Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. Azimovning “2020-2023-yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (1434-IV-son)
18.10.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi (bundan buyon matnda Davlat bojxona qoʻmitasi deb yuritiladi) raisi M. Azimovning “2020 — 2023-yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi ijrosi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi shuni taʼkidlaydiki, keyingi yillarda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan bojxona toʻlovlarining oʻz vaqtida hamda toʻliq toʻlanishini taʼminlash, kontrabandaga va bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishiga qarshi kurashish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari va davlat chegarasi orqali harakatlanuvchi fuqarolarga qulayliklar yaratishga qaratilgan bir qator huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-iyunda qabul qilingan “Bojxona maʼmuriyatchiligini isloh etish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6005-sonli Farmoniga binoan 2020 — 2023-yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlarining faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Mazkur konsepsiya ijrosi doirasida “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va uygʻunlashtirish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaga (Kioto, 1973-yil 18-may, 1999-yil 26-iyunda qabul qilingan oʻzgartirishlar bilan) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga va “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tadbirkorlik subyektlariga yengillik yaratish va bojxona organlarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Bojxona organlarining tashkiliy tuzilmalari qayta tashkil etilib, Davlat bojxona qoʻmitasining markaziy apparatida Raqamli bojxonani rivojlantirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, Daromadlar va bojxona statistikasi, Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi tuzilmalari, Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek respublika hududlarida “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari tashkil etilgan.
Bojxona organlarining infratuzilmasi obyektlarini rivojlantirish maqsadida zamon talablariga mos ravishda “Yallama”, “Ayritom”, “Fargʻona”, “Samarqand” bojxona postlari qayta qurilgan, chegara postlariga inson tanasini skaner qiluvchi 15 ta qurilma va 1 dona “Z-portal” inspeksiyaviy-koʻrik majmuasi oʻrnatilgan.
Bojxona organlari faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlarining soni 67 taga, tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga koʻrsatilayotgan interaktiv xizmatlar soni esa 33 taga yetkazilgan. Ushbu axborot tizimlari 21 ta nazorat organining tegishli tuzilmalari bilan integratsiyalashtirilib, maʼlumotlarning idoralararo almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.
Bojxona organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlarni ijobiy hal etishga katta ahamiyat berib kelinmoqda. 2021-yilning toʻqqiz oyi mobaynida bojxona organlariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2 964 ta (2020-yilda — 3 170 ta) murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 661 tasi (2020-yilda — 756 tasi) ijobiy hal etilgan.
Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan 33 ta xorijiy davlatning bojxona organlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida 137 ta xalqaro shartnoma imzolangan. Hozirda bir qator xorijiy davlatlarning (Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va boshqalar) bojxona organlari bilan real vaqt rejimida eksport tovarlari boʻyicha oʻzaro elektron axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.
2020 — 2021-yillar mobaynida Bojxona institutining 273 nafar bitiruvchisi bojxona organlari tizimidagi turli lavozimlarga tayinlangan, bojxona organlarining 1 015 nafar xodimi malaka oshirish kurslarida oʻqitilgan, institutda “Bojxona auditi” va “Bojxona menejmenti” yoʻnalishlari boʻyicha yangi oʻquv kurslari tashkil etilgan. Shuningdek joriy yilning oʻtgan davrida Milliy kinologiya markazida 114 nafar kinolog, 27 ta xizmat iti tayyorlangan.
Bojxona organlari faoliyatida “xavfni boshqarish” tizimi joriy etilishi natijasida eksport yuklarining 84 foizi, import yuklarining esa 74 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilib, har bir tovarlar partiyasi uchun sarf etilayotgan oʻrtacha vaqtni eksportda 1 soatgacha va importda 4-5 soatgacha kamaytirishga erishilgan. “Xavfni boshqarish” tizimi joriy etilguniga qadar har bir eksport (import) tovarlar partiyasining rasmiylashtirilishi mos ravishda 2 va 3 kunni tashkil etgan.
Xalqaro aeroportlarda ikki yoʻlakli tizim joriy etilishi natijasida yoʻlovchilarning aksariyati, yaʼni 95 foizi “yashil” yoʻlak orqali harakatlanishiga imkoniyat yaratilib, bugungi kunda ularning bojxona nazoratidan oʻtishi uchun 3 — 5 daqiqa ketmoqda. Ushbu holat ikki yoʻlakli oʻtish tizimi joriy etilguniga qadar 30 daqiqa vaqt talab qilgan.
2021-yilning toʻqqiz oyi mobaynida import qilingan tovarlar boʻyicha jami 23,7 trln. soʻm (2020-yilda — 24,7 trln. soʻm) miqdoridagi bojxona toʻlovlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undirilgan. Shuningdek tadbirkorlik subyektlariga jami 2,3 trln. soʻm (2019-yilda — 408,4 mlrd. soʻm, 2020-yilda — 1,7 trln. soʻm) miqdoridagi bojxona toʻlovlarini kechiktirib toʻlash imkoniyati berilgan.
Kontrabandaga hamda bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga qarshi kurashish yoʻnalishi boʻyicha 2021-yilning toʻqqiz oyida 607,8 mlrd. soʻm qiymatidagi tovarlar, 306 kg giyohvandlik vositalari, 2 990 dona tabletka shaklidagi psixotrop moddalar, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan turli shakldagi 55 744 dona dori vositalari, 19 ta oʻqotar qurol, 425 dona oʻq-dori, 2 803 dona gilza va boshqa taqiqlangan ashyolarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.
Biroq, bu sohada bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilishi bilan birga, bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va bojxona organlarining faoliyati samaradorligini oshirish borasida oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar ham mavjud.
Jumladan, tashuvchilarning tovar toʻgʻrisidagi dastlabki elektron axborotni bojxona organlariga taqdim etishi shartligi belgilangan boʻlsa-da, ammo “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan temir yoʻl transporti orqali respublika hududiga olib kirilayotgan tovarlar haqidagi dastlabki elektron axborotning bojxona organlariga toʻliq taqdim etilishi yoʻlga qoʻyilmagan. Vaholanki, respublikaga import qilinayotgan tovarlarning umumiy ogʻirligi qiymatidan 70 — 80 foizi temir yoʻl orqali olib kirilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, bojxona nazoratining samaradorligini oshirishga va ushbu tovarlarning rasmiylashtirilishiga sarflanadigan vaqtni qisqartirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Keyingi yillarda jismoniy shaxslarning nomiga xorijiy davlatlardan yuborilgan joʻnatmalarni yetkazib berish faoliyati bilan shugʻullanayotgan tashkilotlar soni oshib borayotgan (2019-yilda — 121 ta, 2021-yilning oʻtgan davrida — 165 ta) boʻlsa-da, amaldagi qonunchilikda ushbu tashkilotlarning huquqiy maqomi aniq belgilanmagan va bu soha toʻliq tartibga solinmagan. Natijada amaliyotda shu faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan yetkazib beriladigan tovar joʻnatmalari uchun imtiyozlarni qoʻllash, bojxona toʻlovlarini hisoblash va ularni undirish borasida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirishda qonunga rioya etuvchi tadbirkorlik subyektlariga barcha sohada keng shart-sharoitlar yaratib berilayotgan boʻlsa-da, “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganligi, ushbu tizim orqali ruxsatnoma shaklidagi hujjatlarni beruvchi vakolatli organlar faoliyatida bunday tadbirkorlik subyektlarining ustuvorligi taʼminlanmayotganligi kuzatilmoqda.
Bojxona organlari tizimida korrupsiya koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan ayrim hollarda bunday illatlar bojxona organlari faoliyatida hanuzgacha kuzatilmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. Azimovning “2020 — 2023-yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini isloh qilish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi ijrosi toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga:
respublika hududiga import qilinayotgan tovarlar ustidan bojxona nazorati samaradorligini oshirish, bojxona toʻlovlarining oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining daromad qismini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar koʻrish;
giyohvandlik vositalari, qurol-yarogʻ, zaharli va portlovchi moddalar, qoʻporuvchilik-terrorchilik faoliyatida foydalanilishi mumkin boʻlgan boshqa vositalar kontrabandasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish boʻyicha tizimli choralarni belgilash, bu borada boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish;
bojxona organlari tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, bojxona ishi sohasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, bu borada jamoatchilik fikrini oʻrganish yuzasidan tizimli chora-tadbirlarni belgilash;
bojxona organlarining rahbarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar bilan sayyor qabullar oʻtkazish amaliyotini davom ettirish, murojaatlarni chuqur oʻrganish hamda ularni koʻrib chiqish yuzasidan shaxsiy tarkibning masʼuliyatini yanada kuchaytirishga doir choralar koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan temir yoʻl transporti orqali respublika hududiga olib kirilayotgan tovarlar toʻgʻrisidagi dastlabki elektron axborotning bojxona organlariga toʻliq taqdim etilishini taʼminlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilash;
jismoniy shaxslar nomiga xorijdan yuborilgan joʻnatmalarni yetkazib berish faoliyati bilan shugʻullanayotgan tashkilotlar faoliyatining huquqiy asoslarini aniqlashtirish, tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda qonunga rioya etuvchi va halol tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirish, ruxsatnoma tusidagi hujjatlarni rasmiylashtirib berish vaqtini qisqartirish va “Yagona darcha” axborot tizimini takomillashtirish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan joriy yilning 25-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Xaitov zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 18-oktabr,
1434-IV-son
