Buxoro viloyatida Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (685-son)
16.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Maqom sanʼatida yosh ijrochilarning mahorati, isteʼdodi va qobiliyatini namoyon etish, yangi isteʼdodlarni kashf etish, iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish, oʻziga xos ijod maktablarini yaratgan maqom sanʼati ustozlari tajribasini ommalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Buxoro viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba may oyida Buxoro shahrida Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalini (keyingi oʻrinlarda — Festival) tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Festivalni har ikki yilda bir marotaba may oyida Buxoro shahrida Buxoro viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tomonidan tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlarini belgilash, shu jumladan, unda 30 yoshgacha boʻlgan yakka ijrochilar hamda ijodiy jamoalar (xonanda va sozandalar soni 15 nafardan oshmagan holda) tomonidan Festival dasturining 2 ta shartini (cholgʻu va ashula yoʻnalishlari) bajarishni nazarda tutish;
Festival ishtirokchilarini 9 — 11 nafar yetakchi mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladigan Hakamlar hayʼati har bir aʼzosi tomonidan alohida tarzda 10 ballik tizim boʻyicha baholash va gʻoliblarni aniqlash mezonlari;
Festivalni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish tartibi hamda moliyalashtirish manbalarini belgilash.
4. Tashkiliy qoʻmita:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2022-yilda Festivalni tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha barcha tashkiliy va ijodiy ishlarni muvofiqlashtirish;
Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar smetasini shakllantirish hamda tasdiqlash;
Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat, statuetka namunalarini tasdiqlash;
Festivalni zamonaviy texnologiyalardan keng foydalangan holda yuqori badiiy saviyada oʻtkazish ishlarini amalga oshirsin.
5. Buxoro viloyati hokimligi:
bir oy muddatda Festivalni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlab, unda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlasin;
Buxoro shahrida keng koʻlamdagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirsin, Festival oʻtkaziladigan joylarni talab darajasida tayyorlasin;
Festival ishtirokchilari uchun madaniy dasturlar hamda Buxoro shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlarni tashkil etsin;
Festival oʻtkaziladigan yilning 1-fevraliga qadar tajribali rejissor, taniqli sanʼatkor, prodyuser, kompozitor, shoir va sohaning boshqa malakali mutaxassislarini jalb etgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi hamda badiiy dasturlarini tayyorlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Festivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hamda Buxoro viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan teng ulushlarda, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Festivalni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov va Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-noyabr,
685-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-noyabrdagi 685-son qaroriga 1-ILOVA
Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
1. B. Zaripov — Buxoro viloyati hokimi, Tashkiliy qoʻmita raisi 2. B. Axmedov — madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari 3. A. Saʼdullayev — Yoshlar ishlari agentligi d�rektori 4. A. Nuriddinov — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi 5. K. Karimov — oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari 6. U. Sharifxodjayev — xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari 7. A. Inoyatov — sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari 8. Sh. Sobirov — ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari 9. S. Begmatov — Respublika maqom sanʼati markazi rahbari 10. A. Xadjayev — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi 11. M. Xamrayev — Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari 12. B. Adilov — Buxoro viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshligʻi 13. Lavozimiga koʻra — Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshligʻi, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-noyabrdagi 685-son qaroriga 2-ILOVA
Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivali (keyingi oʻrinlarda — Festival)ni tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Festival 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba may oyida Buxoro shahrida oʻtkaziladi.
Bunda uning aniq muddati Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tomonidan Festival boshlanishidan 30 kun oldin ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
3. Festival Buxoro viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi (keyingi oʻrinlarda — tashkilotchilar) tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
4. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish Tashkiliy qoʻmita tomonidan muvofiqlashtiriladi.
2-bob. Festivalning asosiy vazifalari
5. Festivalning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻzbek musiqa ijrochiligi madaniyatini yanada yuksak darajaga koʻtarish, milliy maqom sanʼatini dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni kashf etish, ragʻbatlantirish va ularning ijodini targʻib etish;
yosh maqom ijrochilarining isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyon etish, ularning ijrochilik koʻnikmalarini yanada rivojlantirish;
yoshlar orasida maqom sanʼatiga boʻlgan qiziqishni oshirish;
“Shashmaqom” sanʼatining tarixiy anʼanalarini asrash va targʻib etish, keng ommalashtirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga yetkazish;
oʻzbek milliy maqom sanʼatining nufuzini yanada oshirish hamda dunyo sahnalariga olib chiqish va targʻib etish;
yoshlarning oʻzbek milliy maqom sanʼatiga qiziqishini oshirish, oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarni yangi bosqichga koʻtarish, uning “Oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targʻib qilish;
qadim Buxoroning turizm yoʻnalishidagi salohiyatini namoyish etish, xizmatlar koʻlamini kengaytirish, sayyohlar oqimini oshirish;
oʻzbek xalqining madaniyatini, xususan, betakror maqom sanʼatini, shu jumladan, Festival doirasida hunarmandchilik koʻrgazmalari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, qadriyatlar va anʼanalarni keng targʻib etish;
“Shashmaqom” sanʼati bilan xalqimizning boy tafakkuri va ezgu intilishlari natijasida bunyod etilgan va etilayotgan maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash;
oʻziga xos maktablarini yaratgan maqom sanʼati ustozlari tajribasini ommalashtirish, “Ustoz-shogird” anʼanalarini qoʻllab-quvvatlash va keng yoyish;
“Shashmaqom” asarlari orqali millatlararo doʻstlik, totuvlik va hamjihatlik gʻoyalarini ilgari surish va tarannum etish.
3-bob. Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlari
6. Festival ijro dasturi asosida mazkur Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq oʻtkaziladi.
7. Tashkilotchilar tomonidan Festivalning ijro dasturi va tanlovda ijro etiladigan asarlar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda — dastur va asarlar roʻyxati) tasdiqlanadi hamda Festivalni oʻtkazishning aniq muddati bilan birga Festival boshlanishidan uch oy oldin ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi dastur va asarlar roʻyxatini ular tasdiqlangandan keyin besh kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga yetkazadi.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi dastur va asarlar roʻyxatini ular olingandan keyin uch kun muddatda ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, badiiy va ijodiy jamoalarga yetkazadi.
10. Har bir ishtirokchi quyidagilarni Festival oʻtkazilishidan 30 kun oldin Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etadi:
ishtirokchining maʼlumotnomasi;
ijro dasturi va matni;
audio va video disk.
11. Festivalda:
30 yoshgacha boʻlgan yakka ijrochilar hamda ijodiy jamoalar (xonanda va sozandalar soni 15 nafardan oshmagan holda) chiqishlari namoyish etiladi;
ijro asarlari chiroyli va mazmunli chiqishi uchun raqslardan ham foydalanish (bunda raqslar Hakamlar hayʼati tomonidan baholanmaydi) mumkin;
barcha ijro etiladigan asarlar yoddan ijro etiladi;
jamoalarning ijrolari faqat maqom asarlaridan iborat boʻlishi (oʻzbek xalq qoʻshiqlari ijrosiga yoʻl qoʻyilmaydi) shart.
12. Festivalning dasturi quyidagicha belgilanadi:
a) birinchi shart: “Mushkilot” (cholgʻu yoʻnalishi).
cholgʻuchilar ansambli tasnif, tarje, gardun, samoyi dugoh, xafif, nagʻmai oraz, peshravi dugoh, muxammas va saqillardan iborat asarlarni ijro etishi shart;
b) ikkinchi shart: “Nasr” (ashula yoʻnalishi).
har bir jamoa tomonidan bittadan maqomning “Nasr” (ashula qismi) yoʻnalishlaridan saraxborlar va uning taronalari, talqin va taronalari (uzzol, ushshoq, bayot, chorgoh va segoh), nasrlar: nasrulloyi taronalari, nasri uzzol, nasri ushshoq, navroʻzi sabo va talqinchasi, orazi navo va taronasi, husayniy navo, nasri bayot va taronasi, orazi dugoh, navroʻzi xoro taronalari bilan, navroʻzi ajam taronalari, muxayyari iroq, chambari iroq, ufari iroq, mugʻulchalar, savtlar, mustahzodi navo, iroqi Buxoro, saraxbor va ufari oromijon, roq va hokazo maqom ashulalaridan iborat asarlarni ijro etish shart.
13. Festival ishtirokchilari “Shashmaqom” ijro yoʻllaridan 2 ta asarni ijro etadi. Bunda ijro vaqti 15 daqiqadan oshmasligi kerak.
14. Festival doirasida “Shashmaqomning buguni yoshlar nigohida va kelajak istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy seminar, maqom ustozlari ishtirokida “mahorat darslari” tashkil etiladi.
15. Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilari maʼruzasining toʻla matni 3-4 betdan va tezislar 300 soʻzdan kam boʻlmasligi hamda ijro dasturi 15 daqiqadan oshmasligi lozim.
16. Ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etuvchilarning roʻyxati seminarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tomonidan aniqlanib, anjuman oʻtkazilishidan 10 kun oldin ishtirokchilarga maʼlum qilinadi.
17. Ilmiy-amaliy seminarning ishchi tillari etib oʻzbek, ingliz va rus tillari belgilanadi.
4-bob. Festival ishtirokchilarini baholash va gʻoliblarni taqdirlash
18. Tashkiliy qoʻmita tomonidan 9 — 11 nafar yetakchi mutaxassislardan iborat Hakamlar hayʼati tarkibi va Hayʼat reglamenti tasdiqlanadi.
19. Festival doirasidagi tanlov bir bosqichdan iborat boʻladi.
20. Tanlov ishtirokchilarining ijro mahorati Hakamlar hayʼatining har bir aʼzosi tomonidan alohida tarzda 10 ballik tizim boʻyicha baholanadi va gʻoliblar aniqlanadi.
21. Ishtirokchilarni baholashda Hakamlar hayʼati tomonidan quyidagi mezonlar inobatga olinadi:
asar janri;
ijro mahorati;
sahna madaniyati;
sahna libosi;
asarning badiiy saviyasi.
22. Ishtirokchilarni baholashda Hakamlar hayʼati mustaqil hisoblanadi.
23. Tanlovning yakuniy natijalari Hakamlar hayʼatining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
24. Festival gʻoliblari Tashkiliy qoʻmitaning 1, 2 va 3-darajali diplomlari, qimmatbaho sovgʻalar, shuningdek, homiylar va tegishli tashkilotlarning faxriy yorliqlari hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.
25. Festival gʻoliblari respublika miqyosida oʻtkaziladigan tadbirlarda hamda xalqaro festivallarda, ommaviy axborot vositalarida oʻz dasturlari bilan qatnashishlari uchun tavsiya etiladi.
5-bob. Festivalni tashkil etish va oʻtkazishni moliyalashtirish
26. Hakamlar hayʼati aʼzolarining Buxoro viloyatiga kelib-ketishi, mehmonxona va ovqatlanishi bilan bogʻliq xarajatlar Festival smetasi doirasida qoplanadi.
27. Festival ishtirokchilarining uni oʻtkazish belgilangan hududga kelib-ketishi, mehmonxona va ovqatlanishi bilan bogʻliq xarajatlar ularni Festivalda ishtirok etishga yuborgan tashkilot tomonidan oʻz mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
28. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hamda Buxoro viloyati mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan teng ulushlarda hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
6-bob. Tashkilotchilarning huquqlari
29. Tashkilotchilar:
Festival qatnashchilarining ijrolarini efirga uzatish;
Festivalni oʻtkazish davomida va uning yakuni boʻyicha tayyorlangan barcha turdagi audio, video, bosma va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish va tarqatish;
Festivalga jahondagi yetakchi prodyuser va menejerlarni taklif etish huquqiga egadir.
Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Amalga oshiriladigan ishlar Bajarish muddati 1-bosqich Tashkiliy qoʻmita Tanlov oʻtkaziladigan aniq muddatni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi Festival boshlanishidan uch oy oldin Tashkilotchilar Festivalning ijro dasturi va unda ijro etiladigan asarlar roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda — roʻyxat) tasdiqlaydi 2-bosqich Madaniyat vazirligi Roʻyxatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga yetkazadi Festivalning ijro dasturi va tanlovda ijro etiladigan asarlar roʻyxati tasdiqlangandan soʻng besh kun muddatda 3-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari hamda Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi Roʻyxatni ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlar, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari, badiiy va ijodiy jamoalarga yetkazadi Festivalning ijro dasturi va tanlovda ijro etiladigan asarlar roʻyxati olingandan keyin uch kun muddatda 4-bosqich Festival ishtirokchilari Festivalda qatnashish uchun zarur hujjatlarni Tashkiliy qoʻmitaga taqdim qiladi Festival boshlanishidan 30 kun oldin 5-bosqich Tashkilotchilar, Tashkiliy qoʻmita Festivalni oʻtkazadi Festival oʻtkaziladigan yilning may oyida 6-bosqich Tashkilotchilar, Tashkiliy qoʻmita Festival gʻoliblarini taqdirlaydi Festival yakuni boʻyicha
