15-modda. Nashriyot
Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-731-son) · Sana: 26.11.2021 · Amalda
Nashriyot nashrlarni tayyorlash va chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy boʻlinmasidir.
Nashriyot:
noshirlik mahsulotini chiqarish dasturini tuzish va tasdiqlashga;
talab qilingan mavzular boʻyicha badiiy, badiiy-publitsistik, ijtimoiy-siyosiy, oʻquv va ilmiy tusdagi asarlarni yaratish bilan bogʻliq buyurtmalarni olishga;
mualliflar va noshirlik faoliyati subyektlari bilan shartnomalar tuzishga;
muallifning mulkiy huquqlarini, shu jumladan uning asarlaridan boshqa mamlakatlarda foydalanish huquqlarini olishga;
mualliflarning asarlaridan ularning ruxsati bilan boshqa mamlakatlarda va chet ellik mualliflarning asarlaridan Oʻzbekiston Respublikasida foydalanish uchun chet el jismoniy va yuridik shaxslari bilan shartnomalar tuzishda vositachi sifatida ishtirok etishga;
noshirlik faoliyati sohasidagi milliy va xalqaro tanlovlarda, koʻrgazmalarda, yarmarkalarda ishtirok etishga;
noshirlik mahsulotini tayyorlovchi va tarqatuvchi sifatida ish yuritishga haqli.
Nashriyot qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Nashriyot:
nashrlarni noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlarga (milliy standartlarga) muvofiq bezashi;
mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar), noshirlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi;
chop etilgan nashrlar haqidagi axborotni vakolatli davlat organiga taqdim etishi shart.
Nashriyotning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
