141-modda. Partiya guruhlarining huquqlari
Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida (337-I-son) · Sana: 26.12.1996 · Amalda
Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibini shakllantirishda ishtirok etish;
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi qoʻmitalari yoki komissiyalari raisligiga, rais oʻrinbosarligiga va aʼzoligiga nomzodlar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibidagi har bir masala boʻyicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga soʻz berilishini kafolatlash;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining va Vazirlar Kengashining raislariga, vazirlariga hamda boshqa davlat organlari rahbarlariga, hokimlarga, hokim oʻrinbosarlariga, hokimliklar boshqarmalari, boʻlimlari va boshqa boʻlinmalarining rahbarlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga soʻrov bilan murojaat qilish;
hududlarni rivojlantirish dasturlarining loyihalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
tegishli hududda joylashgan davlat organi rahbarining, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan hisobotini yoki axborotini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari Kengashining sessiyalarida eshitish toʻgʻrisida, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini koʻrib chiqish haqida takliflar kiritish. Bunda qaror deputatlarning yarmidan koʻpi qoʻllab-quvvatlagan taqdirda qabul qilinadi;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yoki xalq deputatlari Kengashining sessiyasida muhokama qilinayotgan masala boʻyicha partiya guruhining fikrini deputatlar orasida tarqatish;
tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari viloyat hamda Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi huquqiga ega.
Partiya guruhlarining tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga va xalq deputatlari Kengashiga kiritiladigan masalalar boʻyicha taklifi albatta koʻrib chiqiladi.
