Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda nogironligi boʻlgan bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axboroti haqida (SQ-407-IV-son)
20.10.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning ijro holati oʻrganildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati oʻrganish natijalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarni (keyingi oʻrinlarda — bolalar) har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda nogironligi boʻlgan bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axborotini eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Jumladan, bolalarning huquq va erkinliklariga qaratilgan tajovuzlar uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar parlamentga kiritilgan.
Bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirilib, Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, Oilaviy bolalar uylari va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining Goʻdaklar uylari (keyingi oʻrinlarda — oʻquv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirilgan.
Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya toʻgʻrisidagi hamda Bolalar masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlangan.
Bolalarni uy-joy bilan taʼminlashning “onlayn-navbat” tizimi — my.maktab.uz ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan, 675 nafar bola uy-joy bilan taʼminlangan.
Bolalarni davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatsiz joylashtirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
2021-yildagi taʼlim muassasalarini bitirgan 261 nafar boladan 212 nafarining bandligi taʼminlangan. Taʼlim muassasalarida normal hayotga qaytarish tamoyiliga asoslangan “teng-tengdoshiga” (peer-to-peer education) dasturi joriy qilingan.
Farzandlikka olish jarayonida shaffoflikni taʼminlash maqsadida “Vasiylik” elektron axborot tizimi yaratilgan.
Oilaga tarbiyaga olingan nogironligi boʻlgan 141 nafar bola tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan va 118 nafarini davolash ishlari olib borilgan.
Bolalarning muammolarini oʻrganish hamda hal etish, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish maqsadida “Mehr daftari” tizimi hamda “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etilmoqda.
Sohada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur boʻlgan muammolar ham mavjud.
Birinchidan, 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6275-sonli Farmonida, “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5215-sonli, “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5216-sonli hamda “Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5217-sonli qarorlarida qayd etilgan 6 ta normativ-huquqiy hujjat belgilangan muddatlarda qabul qilinmagan.
Xususan, “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish” hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar loyihalari parlamentga kiritilmagan.
Xalq taʼlimi hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida bolalarning oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlarni xarid qilish xarajatlarini qoplab berish tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.
Oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini oʻqitish bilan shugʻullanuvchi yetakchi professor-oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish, bolalar oʻqishni davlat oliy taʼlim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlovlarini 50 foizga oshirilgan holda toʻlash yuzasidan Hukumat qarorlari qabul qilinmagan.
Ikkinchidan, qayd qilingan farmon va qarorlarda belgilangan boshqa qator topshiriqlar ham oʻz muddatlarida ijro etilmagan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bolalarni himoya qilish masalalari shuʼbasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman (shahar) hokimliklarida tegishli kotibiyatlar va shuʼbalar faoliyati talab darajasida tashkil etilmagan.
2021-yilga qadar uy-joy ajratilgan deb koʻrsatilgan 610 nafar bolaning uy-joylari holatini oʻrganib chiqib, talabga javob bermaydigan uy-joylarda yashayotgan bolalarni boshqa uy-joylarga ijara asosida koʻchirish va ularga uy-joy uchun ijara toʻlovlarini mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilish choralari koʻrilmagan.
2021-yilda qoʻshimcha 2 ming nafargacha bolada tugʻma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patologik oʻzgarishlar (jumladan, gidrotsefaliya) boʻyicha jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish ishlari olib borilmagan.
Uchinchidan, sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarida ham bartaraf etish zarur boʻlgan kamchiliklar mavjud.
Jumladan, oilaviy bolalar uylarini tashkil etish istagida boʻlgan shaxslar va bunday turdagi muassasalar soni ortib bormoqda. Lekin mazkur jarayonlarni tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi 158-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom bugungi kun talablariga javob bermaydi.
Bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularni oila muhitida tarbiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash borasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoqligi mazkur jarayonlarda byurokratik toʻsiqlar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, vazirliklar va boshqa muassasalar oʻrtasida ijtimoiy himoya qilish yaxlit tizimi yaratilmagani mazkur sohada turli chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish yoki integratsiyalashni qiyinlashtiryapti. Xususan, idoralar oʻrtasida aniq tadbirlarni amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik mavjud emas, bu esa ayrim hollarda vakolatlarning va masʼuliyat chegarasining aniq emasligiga va oʻtkaziladigan tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Mehribonlik uylari faoliyatini unda tarbiyalanayotgan bolalar soni, muassasa sigʻimi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soniga qarab, tuzilmasini maqbullashtirish zarurati mavjud.
Toʻrtinchidan, bolalar huquqlarini himoya qilish, ularni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi chora-tadbirlar talab darajasida olib borilmayotgani oqibatida oʻquv-tarbiya muassasalaridagi ijtimoiy yetimlik darajasi ortib, 83 foizni tashkil etmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olib borilayotgan profilaktik va amaliy chora-tadbirlarga qaramasdan, respublikamizda chaqaloqlar va bolalar savdosi davom etmoqda.
Farzand asrab olish uchun navbatda turgan oilalarga bolalarni berish asossiz vajlar va cheklovlar bilan rad etilayotgani sababli navbatda turgan fuqarolar soni ortib, birgina Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi Bolalar uylaridan bola asrab olish uchun navbatda turgan fuqarolar soni 5 792 nafarga yetgan.
Oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari 18 yoshga toʻlgandan soʻng mustaqil hayotga qadam qoʻyish va jamiyatga moslashish davrida qiyinchiliklarga duch kelishi, ijtimoiy adaptatsiya jarayonining ogʻir kechishi, ishsizlik, oila qura olmaslik holatlari mavjudligi ular orasida jinoyatchilik holatlari saqlanib qolishiga olib kelyapti.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari B. Musayevning yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda nogironligi boʻlgan bolalarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev):
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi PF-6275-sonli Farmoni, PQ-5215-sonli va PQ-5216-sonli, PQ-5217-sonli qarorlarida belgilangan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ularning qabul qilinishini taʼminlash;
Vazirlar Mahkamasida Bolalarni himoya qilish masalalari shuʼbasi, shuningdek, viloyat, tuman (shahar)larda tashkil qilinayotgan kotibiyatlar va shuʼbalar mutaxassislarining faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida ularning nizomlari, lavozim yoʻriqnomalari hamda ish rejalarini puxta tayyorlash, maxsus oʻquv dasturlari asosida malakasini oshirish;
yetim bolalarni vasiylikka va homiylikka olgan oilalar uchun minimal standartlarni ishlab chiqish;
2021-yilga qadar uy-joy ajratilgan deb koʻrsatilgan 610 nafar bolaning yashash sharoitlarini oʻrganib, talabga javob bermaydigan ahvolda istiqomat qilayotgan bolalarni boshqa manzillarga koʻchirish va ularga ijara toʻlovlarini mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilish;
ikki oy muddatda milliy qonunchilikdagi homiylik, vasiylik va patronat tushunchalari va ularning ishlash mexanizmlarini bolalar bilan ishlash tizimiga moslashtirish;
oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirish maqsadida bolalarni qabul qilgan oilalarga hamda tutungan ota-onalarga beriladigan toʻlovlar, imtiyozlar, kompensatsiyalar tizimini kengaytirish va turli soliqlardan ozod qilish yuzasidan ikki oy muddatda takliflar tayyorlash;
bolalarning aliment va ijtimoiy nafaqa pullarining inflyatsiya hisobiga indeksatsiya qilish hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etgan fuqarolarga, shuningdek,patronat oilalarga hozirda toʻlanayotgan oylik maoshni tarbiyaga olingan bolalar sonidan kelib chiqib belgilash boʻyicha takliflar tayyorlash;
uch oy muddatda respublikadagi barcha oʻquv-tarbiya muassasalarini hududlar boʻyicha qayta tashkil etish hamda yangi tizim boʻyicha bolalarning tuzilmada 6 oy saqlanishini va mazkur davr mobaynida ularning oilaviy bolalar uylariga yoki farzandlikka berilishini (taqsimlanishini) taʼminlash choralarini koʻrsin.
Ushbu Qarorning ijrosi toʻgʻrisida 2022-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Milliy gvardiya:
Respublikada faoliyat koʻrsatayotgan barcha oʻquv-tarbiya muassasalari ovqatlanish tizimida Autsorsing xizmatini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash;
Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 31-iyuldagi “Oilaviy bolalar uylari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 158-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomni takomillashtirish;
ijtimoiy yordamning butun sohalari tomonidan davlat boshqaruvini markazlashtirish va ijtimoiy yordam institutlarini ixtisoslashtirish orqali “Ijtimoiy profilaktika”ning yagona davlat tizimini joriy etishni hamda yagona “Ijtimoiy taʼminot xizmati”ni shakllantirishni, ijtimoiy sugʻurtalash, ijtimoiy yordam, ijtimoiy xizmatlar va bandlik dasturlari tizimlari oʻrtasida normativ-huquqiy va tashkiliy-texnik uygʻunlashgan davlat dasturi ishlab chiqish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi 2021-yil yakuniga qadar:
qoʻshimcha 2 ming nafargacha bolada tugma yurak nuqsoni hamda bosh miyadagi patologik oʻzgarishlar (jumladan, gidrotsefaliya) boʻyicha jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish;
2 ming dona zamonaviy eshitish moslamalarini xarid qilish va ularni ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan eshitish qobiliyati zaif bolalarga yetkazish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda chaqaloqlar va bolalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan alohida dastur ishlab chiqsin va ijrosini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya bilan birgalikda ikki oy muddatda nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalarni zudlik bilan aniqlash, ularning hisobini yuritish, yetim va qarovsiz qolgan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash tizimini soddalashtirish maqsadida “Bola himoyasi” yagona elektron axborot tizimini joriy qilsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari va Milliy gvardiya boʻlinmalari bilan birgalikda bolalarni birinchi navbatda ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari tarbiyasiga qaytarish;
farzandlikka olingan bolalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joyga muhtoj deb topilgan hollarda 18 yoshga kirgandan soʻng uy-joy bilan taʼminlash;
oilaviy bolalar uyini tashkil etish istagini bildirgan fuqarolarga tegishli hokimliklar tomonidan oʻz balansidagi boʻsh uy-joylarni shartnoma asosida foydalanish uchun berish tizimini yoʻlga qoʻyish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga:
hududlardagi 757 nafar bolaga uy-joy ajratilishi yuzasidan qatʼiy deputatlik nazoratini oʻrnatish;
har chorakda Bolalar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalarining faoliyatlari yuzasidan axborotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
10. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (B. Sayfullayev) zimmasiga yuklansin.
11. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 20-oktabr,
SQ-407-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 20-oktabrdagi SQ-407-IV-sonli qaroriga ILOVA
Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish hamda ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasi
T/r Chora-tadbir nomi Amalga oshirish mexanizmi Ijro muddati Senatning masʼul qoʻmitasi va boʻlimi Masʼul ijrochilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-avgustdagi PF-6275-sonli Farmonidagi vazifalar 1. Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili hisobotini eshitish Senat yalpi majlislarida Bola huquqlari boʻyicha vakil maʼruzasini eshitish Har yili birinchi chorakda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Bola huquqlari boʻyicha vakil (A. Yunusova) 2. Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya axborotini eshitish Senat yalpi majlislarida milliy komissiya axborotini eshitish Har yili birinchi chorakda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev) 3. Bolalar masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar axborotini eshitish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) Kengashlari sessiyalarida hududiy komissiyalar axborotini eshitish Har chorakda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatiga koʻmaklashish, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish masalalari boʻlimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) Kengashlari 4. Nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalarni zudlik bilan aniqlash, ularning aniq hisobini yuritish, yetim va qarovsiz qolgan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash tizimini soddalashtirish maqsadida “Bola himoyasi” yagona elektron axborot tizimini joriy qilish. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Bola himoyasi” yagona elektron axborot tizimini joriy etish boʻyicha Hukumat qarorini tayyorlash: nazoratsiz va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar haqidagi maʼlumotlarni tizimga kiritish tartibi, shu jumladan, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilalar, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish, sudlar tomonidan koʻrib chiqiladigan ishlarda nazoratsiz va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tizimga kiritish tartibi; mazkur tizimga integratsiya qilinadigan masʼul vazirlik va idoralarning maʼlumotlari; axborot tizimini Bosh prokuratura, Oliy sud, Bola huquqlari boʻyicha vakil, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Davlat personallashtirish markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda tasarrufida taʼlim tashkilotlari mavjud vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilishni taʼminlash. Axborot tizimini joriy etishning moliyalashtirish manbaini aniqlash. 2022-yil yanvar Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), Milliy gvardiya (R. Djurayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), manfaatdor vazirlik va idoralar 5. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yetim bolalarni ijtimoiy himoyalashning huquqiy asoslarini mustahkamlash. Ota-ona qaramogʻisiz qolgan va yetim bolalarni ijtimoiy-huquqiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini yagona qonunga mujassamlashtirish orqali quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan va yetim bolalarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish: ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yetim bolalarning ijtimoiy-huquqiy maqomi hamda bunday bolalarni tarbiyalash uchun joylashtirish shakllari; farzandlikka oluvchi oilalarni tayyorlash va ularga koʻmaklashish tartibi; ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yetim bolalarning ijtimoiy himoyasi, mulkiy va nomulkiy huquqlarining kafolatlari; ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yetim bolalarning huquqiy yordam olish va sud himoyasida boʻlish huquqlarini taʼminlash; ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va yetim bolalar tarbiya muassasalarini tugatganidan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish; manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish. 2021-yil dekabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Bolalar huquqlari boʻyicha vakil (A. Yunusova), Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz (A. Saidov), manfaatdor vazirlik va idoralar 6. Farzandlikka olish jarayonida inson omilini qisqartish va raqamlashtirish. Shaxsga doir maʼlumotlarni sir saqlagan holda talabgorlar uchun vasiylik va homiylikka beriladigan bolalar haqidagi maʼlumotlarni onlayn olish imkoniyatini yaratish; farzandlikka olishni istovchi nomzodlarning elektron navbatini ishga tushirish. 2021-yil noyabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev) 7. Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, yetim va boshqa ogʻir vaziyatlarga tushib qolgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish boʻyicha huquqiy asoslarni yaratish. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ijtimoiy ish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish: ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar va oilalarni qoʻllab-quvvatlash xizmatlarining sifatini yanada yaxshilash va turlarini koʻpaytirish; ijtimoiy ishchilar sonini va salohiyatini oshirish; ijtimoiy faoliyat kadrlarining huquqiy maqomini belgilash; turli tizimlarda ijtimoiy ish amaliyoti standartlarini (taʼlim, sogʻliqni saqlash, bolalarni himoya qilish va odil sudlov) belgilash; manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilgan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish. 2021-yil dekabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Tashkulov), manfaatdor vazirlik va idoralar 8. Vasiylik va homiylik sohasida kadrlar tayyorlash uchun mutaxassisliklar roʻyxatini kengaytirish. Vasiylik va homiylik sohasida kadrlar tayyorlash uchun mutaxassisliklar roʻyxatini kengaytirishni nazarda tutgan holda, oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorini qayta koʻrib chiqish; oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish. 2021-yil noyabr Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Tashkulov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), manfaatdor vazirlik va idoralar 9. Nogironligi boʻlgan bolalar oilaga tarbiyaga olinganda ularni patronaj bilan qamrab olish va zarur tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirish. Oilaga tarbiyaga olingan nogironligi boʻlgan bolalar roʻyxatini shakllantirish; oilaga tarbiyaga olingan nogironligi boʻlgan bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, ular davolanadigan tibbiyot muassasalari roʻyxatini shakllantirish va davolash xarajatlari miqdorini aniqlash; “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va homiylar hisobidan zarur mablagʻlarni ajratish; bolalarni davolash boʻyicha amaliy choralar koʻrish. 2021-yil noyabr 2021-yil noyabr 2021-yil oktabrdan boshlab doimiy Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Milliy gvardiya (R. Djurayev), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev) Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov), mahalliy hokimliklar Kasaba uyushmalari Federatsiyasi (Q. Rafikov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xadjibayev), mahalliy hokimliklar, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi (Q. Rafikov) 10. Bolaning eng ustuvor manfaatlarini inobatga olgan holda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirish tizimini takomillashtirish. Quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish: yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni joylashtirishning ilgʻor shakllarini, shu jumladan oilaviy va boshqa muqobil shakllarini, keng joriy etish; yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun internat shaklidagi yangi davlat tarbiya muassasalarini tashkil etishga cheklov oʻrnatish, mavjud internat shaklidagi davlat tarbiya muassasalarini noinstitutsionallashtirish strategiyasini ishlab chiqish masalalarini koʻrib chiqish; yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tarbiya muassasalariga sud tartibida joylashtirish mexanizmini joriy etish. 2021-yil noyabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), Bola huquqlari boʻyicha vakil (A. Yunusova), Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (F. Eishatova), Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz (A. Saidov) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5215-sonli qaroridagi vazifalar 11. “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining goʻdaklar uylaridagi bolalarni ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish va joylashtirishning boshqa shakllarini qoʻllash choralarini koʻrish Amaliy chora-tadbirlar Muntazam ravishda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov), Milliy gvardiya (R. Djurayev), Bola huquqlari boʻyicha vakil (A. Yunusova), Sogʻliqni saqlash vazirligi (Xadjibayev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 12. Maxsus maktab va maktab-internatlar faoliyatini va ularda tarbiyalanayotgan bolalarning holatini oʻrganish, aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritish Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), manfaatdor vazirlik va idoralar 13. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining faoliyatini qayta koʻrib chiqish va uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), manfaatdor vazirlik va idoralar 14. Uquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini oʻrganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish boʻyicha “Mehr daftari” tizimini hayotga tatbiq etish Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), manfaatdor vazirlik va idoralar 15. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalashni ragʻbatlantirish amaliyotini joriy etish hisobiga oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchilarni bosqichma-bosqich farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarda tarbiyalashga oʻtkazish choralarini koʻrish Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), manfaatdor vazirlik va idoralar 16. “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari faoliyatini tashkil etishni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalari Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov), Milliy gvardiya (R. Djurayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 17. “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalarini tashkil etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori 2021-yil noyabr Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 18. Maxsus oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylik, homiylik va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holatini oʻrganib borish hamda oʻquv muassasalaridan keyingi hayotidagi oʻz oʻrnini topishiga har tomonlama koʻmaklashish Amaliy chora-tadbirlar har yili kamida ikki marotaba Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), manfaatdor vazirlik va idoralar 19. “Mehr daftari”ga kiritilgan bolalar bilan ishlashga masʼul davlat organlari va tashkilotlarning hisobotlarini eshitib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari qarorlari 2021-yil 1-dekabrdan boshlab har chorakda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatiga koʻmaklashish, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish masalalari boʻlimi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlari 20. Bolalarning ota-ona qaramogidan mahrum boʻlishining sabablarini oʻrganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish Amaliy chora-tadbirlar Muntazam ravishda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev), manfaatdor vazirlik va idoralar 21. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish hamda bir-birini takrorlovchi, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan va mazkur qarorga zid normalarni bekor qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish. Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Adliya vazirligi (R. Davletov), Bosh prokuratura (N. Yoʻldoshev), Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov), Milliy gvardiya (R. Djurayev) 22. 2021-yilga qadar uy-joy ajratilgan deb koʻrsatilgan 610 nafar yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning uy-joylarini oʻrganib chiqqan holda, ulardan belgilangan sanitariya meʼyorlariga va texnik meʼyorlarga, qonun hujjatlarining boshqa talablariga javob bermaydigan uy-joylarda yashayotganlarni boshqa uy-joylarga ijara asosida koʻchirish va ularga uy-joy uchun ijara toʻlovlarini mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilish choralarini koʻrish Amaliy chora-tadbirlar 2021-yil noyabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Xalq taʼlimi vazirligi (Sh. Shermatov) 23. “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish Qonun loyihasi 2021-yil noyabr Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 24. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka va patronatga) olish hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish tartibini, uning ijtimoiy ahamiyatini jamoatchilikka yetkazish, farzandlarning mehribonlik va bolalar uylariga topshirilishining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy roliklarni televideniye, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etish Ijtimoiy roliklar, koʻrsatuvlar, davra suhbatlari, eshittirishlar, bosma materiallar tayyorlash Media reja asosida Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-avgustdagi PQ-5216-sonli qaroridagi vazifalar 25. Oilaviy bolalar uylarini yanada qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralar paketini yaratish Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2021-yil noyabr Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitalari Moliya vazirligi (Ishmetov), Bola huquqlari boʻyicha vakil (A. Yunusova), Milliy gvardiya (R. Djurayev) 26. Uy-joyga muhtoj 757 nafar yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash Amaliy chora-tadbirlar 2021-yil dekabr Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 27. Uy-joylarga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joy xarid qilish va qurish uchun 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida Moliya vazirligi uchun ajratilgan mablagʻlar tarkibida alohida satrda mablagʻlar rejalashtirish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga qayta taqsimlash orqali yoʻnaltirish Normativ-huquqiy hujjat loyihasi 2022-yil 25-fevral Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi (T. Ishmetov) 28. Barcha “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylari, shuningdek “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalarida taqdimotlar oʻtkazish Amaliy chora-tadbirlar Har yili birinchi chorakda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitalari Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirlik va idoralar 29. Yetim bolalar va ota-ona qaramogidan mahrum boʻlgan bolalarning bandligi boʻyicha doimiy monitoring olib borish Amaliy chora-tadbirlar Muntazam ravishda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Husanov) Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev) 30. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joylar bilan taʼminlashni tashkil etish, uy-joylarning adolatli taqsimlanishi va oʻz vaqtida ajratilishini nazorat qilish boʻyicha Respublika komissiyasining axborotini eshitish Senat yalpi majlislarida Respublika komissiyasining axborotini eshitishni yoʻlga qoʻyish Har yili birinchi chorakda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi
