4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida (407-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi — bayroqning butun uzunligi boʻylab oʻtgan toʻq moviy rang, oq rang va toʻq yashil rangli uchta endan tarkib topgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi matodir.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining uzunligi 250 santimetrga, kengligi 125 santimetrga teng. Moviy rang, oq rang va yashil rangli enlarning kengligi bir xil. Har bir en 40 santimetrga tengdir. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining oʻrtasidagi oq rangli enning chetlaridan kengligi 2,5 santimetrga teng qizil hoshiyalar oʻtkazilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida oʻn ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan.
Oq rangli yangi oy va oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning oʻrtasidan 75x30 santimetrga teng toʻgʻri toʻrtburchakka sigʻadigan qilib joylashtirilgan.
Oq rangli yangi oy vertikal holatda doʻng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan boʻlib, diametri 30 santimetrli doiraga sigʻadi.
Oʻn ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sigʻadi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, oʻrta qatorda toʻrtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi.
