Orolboʻyi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini tashkil etish toʻgʻrisida (677-son)
12.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-sentabr kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida va fuqarolar ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Orolboʻyi hududi aholisiga kardiologiya va kardioxixurgiya tibbiyot xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Urganch filiali negizida Orolboʻyi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
hudud aholisiga, shu jumladan Orolboʻyi mintaqasidagi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarining tugʻma yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarga oʻz ixtisosligi boʻyicha yuqori texnologiyaga asoslangan malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
oʻz ixtisosligi boʻyicha metodik, texnologik, davolash va profilaktika siyosatini amalga oshirishga hamda klinik protokollarni ishlab chiqishga koʻmaklashish;
oʻz ixtisosligi boʻyicha kasalliklarning oldini olish, ularga tashxis qoʻyish va kasalliklarni davolash boʻyicha ilgʻor usullarni va texnologiyalarni ishlab chiqishga hamda amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish;
oʻz ixtisosligi boʻyicha kasalliklarni davolash va ularga tashxis qoʻyishning patentlangan usullari va texnologiyalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish hamda ularning xalqaro miqyosda eʼtirof etilishiga erishish;
Markaz tibbiyot xodimlarining kasbiy darajasini, shu jumladan mutaxassislarning xorijiy yetakchi tibbiyot taʼlim muassasalarida va klinikalarida oʻz ixtisosligi boʻyicha kasalliklarga tashxis qoʻyish va ularni davolashning zamonaviy usullari boʻyicha stajirovkalarini tashkil etish;
mavjud tibbiyot texnikalari parkining doimiy ravishda yangilab borilishini va modernizatsiya qilinishini taʼminlash, Markazni oʻz ixtisosligi boʻyicha hozirgi zamon xalqaro talablariga mos keladigan yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradigan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash;
Markaz faoliyatini taʼminlash uchun moliyaviy va moddiy-texnik resurslarni jalb qilish boʻyicha menejment hamda marketing ishlarini tashkil etish;
oʻz ixtisosligi boʻyicha respublika maqsadli dasturlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda faol ishtirok etish;
oʻz ixtisosligi boʻyicha yetakchi xalqaro tibbiyot markazlari, klinikalar va yuqori malakali xorijiy mutaxassislarini, konsultatsiyalar va mahorat darslari oʻtkazish uchun respublikaga taklif etish orqali keng hamkorlikni tashkil etish, shuningdek mutaxassislar almashinuvini taʼminlash.
3. Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar;
davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish doirasidagi grantlar;
pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Belgilansinki:
Markaz hudud aholisiga, shu jumladan Orolboʻyi mintaqasidagi hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarining tugʻma yurak nuqsoni bilan tugilgan bolalarga oʻz ixtisosligi boʻyicha yuqori texnologiyaga asoslangan malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatadi;
Markaz tomonidan aholiga koʻrsatiladigan bepul tibbiy yordam Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan respublika tibbiyot muassasalariga ajratiladigan mablagʻlar doirasida qoplanadi;
Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz muhriga, Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga egadir;
Markaz direktori Xorazm viloyati hokimligi bilan kelishilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bir oy muddatda Markaz Ustavi va tuzilmasini tasdiqlasin hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin, shuningdek, Markazni amaliy tajribaga ega boʻlgan malakali kadrlar bilan toʻldirsin.
6. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Markazga tashkiliy-metodik rahbarlik qilish orqali amaliyotga tibbiy yordamning zamonaviy usullari va texnologiyalarini joriy etsin hamda kadrlar malakasini oshirish, sayyor konsultatsiyalar, mahorat darslari tashkil etib, har tomonlama amaliy-uslubiy yordam koʻrsatsin.
7. Orolboʻyi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini jihozlash uchun asbob-uskunalar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5199-son qaroriga muvofiq, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish tartibi Markaz uchun 2022-yil 1-yanvardan boshlab tatbiq etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi Markazni jihozlash uchun 2021-yil respublika budjeti parametrlarida Sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida mazkur qarorning ilovasiga muvofiq mablagʻni ajratilishini taʼminlasin.
Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Markaz uchun jihozlarni xarid qilishga doir ishlarni amalga oshirish boʻyicha Xorazm viloyati hokimligi buyurtmachi etib belgilansin.
Bunda, xaridlar natijasida iqtisod qilingan budjet mablagʻlari Markaz uchun sarflov materiallari hamda reaktivlar xarid qilishga yoʻnaltiriladi.
Xorazm viloyati hokimligi xaridlarni davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
bir oy muddatda Moliya vazirligi bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanadigan kasalliklar roʻyxatini tasdiqlasin;
2021-yil 1-dekabrdan boshlab Markazni Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni elektron axborot tizimi orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yoʻllash tizimiga ulanishini taʼminlasin.
11. Xorazm viloyati hokimligi viloyat mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan:
Markaz ochilishi va ishga tushirilishi bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni hal etishga koʻmaklashsin;
Markazga yetakchi xorijiy hamda mahalliy, shu jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislarini tizimli ravishda jalb qilish choralarini koʻrsin;
jalb etilgan malakali mutaxassislarning yashash, ovqatlanish va boshqa zarur xarajatlarini qoplash choralarini koʻrsin.
12. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Urganch filialiga tegishli Xorazm viloyati, Urganch tumani, Yuqoribogʻ qishlogʻi Bogʻdorchi mahallasi Shifonur koʻchasi 1-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar Markazga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy masalalari boʻyicha oʻrinbosari va sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 12-noyabr,
677-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-noyabrdagi 677-son qaroriga ILOVA
Orolboʻyi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardioxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini jihozlash uchun asbob-uskunalar
ROʻYXATI
AQSh. doll. T/r Asbob uskunalar Son 1 donasi narxi Jami 1. Oʻpkaning sunʼiy ventilatsiyasi qurilmasi 3 29 000 87 000 2. Chaqaloqlar uchun oʻpkaning sunʼiy ventilatsiyasi qurilmasi 1 25 800 25 800 3. Bemorlar transportirovkasi uchun portativ oʻpkaning sunʼiy ventilatsiyasi qurilmasi 1 20 000 20 000 4. Kattalar uchun kardioxirurgik instrumentlar toʻplami, koronar va tomir xirurgiyasi uchun 1 23 800 23 800 5. Kattalar uchun kardioxirurgik instrumentlar toʻplami, orttirilgan tugʻma nuqsonlar xirurgik davosi uchun 1 23 000 23 000 6. Kattalar va bolalar uchun sternotomiya qurilmasi 2 18 500 37 000 7. Yurak ichi tekshiruvlari va kateterlar ablatsiyasini EFI-tizimi (radiochastotali destruktor) 1 220 000 220 000 8. Multispiral kompyuterli tomograf (128 kesim) 1 600 000 600 000 9. Invaziv datchikli xirurgik kardiomonitor 4 2 800 11 200 10. Narkoz va sedatsiya kuchini nazorat qiluvchi monitor 1 15 000 15 000 11. 4 ta bemor uchun markaziy boshqaruvli reanimsion boʻlim uchun monitor 2 75 000 150 000 12. Infuzion nasos (infuzomat) 20 5 000 100 000 13. Defibrillyator (monitor va introkardial qoshiq bilan) 4 8 000 32 000 14. Qondagi gazlar va elektrolitlar avtomatik analizatori 1 10 000 10 000 15. Kaogulometr 1 1 500 1 500 16. Yarim avtomat bioximik analizator 1 2 000 2 000 17. Avtomatik bioximik analizator 1 30 000 30 000 18. Kislorod konsentatorlari 5 2 500 12 500 19. 400 litr hajmli bugʻli sterilizator 1 11 000 11 000 20. Past haroratli plazmali sterilizator 1 35 000 35 000 21. Portativ EXOKG uskuna 1 12 000 12 000 22. Xolter-elektrokardiografiya qurilmasi 10 3 000 30 000 23. Qon bosimini kunlik monitoring qilish tizimi 10 2 000 20 000 24. Diatermik qurilma (koagulyator) 3 3 000 9 000 25. Laboratoriya tsentrifugasi 2 1 250 2 500 26. Floumetr (tomir datchiki bilan) 1 36 000 36 000 27. Bevosita autogemotransfuziya uchun sistema 1 50 000 50 000 28. Bolalar uchun bronxofibroskop 1 10 000 10 000 29. Reanimatsiya boʻlimi uchun bolalar funksional yotogʻi 4 1 500 6 000 30. Stabilizator 2 6 000 12 000 31. Kislorod stansiya 1 50 000 50 000 32. Zarb-toʻlqinli davolash uchun qurilma 1 150 000 150 000 33. Spiroergometriya 1 67 700 67 700 34. Reanimatsiya boʻlimi uchun tibbiy konsol 8 2 500 20 000 35. Veloergometriya 2 15 000 30 000 36. Tredmil test qurilmasi 1 18 000 18 000 37. Dizellik elektr generator 100 — 500 kVA 1 25 000 25 000 38. Umurtqa pogonasiga kompressiya va dekompressiya qilish va vibratsion-issiqlik uskunasi 1 10 000 10 000 39. Portativ EXOKG uskuna 1 12 000 12 000 Jami 104 - 2 005 000
Izoh. Asbob-uskunalar yakuniy narxlari tanlov natijalariga asosan aniqlanadi.
