Toshkent shahrida Italiyaning Piza universiteti filialini tashkil etish toʻgʻrisida (710-son)
24.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Geologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, oʻqitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, geologiya sohasida umumeʼtirof etilgan xalqaro talab va taʼlim standartlari darajasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek ilgʻor jahon taʼlim standartlariga muvofiq oliy maʼlumotli yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Geologiya fanlari universiteti va Italiyaning Piza universiteti oʻrtasida 2021-yil 21-iyulda Toshkent shahrida Piza universitetining filialini tashkil etish boʻyicha bitim imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Toshkent shahrida Italiyaning Piza universiteti filialini (keyingi oʻrinlarda — Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
geologiya sohasining tarmoqlari uchun zamonaviy talablar asosida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
taʼlim, ilm-fan hamda ishlab chiqarishning uzluksizligi va izchilligi tamoyillari, shuningdek, jahonning nufuzli oʻquv-ilmiy markazlari bilan uygʻun integratsiyalashuv asosida mutaxassislarni, ilmiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini yuksaltirish;
zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga ilgʻor va masofaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni va koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan amaliyotchilarni jalb etish;
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, biznes-hamjamiyatlar va xalqaro geologiya jamiyatlari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish hamda mustahkamlash;
ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning professional mahorati darajasi va sifatini uzluksiz oshirib borish, xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirishini va stajirovka oʻtashini taʼminlash;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Filial yuridik shaxs — oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda undagi taʼlim jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablari inobatga olingan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda Italiyaning Piza universiteti tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va fan dasturlariga muvofiq kunduzgi taʼlim shaklida oʻzbek, ingliz va rus tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Filial kadrlarga boʻlgan ehtiyoj asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;
Geologiya fanlari universiteti 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Filialda oʻquv jarayonini samarali tashkil etish va oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida oʻziga tegishli boʻlgan binolardan Filial xodimlari, oʻqituvchilari va talabalari uchun kerakli oʻquv va yotoqxona joylarini ajratishni, ularni zarur oʻquv-laboratoriya uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlashni hamda laboratoriyalari va kutubxona fondlaridan bepul foydalanishni taʼminlaydi;
Filialga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan belgilangan tartibda litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga 2022/2023 oʻquv yilidan ruxsat beriladi;
Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish Italiyaning Piza universiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Filial tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filialda taʼlim jarayoni raqamli texnologiyalar asosida individuallashtirish, vebinar va “onlayn” texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etgan holda tashkil etiladi;
Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi Italiyaning Piza universiteti diplomi beriladi.
5. Italiyaning Piza universiteti:
oʻquv jarayoniga ilgʻor pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga;
Filial professor-oʻqituvchilari, mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlashga;
Filialni oʻquv rejadagi ixtisoslik fanlari boʻyicha xorijiy professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlashga;
Filialning kutubxona fondini shakllantirish hamda uni zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan toʻldirishga koʻmaklashishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Quyidagilar:
Toshkent shahridagi Italiyaning Piza universiteti filiali vasiylik kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent shahridagi Italiyaning Piza universiteti filialini tashkil etish boʻyicha ishchi guruh tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Quyidagilar Filial vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Filial faoliyatining tashkil etilishini taʼminlash, uning toʻlaqonli faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy, moliyaviy, huquqiy, iqtisodiy, oʻquv-metodik, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etish;
Filial faoliyatini tashkil etish yuzasidan Italiyaning Piza universiteti rahbariyati bilan muzokaralar olib borish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish;
zarur loyiha, qurilish-montaj va taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish, Filialni jihozlash, infratuzilmasini yaratish, moddiy-texnik taʼminlashga doir jadvallarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
Filial faoliyatining izchil rivojlanishini taʼminlash maqsadida jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, texnik koʻmak mablagʻlarini, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarni jalb etish;
taʼlim jarayonini, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish va takomillashtirish, bakalavr va magistrlar tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish, Filial bitiruvchilarini ishga joylashtirish, mehnat bozorining istiqbolli rivojlanishini hisobga olgan holda, mutaxassislar va ilmiy-texnik kadrlar tayyorlashning zarur yoʻnalishlarini belgilashda koʻmaklashish;
Filial faoliyatini tashkil etish boʻyicha belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam nazorat qilish va bitiruvchilarini ishga joylashtirish.
8. Ishchi guruh (B. Islamov):
2022-yil 1-iyunga qadar Filialga Geologiya fanlari universiteti tomonidan taqdim etilayotgan bino va inshootlar, oʻquv-laboratoriya korpusi va sport inshootlarining qurilishi, shuningdek Filial talabalari va oʻqituvchilari turar joylari tayyorlanishini;
2022-yil 1-avgustga qadar Filial Geologiya fanlari universitetiga joylashtirilishi, Filialga taqdim etilayotgan bino va inshootlarning zamonaviy oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter, tashkiliy texnika, adabiyotlar va kutubxona fondi, inventar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlanishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:
a) uch oy muddatda:
Italiyaning Piza universiteti bilan kelishgan holda Filial ustavi ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan normativlar va ilgʻor xalqaro tajribani oʻzida mujassamlashtirgan Filialning tuzilmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
b) 2022-yil 1-avgustga qadar Italiyaning Piza universiteti bilan birgalikda Filial professor-oʻqituvchilarining tarkibi yuqori malakali, jumladan, xorijiy kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
10. Belgilansinki:
a) Filialga qabul parametrlari Italiyaning Piza universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan hamda manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini inobatga olgan holda, Filialning vasiylik kengashi qaroriga binoan tasdiqlanadi;
b) Filial faoliyatini moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga (Filialga taʼlim olish uchun qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq boʻlmagan holda) Filial talabalarini davlat granti asosida oʻqitish uchun ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida talabalarni oʻqitishdan tushgan mablagʻlar;
Filial tomonidan shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Filial Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlar, shu jumladan, xorijiy hamkorlar mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
v) Filialning oʻquv jarayoniga xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlaridan jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qarorining 4-bandiga muvofiq hamda Italiyaning Piza universiteti bilan oʻzaro kelishuvda keltirilgan miqdorda amalga oshiriladi.
11. Filialga:
kadrlarga boʻlgan real ehtiyoj va respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbolidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga;
professor-oʻqituvchilar, shuningdek pedagogik va ilmiy faoliyat olib borishga jalb etiladigan boshqa shaxslarning mehnati, yashashi hamda transport xarajatlari uchun ularga belgilangan tariflar boʻyicha toʻlovni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
12. Filial Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Olimlar koʻchasi 64-uy manzilida joylashgan Geologiya fanlari universitetining “A” blokiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi hamda Filialning buyurtmanomalariga koʻra mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va boshqaruv xodimlari, shuningdek ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi B.F. Islamov hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-noyabr,
710-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 710-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent shahridagi Italiyaning Piza universiteti filiali vasiylik kengashi
TARKIBI
1. S.U. Umurzakov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, Vasiylik kengashi raisi 2. B.F. Islamov — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi — Geologiya fanlari universiteti rektori, Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari 3. A.X. Toshqulov — Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri 4. A.S. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri 5. B.K. Abdinazarov — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari 6. F. Marchelloni — Italiyaning Piza universiteti prorektori (kelishuv asosida) 7. O.X. Akbarov — Oʻzbekiston Respublikasining Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi 8. Q.S. Sanaqulov — “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi 9. A.X. Xursanov — “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi 10. M.R. Abdullayev — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi 11. R.X. Pirmatov — “Oʻzmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi 12. Lavozimiga koʻra — Italiyaning Piza universiteti Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori, Vasiylik kengashi kotibi
Izoh. Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 710-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent shahridagi Italiyaning Piza universiteti filialini tashkil etish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
1. B.F. Islamov — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisi — Geologiya fanlari universiteti rektori, Ishchi guruh rahbari 2. Lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari, Ishchi guruh rahbari oʻrinbosari 3. U.N. Tashkenbayev — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi 4. F.N. Arziyev — Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari 5. O.Sh. Qodirov — Geologiya fanlari universiteti Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi 6. Lavozimiga koʻra — Italiyaning Piza universitetining Toshkent shahridagi filiali ijrochi direktori, Ishchi guruh kotibi
Izoh. Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
