6-modda. Notarial harakatlarning maxfiyligi
Notariat toʻgʻrisida (343-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Notariusning, notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslarning, shuningdek amalga oshirilayotgan notarial harakatlar toʻgʻrisida oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xabardor boʻlib qolgan shaxslarning oʻzlariga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni oshkor qilishi, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham oshkor qilishi taqiqlanadi.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (hujjatlar) bu harakatlar kimning nomidan yoki kimning topshirigʻiga koʻra amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning oʻzigagina berilishi mumkin.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar (maʼlumotlar) sud, prokuratura, surishtiruv va tergov organlari yurituvida boʻlgan ishlar munosabati bilan ularning talabiga binoan beriladi.
Notariuslar tomonidan shuningdek:
maxsus vakolatli davlat organiga — jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar (maʼlumotlar);
davlat soliq xizmati organiga — koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini, mol-mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash va ijara haqining miqdori toʻgʻrisidagi, shuningdek meros yoki hadya tartibida fuqarolar mulkiga oʻtayotgan mol-mulkning qiymati haqidagi maʼlumotnomalar;
ichki ishlar organiga — avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, ushbu vositalarni boshqa shaxsga oʻtkazish, ijaraga berish, ulardan tekin foydalanish, ularning garov, lizing shartnomalarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;
qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalariga — boshqa shaxsga oʻtkazilayotgan koʻchmas mulkning kadastr raqami toʻgʻrisidagi va oluvchi haqidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga (bundan buyon matnda ijtimoiy himoya organi deb yuritiladi) umrbod taʼminlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi toʻgʻrisidagi, vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi bolani farzandlikka berish (olish), bolani vasiylikka yoki homiylikka berish haqidagi arizada imzoning haqiqiyligi shahodatlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizaga asosan yuborilgan soʻrovga koʻra, amalga oshirilgan notarial harakatlar haqidagi maʼlumotnomalar (maʼlumotlar), shu jumladan qimmatli qogʻozlar, koʻchmas mulk, avtomototransport vositalarining oldi-sotdi, hadya, ijara, garov, tekin foydalanish, lizing shartnomalari toʻgʻrisidagi va ijara haqining miqdori haqidagi, avtomototransport vositasini boshqarish va sotish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar toʻgʻrisidagi, meros va hadya tartibida fuqarolar mulkiga oʻtayotgan mol-mulkning qiymati hamda daromad keltiradigan va majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan boshqa bitimlarning miqdori haqidagi maʼlumotlar;
