlar;
Agentlik huzuridagi Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Agentlik direktoriga zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
6. Agentlik ikki oy muddatda:
Markazning ustavi ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markazni ilmiy salohiyatga ega boʻlgan yuqori malakali rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
7. Markaz Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli koʻchasidagi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qarashli IT-park binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori X.Oʻ. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-dekabr,
741-son
