“25-modda. Toʻlov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olish
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-721-son) · Sana: 12.10.2021 · Amalda
Markaziy bank quyidagi hollarda toʻlov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli:
toʻlov tashkiloti litsenziyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganda;
toʻlov tashkiloti tugatilganda — tugatish paytidan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etish paytidan eʼtiboran, bundan toʻlov tashkilotining oʻzgartirilishi, shuningdek qayta tashkil etilayotgan toʻlov tashkilotida yangitdan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida faoliyatning litsenziyalanadigan ayni bir turini amalga oshirishga doir litsenziya mavjud boʻlganda qoʻshib yuborilishi mustasno;
toʻlov tashkiloti faoliyatni litsenziya olingan kundan eʼtiboran bir yil davomida amalga oshirmaganda yoki toʻlov tashkilotining faoliyati olti oydan ortiq davrga toʻxtatib turilganda;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablar toʻlov tashkiloti tomonidan muntazam ravishda buzilganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzilganda;
Markaziy bankning litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga zid ekanligi aniqlanganda.
Toʻlov tashkiloti litsenziyasini ushbu moddada nazarda tutilmagan asoslar boʻyicha chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Markaziy bankning litsenziyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni toʻlov tashkiloti rahbariyatiga imzo qoʻydirilib topshiriladi. Litsenziyani chaqirib olish toʻgʻrisidagi qaror toʻlov tashkiloti tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun mobaynida litsenziya Markaziy bankka qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.
Markaziy bankning toʻlov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olganligi toʻgʻrisidagi qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi lozim. Markaziy bankning toʻlov tashkiloti litsenziyasini chaqirib olish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishi tugatilgan hisoblanadi.
