54-modda. Qoʻpol qoidabuzarlik
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-730-son) · Sana: 23.11.2021 · Amalda
Litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos boʻladigan litsenziya talablari va shartlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishi jumlasiga quyidagilar kiradi:
a) sugʻurtalovchilar (qayta sugʻurtalovchilar) uchun:
litsenziat uchun qonunchilikda taqiqlangan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish;
sugʻurta polislarini qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirmaslik;
sugʻurta faoliyatini amalga oshirish chogʻida olingan maxfiy axborotni sugʻurta qildiruvchining ruxsatisiz oshkor qilish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
b) sugʻurta brokerlari uchun:
mijoz uchun manfaatli emasligi oldindan maʼlum boʻlgan sugʻurta shartnomasini tuzish va bajarish;
sugʻurta boʻyicha vositachilik faoliyatini amalga oshirish chogʻida olingan maxfiy axborotni mijozning ruxsatisiz oshkor qilish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
