3-modda. Asosiy tushunchalar
Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-731-son) · Sana: 26.11.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
adad — noshirlik mahsulotining tayyorlangan nusxalari soni;
nashr — moddiy jismda matn va (yoki) tasvir tarzida qayd etilgan, tahririy-noshirlik jihatdan ishlov berilgan, noshirlik mahsulotini tayyorlash uchun moʻljallangan axborot;
noshirlik mahsuloti — chop etish matbaachilik texnologiyalarini va (yoki) vizuallashtiruvchi dasturiy-texnologik vositalarni qoʻllash yoʻli bilan nashrga muvofiq tayyorlangan mahsulot;
noshirlik faoliyati — nashrlarni tayyorlashga va chiqarishga qaratilgan tashkiliy, ijodiy, ishlab chiqarish chora-tadbirlari hamda boshqa chora-tadbirlar majmui.
