6-modda. Kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish prinsipi
Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-731-son) · Sana: 26.11.2021 · Amalda
Davlat, nashriyotlar, noshirlik mahsulotini tayyorlovchilar hamda tarqatuvchilar kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga va oshirishga koʻmaklashadi.
Kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish va oshirish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
kitobxonlikni targʻib qilish uchun qulay axborot muhitini shakllantirishga koʻmaklashish va ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotdan foydalanishni taʼminlash;
milliy va jahon adabiyoti klassiklarining eng yaxshi asarlarini chop etish, tarqatish va ommalashtirish, shuningdek ulardan kitobxonlarning foydalanishini taʼminlash;
jamoatchilik ongida kitobning qiymati va ahamiyati toʻgʻrisida barqaror tasavvurlarni shakllantirish;
aholining barcha qatlamlarini, avvalo yoshlarni kitobxonlikka jalb etish, kitobxonlikni ragʻbatlantirish.
