Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida (3337-son)
27.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 27-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3337]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-son “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur qaror 2022-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2021-yil 18-noyabr,
20/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 18-noyabrdagi 20/3-son qaroriga 1-ILOVA
Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom tijorat banklari, shu jumladan mikromoliya banklari (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) tomonidan hisob siyosatini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek banklarning moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (International Financial Reporting Standards) (bundan buyon matnda MHXS deb yuritiladi) — Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari fondi tomonidan qabul qilingan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllash uchun belgilangan tartibda tan olingan standartlar va unga tushuntirishlar;
hisob siyosati — bank tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishda, moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda va taqdim etishda qoʻllaniladigan tamoyillar, qoidalar va usullar majmui;
moliyaviy hisobot — bankning hisobot sanasidagi moliyaviy holati, hisobot davridagi faoliyatining moliyaviy natijasi va pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi tizimlashtirilgan axborot.
2. Banklar hisob siyosati va moliyaviy hisobotlarni Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni, MHXS va ushbu Nizomga muvofiq ishlab chiqadilar.
2-bob. Banklarning hisob siyosati
3. Bankning hisob siyosati bank boshqaruvi tomonidan ishlab chiqiladi hamda bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Banklarda buxgalteriya hisobini yuritish jarayoni imkon qadar avtomatlashtirilgan tarzda (inson omilisiz) amalga oshirilishi lozim.
5. Banklarning hisob siyosatiga oʻzgartirishlar kiritilmaydi, bundan mazkur bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollar mustasno.
Qonunchilik hujjatlari yoki MHXSga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan banklar hisob siyosatining faqatgina ushbu oʻzgartirishlar taalluqli boʻlgan qismini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Banklarning moliyaviy hisoboti
6. Bank boshqaruvi moliyaviy hisobotlarni tuzadi hamda tasdiqlash uchun bankning kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
7. Moliyaviy hisobotlar bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Bank boshqaruvi va kuzatuv kengashi moliyaviy hisobotlarning qonunchilik hujjatlari va MHXSga muvofiq holda boʻlishi uchun javobgar hisoblanadi.
8. Banklarning moliyaviy hisobotlari quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq foyda yoki zarar va boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobot;
mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq xususiy kapitaldagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi hisobot;
mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisidagi hisobot;
moliyaviy hisobotlarni tushuntiruvchi izohlar.
Moliyaviy hisobotlarda ochib beriladigan axborotlarning tuzilishi MHXSga muvofiq boʻlishi lozim.
9. Banklar tomonidan MHXSdan kelib chiqib, mazkur Nizomning 8-bandida keltirilgan hisobotlar nomlari oʻzgartirilgan holda tuzilishi, shuningdek hisobotlarda qoʻshimcha maʼlumotlar kiritilishi mumkin. Masalan, “foyda yoki zarar va boshqa umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobot” nomi oʻrniga “umumlashgan daromad toʻgʻrisidagi hisobot” nomidan foydalanilishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoidalar
10. Mazkur nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
* Izoh: banklar pul mablagʻlari harakati toʻgʻrisidagi hisobotni MHXSga muvofiq bilvosita usulda ham tuzishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 18-noyabrdagi 20/3-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2003-yil 19-iyuldagi 15/9-son “Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1270, 2003-yil 3-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 17-18-son).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2004-yil 2-oktabrdagi 21/1-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining chop etiladigan yillik moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1419, 2004-yil 25-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 43-son, 458-modda).
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2010-yil 23-oktabrdagi 34/14-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining chop etiladigan yillik moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1419-1, 2010-yil 8-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 411-modda).
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2016-yil 20-fevraldagi 4/1-son “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining chop etiladigan yillik moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1419-2, 2016-yil 15-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 11-son, 105-modda).
