8-modda. Siyosiy partiyalarni roʻyxatga olish
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida (337-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Siyosiy partiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Siyosiy partiyani roʻyxatdan oʻtkazish uchun ustav qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida quyidagilar taqdim etiladi:
partiya rahbar organining kamida uch aʼzosi imzolagan ariza;
ustav;
dastur;
taʼsis syezdi yoki konferensiyasining bayoni;
ushbu Qonun talablari bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan mazkur partiyaga birlashish istagini bildirgan yigirma ming nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining oʻzlari imzo qoʻygan roʻyxati, saylab qoʻyiladigan organlarning aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, turar joyi va ish joyi, telefon raqami), rahbar organ aʼzolariga vakolatlar, shu jumladan roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida yoxud munozaralar kelib chiqqan taqdirda sudda partiya nomidan ishtirok etish huquqi berilganligi toʻgʻrisidagi partiya oliy organining qarori.
Siyosiy partiyani roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza u tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida koʻrib chiqiladi. Koʻrib chiqish natijalariga binoan siyosiy partiyani roʻyxatga olish yoki roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Qaror qabul qilingach, uzogʻi bilan uch kun muddat ichida u siyosiy partiya rahbar organiga beriladi yoki pochta orqali joʻnatiladi.
Siyosiy partiya roʻyxatdan oʻtgan kundan eʼtiboran yuridik shaxs maqomini oladi va u oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Siyosiy partiyalar ustavlariga kiritilgan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar ularning ustavlarini roʻyxatga olish uchun ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Siyosiy partiya roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
