“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshqarish tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida (378-son)
05.11.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Temir yoʻl transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, uni boshqarishda funksional va hududiy yondashuvlarning yanada mustahkam oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash, yuk tashishlarni boshqarish tizimini markazlashtirishdan chiqarish darajasini oshirish, shuningdek temir yoʻl transporti texnika vositalarini saqlash va ularga xizmat koʻrsatish tizimini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining tugatilayotgan “Oʻztemiryoʻlyuktrans” yuk tashish boshqarmasi hamda uning mintaqaviy markazlari, shuningdek kompaniyaning tarkibiy boʻlinmalaridan berilayotgan yoʻl, elektr taʼminoti, signalizatsiya va aloqa uchastkalari, shuningdek Toshkent, Qoʻqon, Buxoro, Qarshi funksional-foydalanish vagon depolari negizida mintaqaviy (Toshkent, Qoʻqon, Buxoro, Qoʻngʻirot, Qarshi-Termiz) temir yoʻl uzellari tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar tashkil etilayotgan mintaqaviy temir yoʻl uzellarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tashuvlar mintaqaviy bozori konyunkturasini oʻrganish, ularning infratuzilmasini shakllantirish, shuningdek temir yoʻl tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
temir yoʻl transportining xizmat koʻrsatiladigan hudud doirasida barqaror va xavfsiz ishlashini taʼminlash, foydalanuvchilarga keng koʻlamda temir yoʻl xizmatlari koʻrsatish,
joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan birgalikda temir yoʻl transporti boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;
xizmat koʻrsatiladigan hududdagi temir yoʻllar tarmoqlarining barqaror ishlashini hamda tashuvlarni oʻtkazish quvvatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish,
Oʻzbekiston Respublikasi chegaralari orqali yuk va yoʻlovchi tashishlarni amalga oshirishda joylardagi bojxona va soliq organlari, chegara xizmati bilan aniq, muvofiqlashtirilgan holda oʻzaro hamkorlikni taʼminlash.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
tashkil etilayotgan mintaqaviy temir yoʻl uzellari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan shuʼba korxonalari hisoblanadi;
mintaqaviy temir yoʻl uzellari faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash xoʻjalik faoliyati daromadlari, shuningdek Kompaniya kengashi tomonidan belgilanadigan tartibda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining tashish jarayoni daromadlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 3-martdagi 108-son qaroriga 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin, shuningdek mazkur qarorga 2-ilovadan 11-band “Oʻztemiryoʻlyuktrans” yuk tashish boshqarmasi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N. Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-noyabr,
378-son
