Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (SQ-431-IV-son)
18.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) tomonidan 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davrida (bundan buyon matnda hisobot davrida deb yuritiladi) qonunchilik va parlament nazorati faoliyati olib borilgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomalari hamda 2020-yil 20-yanvardagi Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi maʼruzasida koʻrsatilgan vazifalar yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, qonunchilik faoliyati doirasida hisobot davrida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari ishtirokida va ekspertlarni jalb qilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda maʼqullash uchun Senatga kiritilgan 16 ta qonun (2020-yilda 10 ta, 2021-yilning oʻtgan davrida 6 ta), shuningdek, 24 ta masala dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.
Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 13 ta tadbir oʻtkazilgan. Xususan, qonunlarning joylardagi ijrosi sogʻliqni saqlash sohasida 7-marta, taʼlim sohasida 5-marta, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ochiqligi sohasida 1-marta oʻrganilgan.
Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim va xalq taʼlimi vazirlarining axborotlari eshitilgan.
Senatga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarda, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda (Facebook, Instagram, Telegram messenger va h.k.) koʻtarilgan masalalar yuzasidan 3 ta parlament soʻrovi yuborilgan. Ularning natijalari Qoʻmita majlislarida va Senatning yalpi majlislarida muhokama qilingan.
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish doirasida hozirgi kunda dolzarb ahamiyat kasb etgan “Onkologik kasalliklar profilaktikasi, ularni davolash jarayonlaridagi muammolar va yechimlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbirda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni davolash jarayonidagi muammolar, onkologiya muassasalarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, respublikadagi onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan muassasalarning zamonaviy diagnostika va davolash asbob-uskunalari bilan jihozlanish darajasi kabi masalalar muhokama qilindi hamda Hukumatga Qoʻmitaning tegishli tavsiyalari berildi.
Shu bilan birga, oliy taʼlim tizimida tazyiq va zoʻravonliklarni oldini olishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda, oliy taʼlim muassasalarida pedagog xodimlarning oʻzini tutishlari, odob-axloq qoidalariga rioya qilgan holda faoliyat yuritishlari, talabalar bilan muloqotda ularga zoʻravonlik qilishlari, tazyiq oʻtkazishlari, jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda nojoʻya xatti-harakatlar qilishlari taʼlim tizimi xodimlari uchun sharmandali holat ekanligi, buning oqibatida har bir shaxs javobgarlikka tortilishi haqida mehnat jamoasi oʻrtasida doimiy tushuntirish ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi.
Qonunlarning ijrosi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini oʻrganish faoliyati doirasida 5 ta qonunni tatbiq etishga qaratilgan qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi hamda amalda qoʻllanilishi holati monitoring qilinib, natijasi boʻyicha Senat Kengashi qarori qabul qilingan.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash sohasida Qoʻmita aʼzolari tomonidan hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 19 581 ta (2020-yilda 8 350 ta, 2021-yilning oʻtgan davrida 11231 ta) yozma murojaat koʻrib chiqilgan, shundan 5 363 tasi Senatga kelib tushgan murojaatlardir.
Nazoratga olingan 2 582 ta murojaatdan 1 058 tasi (41%) ijobiy hal qilingan. Taalluqliligi boʻyicha tegishli tashkilotlarga yuborilgan murojaatlarning 1 524 tasi (59%) yuzasidan tashkilotlar tomonidan fuqarolarga tushuntirish berilgan.
Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ularning yechimi yuzasidan zarur choralar koʻrish maqsadida 887 ta uchrashuv oʻtkazilgan.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan Senatda va joylarda jami 4 075 nafar fuqaro qabul qilingan.
Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator soʻrovi shaklidan samarali foydalanib, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning hudud manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan jami 76 ta senator soʻrovi yuborilgan.
Natijada hududlarda aholini qiynab kelayotgan maktabgacha va oʻrta taʼlim muassasalarini taʼmirlash hamda yoʻl qurilishi bilan bogʻliq muammolar hal etilgan.
Bundan tashqari, senatorlar tashabbusi bilan mamlakatimizdagi oʻnlab mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa yoshlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun sharoit yaratish, muhtoj oilalarni uy-joy va bandligini taʼminlash, tibbiyot muassasalarini zarur anjomlar bilan jihozlash boʻyicha joylardagi masalalar oʻz yechimini topdi.
Senat tomonidan maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 1 200 ga yaqin materiallar eʼlon qilingan.
Shu bilan birga, Qoʻmitaning fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish boʻyicha foydalanilmayotgan imkoniyatlari mavjud.
Xususan:
sohalarda davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlikni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish;
taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati, aholining turmushiga taʼsirini joylarda keng jamoatchilikka yetkazib berish;
mahalliy ijro hokimiyatlarining daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladigan mablagʻlarni taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimining ogʻir ahvoldagi muassasalariga birinchi navbatda yoʻnaltirish borasidagi ishlar nazoratini kuchaytirish zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qoʻmita raisi O. Iminovning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi Qoʻmita raisi O. Iminovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi:
Qoʻmita faoliyatiga daxldor boʻlgan tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirsin;
fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasiga oid qonun hujjatlari ijrosi, shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning borishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirsin;
murojaatlarni koʻrib chiqishda oʻz tashabbusiga koʻra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga koʻra koʻtarilgan masala yuzasidan senator soʻrovi yoki parlament soʻrovini yuborish hamda uning natijasini Qoʻmita, Senat Kengashi yoxud Senatning yalpi majlisida eshitish amaliyotidan yanada kengroq foydalansin;
jamiyatda qizgʻin bahslarga sabab boʻlgan, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilgan murojaatlar yuzasidan tezkor eshituvlar tashkil qilgan holda mutasaddi shaxslardan izoh talab qilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsin;
Yoshlar parlamenti aʼzolari tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalar yuzasidan takliflarni Qoʻmita muhokamasiga, zarur hollarda Senat Kengashi muhokamasiga kiritsin;
nazorat-tahlil tadbirlariga Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi, davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar, muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini faol jalb qilsin;
nazorat tadbirlariga tayyorgarlik jarayonida va ularni oʻtkazishda davlat organlari, ilmiy muassasalar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirsin;
Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan birgalikda aholini maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus, professional va oliy taʼlim bilan qamrab olish hamda taʼlim jarayoniga zamonaviy metodika va yangiliklarni kiritish chora-tadbirlarini jadallashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, sohada mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlasin;
Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatining nazorat qilinishini taʼminlash maqsadida xorijiy amaliyotda sinab koʻrilgan sogʻliqni saqlash tizimini nazorat qilish usullarini joriy etish choralarini koʻrsin;
ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotni 2022-yilning 1-martiga qadar Senat Kengashiga kiritsin.
3. Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzolariga:
Senatning yalpi majlislarida maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng aholi eʼtiboriga yetkazish maqsadida joylarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlikda targʻibot tadbirlarini doimiy ravishda amalga oshirish;
qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini joylarda aholining keng qatlamiga yetkazish, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha tadbirlar (konferensiya, davra suhbati, seminarlar) oʻtkazish;
Senatga kelib tushgan murojaatlarni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarni taalluqliligiga qarab bevosita joylarga chiqqan holda doimiy asosda ishlovchi senatorlar bilan birgalikda oʻrganish va hal etish choralarini koʻrish;
oʻz tashabbusiga koʻra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga koʻra koʻtarilgan masala yuzasidan senator yoki parlament soʻrovini yuborish hamda uning natijasini Qoʻmita, Senat Kengashi yoxud Senatning yalpi majlisida eshitish uchun takliflar berib borish tavsiya etilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlarining Taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport va ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari (qoʻmitasi)ga:
olis va chekka hududlarda taʼlim qamrovi va sifati ustidan doimiy nazorat olib borish;
Qoʻmita aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda joylarda sogʻliqni saqlash tizimidagi mavjud muammolarni oʻrganib, mahalliy Kengashlarda muhokama qilish hamda tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqish;
mahalliy ijro hokimiyatlarining daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan ajratiladigan mablagʻlarni taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimining ogʻir ahvoldagi muassasalariga birinchi navbatda yoʻnaltirish boʻyicha nazoratni kuchaytirish;
umumtaʼlim maktablari direktorlarining faoliyati va amalga oshirilgan ishlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini davriy ravishda kengashlarda eshitib borish;
jamiyatda keng muhokamalarga sabab boʻlgan noqonuniy holatlar yuzasidan mahalliy Kengashlarda eshituvlarni tashkil qilish va natijasi yuzasidan tegishli choralar koʻrish;
ilm-fan va amaliyot rivoji uygʻunligini taʼminlash, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarga innovatsion texnologiyalarni, fan va sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirishga, taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
oʻz majlislarida (tegishliligi boʻyicha) hududiy davlat organlari rahbarlarining oʻz faoliyatlari yuzasidan axborotini eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etilsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 18-noyabr,
SQ-431-IV-son
