“Section 416 (b)” dasturi boʻyicha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitimni amalga oshirish chora-tadbirlari haqida (417-son)
03.12.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 4-apreldagi 116-son qarori bilan tasdiqlangan tadbirlar doirasida “Section 416 (b)” dasturi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga berilgan AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi grantining samarali oʻzlashtirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida “Section 416 (b)” dasturi boʻyicha begʻaraz asosda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish toʻgʻrisida bitim imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin, bitimga muvofiq AQSH Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 56 ming tonna soya, 30 ming tonna bugʻdoy va 5 ming tonna quruq sut yetkazib beriladi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, koʻrsatib oʻtilgan hukumatlararo bitim qoidalariga muvofiq:
56 ming tonna soya va 30 ming tonna bugʻdoy ichki bozorda ochiq tanlov savdolari (tender) oʻtkazish yoʻli bilan sotiladi, ularni sotishdan olingan mablagʻlar xususiy sektorni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga doir samarali loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni mablagʻ bilan taʼminlashga yoʻnaltiriladi;
4500 tonna quruq sut qayta ishlashga va tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi, keyinchalik ular Oʻzbekiston Respublikasi mintaqalaridagi maktab-internatlar, bolalar uylari, tibbiy va ijtimoiy muassasalar oʻrtasida taqsimlanadi;
500 tonna quruq sut boshlangʻich sinflar oʻquvchilarini qoʻshimcha ovqat bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish uchun Amerikaning “Lend OLeyks” nohukumat tashkilotiga beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasiga barcha zarur tovar joʻnatish, tovar va transport hujjatlarini, shu jumladan Bugʻdoyni tekshirish federal xizmatining sifat sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun “Section 416 (b)” dasturi boʻyicha yuk joʻnatuvchi vazifasi yuklansin.
4. “Section 416 (b)” dasturi doirasida tovarlarning oʻz vaqtida yetkazib berilishi uchun soya boʻyicha “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi, bugʻdoy boʻyicha “Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi, quruq sut boʻyicha — “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi masʼul etib belgilansin.
“Section 416 (b)” dasturi doirasida tovarlar yetkazib berish uchun masʼul boʻlgan mazkur idoralar yuklarning tashishning butun yoʻnalishi boʻyicha mumkin boʻlgan xavflardan oʻz vaqtida sugʻurta qilinishini taʼminlasinlar.
“Oʻztashqitrans” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining “UVT Insuranse” SK shuʼba korxonasi “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi, “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi va “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi bilan yuklarni tashishni sugʻurta qilish yuzasidan shartnomalar tuzsin.
5. “Section 416 (b)” dasturi boʻyicha yetkazib beriladigan soya va bugʻdoyni sotishga doir tender komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
Tender komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligining “Oʻztenderkonsalting” agentligi bilan birgalikda 2002-yil dekabr, 2003-yil yanvarda “Section 416 (b)” dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasiga keltiriladigan soya dukkaklari va bugʻdoyni sotish boʻyicha tanlov savdolari (tender) oʻtkazsin, ularda kichik va oʻrta korxonalarning qatnashishini nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
tanlov savdolari (tender)ga qoʻyiladigan soya va bugʻdoyning boshlangʻich narxlarini yukni sugʻurta qilish va joylash joylariga yetkazib berish boʻyicha amaldagi xarajatlarni hisobga olgan holda belgilasin;
“Section 416 (b)” dasturi doirasida keltiriladigan soya va bugʻdoyni sotishdan tushadigan mablagʻlarni, ulardan “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi va “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasining yukni sugʻurta qilish boʻyicha amaldagi chiqimlarini chegirgan holda jamlash uchun maxsus hisob raqami ochsin.
7. Soya va bugʻdoyni tender asosida sotishdan olinadigan mablagʻlardan fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish hamda qishloq xoʻjaligini isloh qilishga doir tadbirlar va loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlashda samarali foydalanilishini taʼminlash uchun Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma ishchi guruhi tuzilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Qoʻshma ishchi guruhning Oʻzbekiston tomonidan vakillari tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qoʻshma ishchi guruh qarorlariga muvofiq, “Section 416(b)” dasturi boʻyicha olinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishdan milliy valyutada jamlangan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi viloyatlar hokimliklari va “Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi bilan birgalikda sut mahsulotlarini respublika mintaqalaridagi maktab-internatlar, bolalar uylari, tibbiy va ijtimoiy muassasalar oʻrtasida taqsimlashning kelishilgan jadvalini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar, ulardan maqsadli foydalanilishini qattiq nazorat qilsinlar.
“Oʻzgoʻshtsutsanoat” davlat uyushmasi quruq sutning qayta ishlanishini, sut mahsulotlari saqlanishini hamda ularning respublika maktab-internatlari, bolalar uylari, tibbiy va ijtimoiy muassasalar oʻrtasida tasdiqlangan jadvallarga muvofiq taqsimlanishini taʼminlasin.
9. “Section 416(b)” dasturi boʻyicha import qilinayotgan tovarlar bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlaridan, shuningdek xorijiy sugʻurta kompaniyalarining daromadlari Oʻzbekiston Respublikasidagi toʻlov manbaida daromad (foyda) soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi “Section 416(b)” dasturi doirasida keltiriladigan yuklarning oʻz vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari E.M.Gʻaniyev va H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 3-dekabr,
417-son
