Harbiy tarixni oʻrganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (692-son)
17.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Milliy davlatchiligimiz vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlar shon-shuhratini tarixiy dalillar asosida zamondoshlar ongi-xotirasida mustahkamlash va imkon qadar keng ommaga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish, ularning dunyoqarashlari, qalblarida milliy qadriyatlar ruhi, millat tamadduniga daxldorlik, ona Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʻusini har tomonlama kuchaytirish, buyuk sarkardalarimiz meros qilib qoldirgan boy jang sanʼati sirlarini oʻrganish, bu borada ilmiy-ommabop, badiiy, oʻquv-uslubiy adabiyotlarni, shu jumladan multimedia imkoniyatlaridan foydalangan holda tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti muassisligida:
“Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati — muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotini (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) tashkil etish;
“Ajdodlar izidan” ilmiy-ommabop jurnalini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Jamiyatni boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri raislik qiladigan Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi;
Kuzatuv kengashi va Jamiyat aʼzolari faoliyatlarini jamoatchilik asosida olib boradi;
Kuzatuv kengashi yigʻilishlari, qoida tariqasida, har yili kamida ikki marotaba oʻtkaziladi;
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti rahbari — Kuzatuv kengashi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri, Davlat xavfsizlik xizmati raisi, Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, madaniyat vaziri va Fanlar akademiyasi prezidenti Kuzatuv kengashining doimiy aʼzolari hisoblanadi, shuningdek, fan, taʼlim, tarix, harbiy sohada ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan fuqarolar, shu jumladan, harbiy pensionerlar ixtiyoriy asosda Kuzatuv kengashining aʼzolari boʻlishi mumkin.
3. Jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilanganligi inobatga olinsin:
maxsus tuzilgan qidiruv guruhlari va ekspeditsiyalarining saʼy-harakatlari bilan qadim oʻtmishda, oʻrta asrlarda, yaqin tarixda Oʻzbekiston hududida, shuningdek, uning chegaralari tashqarisida boʻlib oʻtgan harbiy-tarixiy ahamiyatga ega tarixiy hujjatlar va voqealar tavsif-bayonini toʻplash ishlarini tashkillashtirish va amalga oshirish;
ushbu hududda yashagan, millat ozodligi va mustaqilligi uchun bosqinchilarga qarshi kurashib, qahramonlik koʻrsatgan harbiy sarkardalar, rahbarlar, qabila va xalq yetakchilari, yoʻlboshchilarining faoliyatini oʻrganish;
belgilangan tartibda yurtimizdagi muzey, kutubxona va arxivlarda, shu jumladan, xorijiy davlatlardagi shu kabi muassasalarda ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini olib borish;
taniqli olimlar, tarixchilar, arxeologlar, mutaxassislarni jalb qilgan holda yigʻilgan maʼlumotlarni tizimlashtirish;
harbiy yurishlar, milliy ozodlik uchun olib borilgan kurash jarayonlarining ishtirokchilari va ularning yoʻlboshchilari tomonidan qoʻllanilgan strategiya va jang qilish usullarini matnli hamda grafik tavsiflarda aks ettirgan tarzda Oʻzbekiston tarixida yuz bergan harbiy- tarixiy voqealar xaritasini tuzish;
Oʻzbekistonda yuz bergan harbiy-tarixiy voqealar xaritasi asosida hududlarda davlat va nodavlat tashkilotlari hamda koʻngillilarni jalb qilgan holda harbiy-tarixiy madaniy meros obyektlarini oʻrganishni tashkillashtirish, kelgusida xorijlik mehmonlar, mahalliy aholi, ayniqsa, maktab oʻquvchilari va talabalar uchun ekskursiyalar uyushtirish maqsadida tarixiy voqealar lavhalari aks ettirilgan yodgorlik, yodgorliklar va muzey majmualari loyihalarini tuzishda koʻmaklashish.
4. “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar:
a) Jamiyat faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyatini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tuzilishi;
b) Jamgʻarma quyidagi manbalar hisobidan shakllantirilishi:
har yili 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasi va Madaniyat vazirligining har biri tomonidan budjet, budjetdan tashqari mablagʻlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 500 barobari ekvivalenti miqdorida ajratiladigan mablagʻlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar harbiy-maʼmuriy sektorlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilgan homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
v) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Jamiyat Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanishi;
g) Jamiyat faoliyatida boshqa davlat va nodavlat tashkilotlarining yuqori ilmiy salohiyatga ega mutaxassislari ham ishtirok etishi mumkinligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekistonning harbiy tarixini ommalashtirish, vatanparvarlikni targʻib etish, harbiy xizmat nufuzini oshirish maqsadida muzeylarda harbiy tarix mavzularini keng yoritish, shuningdek, teatrlarda spektakl va sahna asarlarini yaratish va muntazam ravishda namoyish etish ishlarini yoʻlga qoʻysin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Fanlar akademiyasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan muntazam ravishda tarixiy, harbiy-vatanparvarlik mavzulariga oid badiiy, ilmiy-ommabop nashrlarning chop etilishiga koʻmaklashish tavsiya etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi yoshlar va harbiy xizmatchilarda vatanparvarlik, sadoqat hamda fidoyilik tuygʻularini shakllantirishga qaratilgan, shonli tariximiz, buyuk sarkardalarimizning tarjimai holi, mardonavor kurashlari, harbiy sanʼati, sarkardalik mahorati, qahramonliklarini aks ettiruvchi badiiy va hujjatli filmlar, seriallar, multfilmlar yaratsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Jamiyatning 2022-yildan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida loyihalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilishini va ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq tanlovlar asosida Jamiyat ilmiy loyihalarini moliyalashtirishga belgilangan tartibda mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Jamiyatning harbiy tarix boʻyicha ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini tashkillashtirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ilmiy hamkorlik oʻrnatish va uni rivojlantirishda amaliy yordam koʻrsatsin;
Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan oʻzbekistonlik askarlarning xorijiy davlatlar hududidagi qabrlari va ularning holati haqida maʼlumotlarni shakllantirsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi uch oy muddatda Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan oʻzbekistonlik askarlarning xorijiy davlatlar hududidagi qabrlarini vatandoshlarimiz ziyorat qilishlarini nazarda tutgan holda sayyohlik yoʻnalishlarini (marshrutlarini) ishlab chiqish choralarini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki yil muddatda tarixiy hamda rasmiy hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasining harbiy tarixi ensiklopediyasini nashrga tayyorlash choralarini koʻrsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan harbiy-tarixiy madaniy meros obyektlarini saqlash, tiklash borasida, tarixiy tadqiqotlarni rivojlantirishda, aholini, ayniqsa, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarda Jamiyat faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlasin.
14. Qashqadaryo viloyati hokimligi Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻida joylashgan “Vatan mudofaasi tarixi” muzeyi ekspozitsiyasini “Amir Temur va Toʻxtamishxon jangi” panoramasi tarzida qurish ishlarini 2022-yil 1-mayga qadar yakunlasin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Kurbanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-noyabr,
692-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-noyabrdagi 692-son qaroriga ILOVA
“Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati faoliyatini tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
T/r Chora-tadbirlar nomi Amalga oshirish shakli Ijro muddati Moliyalashtirish manbai Masʼullar 1. “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyat toʻgʻrisida”gi Nizomni ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash. Nizom loyihasi 2022-yil fevral Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi 2. Harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari rahbarligida Qurolli Kuchlarning nufuzli faxriylari, olimlar, tadqiqotchilar, madaniyat va sanʼat xodimlari, boshqa jamoat arboblari, shuningdek, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining vakillari, yoshlar tashkilotlari faollari va koʻngillilarni jalb qilgan holda “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyatining hududiy boʻlimlarini tashkil etish. Hududiy ishchi guruhlarni tashkil etish 2022-yil fevral Mudofaa vazirligi, Harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hududiy boshqarmalari boshliqlari. 3. Axborot-qidiruv ishlarini taʼminlash uchun “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyatining veb-saytini yaratish. Amaliy chora-tadbirlar 2022-yil aprel Har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Fanlar akademiyasi 4. Xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻida joylashgan “Vatan mudofaasi tarixi” muzeyi zamonaviy panorama uslubida muzey ekspozitsiyasini barpo qilish va foydalanish uchun topshirish. Amaliy chora-tadbirlar 2022-yil may Qashqadaryo viloyati hokimligi mahalliy budjetlari hisobidan Qashqadaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi 5. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Ulugʻ saltanat” roman-epopeyasi asosida rejissor Hilol Nasimov bilan birgalikda yozilgan “Buyuk Amir Temur” ssenariysi asosida Shahrisabz Davlat muzeyi qoʻriqxonasi bosh direktori tarix fanlari nomzodi Nabi Olimovich Xushvakov, rejissor Sergey Valentinovich Rusakov va Rossiya yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Dimitriy Valentinovich Agalakovlar tomonidan yozilgan “Kesh sheri” nomli badiiy film ssenariysi, Temurshunos olim va publitsist yozuvchi Jumaboy Raximovning “Adolat va qudrat timsoli”, “Jaloliddin Manguberdi Vatanning sheryurak bahodiri”, “Koinotga talpingan hukmdor”, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi ilmiy-ommabop kitob-albomlari oʻrganib chiqilib qoʻshma loyiha asosida “Vatan” kinostudiyasi bazasida koʻp qismli tarixiy kinoepopeya (kinoserial)ni yaratish. Amaliy chora-tadbirlar 2022-yildan rejaga koʻra Har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan Kinematografiya agentligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi 6. Harbiy tarixiy voqealar yuz bergan joylarda, ushbu tarixiy voqea sodir boʻlgan sanalarda yoshlar jamoat tashkilotlari, harbiy xizmatchilar, mahalliy aholi va koʻngillilarni jalb qilgan holda tarixiy voqelikni qayta tiklash maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, festivallar, koʻrgazmalar tashkil qilish ishlarini amalga oshirish. Amaliy chora-tadbirlar 2022-yildan rejaga koʻra Har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Kinematografiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi 7. Rossiyaning Samara viloyatidagi Kodurcha vohasida mahalliy oʻlkashunoslar tomonidan buyuk harbiy sarkarda Amir Temurga bagʻishlab oʻrnatilgan yodgorlik toshi oʻrnida Amir Temur va uning harbiy sarkardalari ifodalangan kompozitsion haykal oʻrnatish boʻyicha koʻrik-tanlov eʼlon qilish hamda tanlov natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan haykal majmuasini oʻrnatish yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligi bilan memorandum tuzish ishlarini olib borish, Oʻzbekiston Respublikasi jangovar ordeni sohiblari tugʻilib oʻsgan yoki istiqomat qilayotgan joylarda mahalliy koʻngillilar tomonidan esdalik lavhalari, yodgorlik toshlarini oʻrnatish. Amaliy chora-tadbirlar 2021 — 2023-yillar Har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Kinematografiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi 8. Oʻzbekistonning harbiy tarixiga oid milliy davlatchiligimiz vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlar, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimizning harbiy salohiyati hamda jang qilish sanʼatini hikoya qiluvchi asarlar, hikoyalar, maqolalarni “Ajdodlar izidan” ilmiy-ommabop jurnalida muntazam chop etib borish. Amaliy chora-tadbirlar doimo Har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, budjetdan tashqari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati 9. Amir Temur izidan, Jaloliddin izidan, Bobur izidan kabi mavzularda xalqaro ilmiy, maʼrifiy ekspeditsiyalar tashkil etish, xorijiy davlatlarda saqlanib qolgan geografik va tarixiy hududlarda esdalik toshlari, yodgorliklar va haykallar yaratish borasida takliflarni ishlab chiqish, turistik sayyohlik marshrutlarini ishlab chiqish. Amaliy chora-tadbirlar doimo Har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya. Kinematografiya agentligi, Tashki ishlar vazirligi
