33-modda. Xususiylashtirish subyektlari boʻlmagan shaxslarda yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqining vujudga kelishi
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-728-son) · Sana: 15.11.2021 · Amalda
Chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, chet ellik yuridik shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, agar qonunda boshqa narsa nazarda tutilmagan boʻlsa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas.
Agar chet el fuqarosi, fuqaroligi boʻlmagan shaxs, chet ellik yuridik shaxs, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada yer uchastkalariga mulk huquqi vujudga kelsa, ushbu yer uchastkalari bunday holat yuz bergan paytdan eʼtiboran olti oy ichida begonalashtirilishi lozim.
Agar yer uchastkalari ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatda begonalashtirilmasa, ushbu moddada koʻrsatilgan shaxslarda ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijaraga olishda ustun huquq saqlab qolingan holda yer uchastkalari davlat mulkiga oʻtkaziladi.
