11-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir shaharsozlik talablari
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida (O‘RQ-728-son) · Sana: 15.11.2021 · Amalda
Yer uchastkalarini xususiylashtirish aholi punktlarining bosh rejalariga, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish boʻyicha boshqa hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar vujudga kelgan doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida xususiylashtirish subyektlariga tegishli boʻlgan yer uchastkalari, shuningdek xususiylashtirilishi lozim boʻlgan davlat koʻchmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tasdiqlanguniga qadar xususiylashtirilishi mumkin.
