6-modda. Siyosiy partiyani tuzish
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida (337-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Siyosiy partiyani tuzish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida boʻlgan kamida yigirma ming fuqaroning imzosi boʻlishi talab etiladi.
Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida ellik kishidan iborat boʻlishi, ular partiya taʼsis hujjatlarini tayyorlash, aʼzolar tarkibini shakllantirish hamda taʼsis syezdi yoki konferensiyasini chaqirish boʻyicha tashkiliy qoʻmitani tuzishlari lozim.
Tashkiliy qoʻmita oʻzi tuzilgan kundan boshlab yetti kunlik muddatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga oʻz tashabbusi, qoʻmitaning tarkibi, rahbari (yetakchisi), joylashgan manzili hamda taʼsis syezdi yoki konferensiyasi chaqiriladigan sanani yozma ravishda xabar qilishi lozim.
Tashkiliy qoʻmita tuzilgan kundan boshlab uzogʻi bilan uch oy faoliyat koʻrsatish huquqiga egadir.
Siyosiy partiya taʼsis syezdida yoki konferensiyasida tuziladi.
Taʼsis syezdi yoki konferensiyasi partiya ustavi va dasturini qabul qiladi, uning saylab qoʻyiladigan organlarini tuzadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning siyosiy partiyalarini, ularning boʻlinmalarini tashkil etishga va ularning faoliyati amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
