Yoʻlovchi avtovokzallari va yoʻlovchi avtostansiyalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3323-son)
06.10.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 6-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3323]
Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son “Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Yoʻlovchi avtovokzallari va yoʻlovchi avtostansiyalari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-sentabr,
14-son
Kelishildi:
Rais Sh. SHARAXMETOV
2021-yil 6-sentabr
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi A. IKRAMOV
2021-yil 26-avgust
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2021-yil 7-sentabr
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2021-yil 25-sentabr 14-son buyrugʻiga ILOVA
Yoʻlovchi avtovokzallari va yoʻlovchi avtostansiyalari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi 482-son “Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, yoʻlovchi avtovokzallari va yoʻlovchi avtostansiyalarining faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
avtovokzal (avtostansiya) — transport-ekspeditsiya, tashish faoliyatini amalga oshiruvchi va yoʻlovchilarga boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot;
chipta kassasi — yoʻl chiptalarini sotish va yoʻlovchilarga yoʻnalishlar toʻgʻrisida maʼlumot berishga moʻljallangan punkt;
perron — avtovokzal (avtostansiya)larda yoki bekatlarda yoʻlovchilarning avtotransport vositalariga qulay va xavfsiz oʻtishi, chiqishi va tushishi uchun moʻljallangan maydoncha;
perron (chipta) nazoratchisi — avtotransport vositalarining sanitariya-gigiyena holatini, yoʻl hujjatlari va chiptalarning mavjudligi va holatini, avtotransport vositalarining harakatlanish jadvaliga muvofiq joʻnatilishini nazorat qiluvchi shaxs;
yoʻlovchilarning aynan bir vaqtdagi sigʻimi — avtovokzallarda (avtostansiyalarda) joʻnatilayotgan va kirib kelayotgan hamda bir vaqtning oʻzida yoʻlovchilar kutish zallarida va yoʻlovchilar xonalarida sigʻishi mumkin boʻlgan yoʻlovchilarning umumiy soni;
avtovokzal (avtostansiya) ishlarining texnologik jarayoni — avtovokzal (avtostansiya) xizmatlarini tashkil etish jarayoni, avtotransport vositalarini qabul qilish va joʻnatish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha doimiy ravishda bajariladigan operatsiyalarning oʻzaro bogʻliqligi va muntazamliligi.
stansiya hududi — avtovokzalning (avtostansiyaning) avtotransport vositalari joʻnatilishi va kirib kelishi hamda ularga texnik xizmat koʻrsatilishi uchun moʻljallangan hududi.
2. Avtovokzalning (avtostansiyaning) oʻtkazish imkoniyati bir sutka ichida avtovokzaldan (avtostansiyadan) yoʻnalishga joʻnatilishi mumkin boʻlgan avtotransport vositalarining jami sonidan kelib chiqib aniqlanadi.
2-bob. Avtovokzallarga (avtostansiyalarga) qoʻyiladigan umumiy talablar
3. Avtovokzallar (avtostansiyalar) aholi yashash joylarida hamda avtomobil yoʻllari trassalarida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish va xalqaro, shaharlararo hamda shahar atrofida qatnovchi avtotransport vositalari yoʻnalishlarida ularning harakatini tezkor boshqarish, foydalanish uchun xizmat xonalari va haydovchilarning dam olish xonalarini joylashtirish uchun tashkil etiladi.
4. Mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan mezonlarga muvofiq avtovokzalning toifasi va avtostansiyaning klassi hisobga olingan holda ularning hududida quyidagilar joylashtirilishi lozim:
yoʻlovchilar kutishi uchun moʻljallangan binolar va xonalar;
chipta kassalari;
yosh bolali yoʻlovchilarga moʻljallangan xonalar;
haydovchilar va yoʻlovchilarning uzoq vaqt dam olishiga moʻljallangan mehmonxonalar;
maʼmuriyat xonasi;
umumiy ovqatlanish shahobchalari;
tibbiy punktlar;
qoʻl yukini (bagajni) saqlash xonalari;
yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash uchun monitor orqali kuzatish qurilmalari oʻrnatilgan xonalar;
madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena xonalari;
yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish perronlari;
reyslar oraligʻida avtotransport vositalari toʻxtab turadigan maydonchalar;
texnik koʻrikdan oʻtkazish va avtotransport vositalari salonlarini tozalash postlari;
shahar yoʻlovchilar transporti (metropolitendan tashqari) kirib kelishi va turishi uchun moʻljallangan avtovokzal oldi maydoni;
avtovokzal (avtostansiya) hududi boʻylab hamda chiqarish va tushirish perronlarida nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻrindiqli aravachalari uchun moʻljallangan yoʻllar;
nogironligi boʻlgan shaxslarni oʻrindiqli aravachalar bilan chiqarish va tushirish uchun moʻljallangan joylar.
5. Yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida avtovokzal (avtostansiya) hududi boʻyicha toʻsiqlar hamda yoʻlovchilarning kutish zallarida, chipta kassalarida va yoʻlovchilar koʻp toʻplanadigan boshqa joylarda videokuzatish kameralari oʻrnatiladi.
6. Avtovokzallarga kirish va chiqish joylarida yoʻlovchilar hamda ularning qoʻl yukini (bagajini) tekshirish uchun turgʻun metall detektorlar bilan jihozlangan tekshirish postlari tashkil etiladi.
7. Avtovokzallarning toifalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Avtovokzallarning (avtostansiyalarning) asosiy vazifalari
8. Quyidagilar avtovokzallarning (avtostansiyalarning) asosiy vazifalari hisoblanadi:
dispetcherlik xizmatini yoʻlga qoʻyish orqali yoʻlovchi tashish xavfsizligi qoidalari talablarini inobatga olgan holda avtovokzal (avtostansiya) boʻyicha avtotransport vositalarining harakatlanish jadvaliga rioya qilinishini tashkil etish, avtotransport vositalari harakatini tartibga solish, yoʻl varaqalari va dispetcherlik hujjatlarini rasmiylashtirish, yoʻlovchilarda chiptalar mavjudligini nazorat qilish;
avtovokzallarda (avtostansiyalarda) yoʻlovchilarga yoʻnalishda harakatlanish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, xususan yangi ochilayotgan yoʻnalishlar, avtotransport vositalarining harakatlanish jadvalidagi oʻzgarishlar, yoʻnalishga joʻnatilayotgan avtotransport vositalaridagi mavjud boʻsh oʻrinlar toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilish;
yoʻlovchilarga avtovokzallarda (avtostansiyalarda) maishiy xizmat koʻrsatish, madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena xizmati koʻrsatilishini taʼminlash hamda haydovchilar uchun maishiy sharoitlar yaratish va ularning dam olishini tashkil etish, ularga dam olish uchun mebellar bilan jihozlangan xonalar taqdim etish;
avtotransport vositalarini qoʻriqlash, ularni reyslar oraligʻida texnik koʻrikdan oʻtkazish punktlarini tashkil etish, avtotransport vositalari salonlarini tozalash, yoʻnalishga chiqishdan oldin haydovchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini tashkil etish;
tashuvlar hisobini yuritish, yoʻlovchilar oqimini oʻrganish;
yongʻinga qarshi kurash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, avtovokzal (avtostansiya) hududi sanitariya-gigiyenik jihatdan toza saqlanishini taʼminlash.
4-bob. Avtovokzallarning (avtostansiyalarning) ishlash rejimi va texnologik jarayoni
9. Avtovokzal (avtostansiya) ish kunining boshlanish va tugash vaqti avtotransport vositalarining harakatlanish jadvalidan kelib chiqqan xolda avtovokzal (avtostansiya) rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
10. Uzluksiz tartibda (tunu kun) faoliyat yuritmaydigan avtovokzallar (avtostansiyalar) binosi yoʻlovchilar kirishi uchun birinchi avtotransport vositasi joʻnab ketishidan (kirib kelishidan) kamida 30 daqiqa oldin ochiq boʻlishi va harakatlanishning sutkalik jadvali boʻyicha oxirgi avtotransport vositasi kirib kelgandan (yoki joʻnab ketgandan) keyin kamida 30 daqiqadan soʻng yopilishi kerak.
11. Avtovokzalda (avtostansiyada) uzoq vaqt dam olish uchun moʻljallangan xonalar mavjud boʻlgan taqdirda avtovokzal (avtostansiya), ishlash rejimidan qatʼi nazar, unga yoʻlovchilarning tunu kun kirishi va chiqishini taʼminlanishi kerak.
12. Tushlik paytidagi tanaffus yoki xonalarni tozalash vaqtida avtovokzalni (avtostansiyani) yopib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi. Kutish zali hamda yosh bolali yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xona avtovokzalning (avtostansiyaning) butun ish kuni mobaynida foydalanish uchun ochiq boʻlishi kerak.
13. Chipta kassalarining ish vaqti avtovokzalning (avtostansiyaning) ishlash rejimiga muvofiq yoki yoʻlovchilar uchun qulay boʻlishi kerak.
14. Avtovokzalning (avtostansiyaning) harakat yoʻnalishi boʻyicha avtotransport vositalarining stansiya hududiga kirishi, unda harakatlanishi va undan chiqishi belgilanadi.
Harakat yoʻnalishini ishlab chiqishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
chiqish va kirishda oʻng tomonga burilish;
harakatning har bir yoʻnalishi uchun avtotransport vositalarining atrofdagi koʻchalardan qayrilib kelish manzillari;
yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish platformalariga avtotransport vositalarini harakat yoʻnalishi boʻyicha oʻng tomonda qoʻyish;
avtotransport vositalari harakatlanish yoʻllari yoʻlovchilar harakatlanish yoʻllari bilan kesishmasligi.
15. Yoʻlovchilar harakat yoʻnalishi boʻyicha avtovokzal (avtostansiya) hududida quyidagilar joylashtirilishi lozim:
xizmat binolari, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadigan binolar va yordamchi binolar, ularning nomi va tartib raqami;
yoʻlovchilarga maʼlumot beruvchi vositalar (avtotransport vositalarining joʻnab ketish va kirib kelish vaqti koʻrsatilgan jadvallar, chiptalarning narx jadvali, qatnov yoʻnalishlarining sxemasi).
16. Stansiya hududi chizmasida mavjud inshootlar va binolardan tashqari quyidagilar koʻrsatiladi:
avtotransport vositalarining kirish va chiqish yoʻnalishlari hamda yoʻlovchilarning avtovokzal (avtostansiya) hududidan chiqish yoʻnalishlari koʻrsatkichlari joylashtirilgan punktlar;
avtotransport vositalarining reyslar oraligʻida toʻxtab turishi uchun belgilangan joylar (postlar);
avtotransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun moʻljallangan punktlar;
yoʻnalishsiz taksilar va boshqa avtomobillar toʻxtab turishi uchun moʻljallangan joylarning koʻrsatkichlari.
Avtovokzalning (avtostansiyaning) asosiy kirish joyiga tutashib ketgan stansiya hududining bir qismi, qoida tariqasida, avtotransport vositalari toʻxtashi uchun moʻljallanmaydi.
17. Favqulodda vaziyatlar (yongʻin, zilzila, suv toshqini va boshqalar) vaqtida yoʻlovchilar va avtovokzal (avtostansiya) xodimlarini evakuatsiya qilish rejasida odamlar va moddiy boyliklarni avtovokzallar (avtostansiyalar) binolaridan evakuatsiya qilish yoʻllari belgilanadi.
5-bob. Avtotransport vositalari harakatini tashkil etish va yoʻlovchilarga madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish
18. Avtovokzallar (avtostansiyalar) hududida yoʻlovchilar va boshqa shaxslarning harakatiga faqat buning uchun maxsus tashkil etilgan va jihozlangan, tegishli belgilar, texnik vositalar orqali yoki avtovokzal (avtostansiya) xodimlari tomonidan beriladigan ovozli signallar bilan belgilanadigan joylarda ruxsat etiladi.
19. Yoʻlovchilarning avtovokzal (avtostansiya) hududi boʻylab harakat qilish yoʻlining uzunligi imkon qadar qisqa boʻlishi, yoʻlovchilar oqimi kesishmasligi hamda har bir yoʻnalish uchun alohida boʻlishi zarur.
20. Kutish zali avtotransport vositalari kirib kelishi va joʻnab ketishini kutayotgan yoʻlovchilar uchun moʻljallanadi.
21. Yosh bolali yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xonadan kichik yoshdagi yoki nogironligi boʻlgan bolasi boʻlgan yoʻlovchilar va homilador ayollar bepul foydalanadi. Yosh bolali yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xonani jihozlashda sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinishi kerak.
Kichik yoshdagi yoki nogironligi boʻlgan bolalari boʻlgan yoʻlovchilar yosh bolali yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xona navbatchisi orqali navbatdan tashqari chipta bilan taʼminlanadi.
22. Haydovchilar uzoq vaqt dam olishi uchun moʻljallangan xonalar yoʻl hujjatlari va pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi koʻrsatilgan taqdirda kelishilgan holda yoʻlovchilarga ham taqdim etilishi mumkin.
6-bob. Avtovokzallarning (avtostansiyalarning) axborot xizmatini tashkil etish
23. Axborot xizmati yoʻlovchilarga avtotransport vositalarining harakatlanishi, yurish va qoʻl yukini (bagajni) tashish shartlari hamda avtovokzal (avtostansiya) tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar haqida ishonchli maʼlumotni tezkor taqdim etish maqsadida tashkil etiladi.
24. Yoʻlovchilarga maʼlumot berish quyidagilar orqali taʼminlanadi:
vizual xabardor qilish;
tovushli xabardor qilish;
maʼlumotnoma byurosi;
“Call center” axborot xizmati;
avtomatik maʼlumotlar berish qurilmalari.
Yoʻlovchilarga barcha maʼlumotlar bepul taqdim etiladi.
25. Yoʻlovchilarni maʼlumotlar bilan vizual xabardor qilish sxemalar, jadvallar hamda axborot tablolari koʻrinishida amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
platformalar va postlar koʻrsatilgan holda avtotransport vositalarining joʻnab ketish va kirib kelish jadvali;
avtovokzal (avtostansiya) tomonidan xizmat koʻrsatiladigan yoʻnalishlar, ushbu yoʻnalishlarda yoʻl haqi va bagaj tashish narxlari;
avtovokzal (avtostansiya) joylashgan aholi punktida mavjud boʻlgan yoʻnalishlar sxemalari;
bepul va imtiyozli yurish hamda chiptalarni navbatsiz xarid qilish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar toifalari roʻyxati;
yoʻlovchilarni sugʻurtalash tartibi va turlari haqidagi maʼlumotlar;
yoʻlovchilarga avtovokzal (avtostansiya) hududida xizmat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlari va avtovokzal (avtostansiya) chipta kassalari hamda boshqa xizmatlarning joylashgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yaqin vaqt ichida amalga oshirilishi kutilayotgan qatnovlarning vaqti va joyi, shuningdek qatnov vaqtini kechiktirish yoki koʻchirish haqidagi maʼlumotlar;
turli yoʻnalishlar boʻyicha kutish maydonchalari, shuningdek madaniy-maishiy va sanitariya-gigiyena xonalarining koʻrsatgichlari.
26. Yoʻlovchilarni maʼlumotlar bilan vizual xabardor qilish vositalarini avtovokzalda (avtostansiyada) yoʻlovchilarning harakatlanish yoʻnalishlarini hisobga olgan holda joylashtirish zarur.
27. Yoʻlovchilarni maʼlumotlar bilan tovush orqali xabardor qilish avtovokzal (avtostansiya) hududida radioretranslyatsiya tarmogʻi orqali amalga oshiriladi.
28. Yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida avtovokzalda (avtostansiyada) “Call center” axborot xizmati tashkil etilishi mumkin.
29. Avtovokzalda (avtostansiyada) yoʻlovchilar quyidagi maʼlumotlarni olishi mumkin boʻlgan avtomatik qurilmalar oʻrnatilishi tavsiya etiladi:
yoʻlovchilarni qiziqtirayotgan reyslar uchun chiptalarning mavjudligi;
avtotransport vositasi kelishigacha qolgan vaqt;
kassalarning joylashgan joyi va ishlash tartibi;
yoʻlovchilarga avtovokzal (avtostansiya) hududida koʻrsatilayotgan xizmatlar roʻyxati va narxlari;
xizmat koʻrsatish jarayonidan yoʻlovchilar norozi boʻlgan hollarda ular murojaat qilishi mumkin boʻlgan avtovokzalning (avtostansiyaning) mansabdor shaxslari telefon raqamlari.
7-bob. Chipta kassalari ishini tashkil etish
30. Chiptalar sotuvi chipta kassalari yoki axborot tizimlari (maxsus veb-saytlar, mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqalar) orqali tashkil etiladi.
31. Chipta kassalarining quyidagi 3 toifasi tashkil etiladi:
chiptalarni oldindan sotish;
chiptalarni joriy (kundalik) reyslar boʻyicha sotish;
chipta olishda imtiyozli huquqqa ega boʻlgan yoʻlovchilarga chiptalar sotish (berish).
8-bob. Bagaj va qoʻl yukini vaqtincha saqlash xonalari ishini tashkil etish
32. Xalqaro va shaharlararo (viloyatlararo) yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi avtovokzallarda (avtostansiyalarda) qoʻl yuki va bagajni vaqtincha saqlash uchun saqlash xonalari tashkil etiladi.
Saqlash xonalari yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilgan holda jihozlanadi.
33. Qoʻl yuki oʻzi bilan birga yoʻl chiptalari mavjud boʻlgan fuqarolardangina qabul qilinadi.
Saqlash uchun qabul qilinayotgan buyumlarning oʻlchamlari avtotransport vositalarida tashish uchun yoʻl qoʻyiladigan meʼyorlardan ortiq boʻlmasligi kerak. Saqlash uchun buyumlar har qanday oʻramda qabul qilinadi.
Boshqa yoʻlovchilarning buyumlarini iflos qilishi yoki ularga shikast yetkazishi mumkin boʻlgan buyumlar hamda tez yonadigan, portlovchi, zaharlovchi, oʻtkir va badboʻy hidli moddalar saqlash uchun qabul qilinmaydi.
34. Saqlash xonasining ishi saqlash uchun qabul qilingan buyumning oʻrniga maxsus jeton yoki kvitansiya bergan holda tashkil etilishi mumkin.
9-bob. Shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda band boʻlgan avtotransport vositalari ishini dispetcher xizmati orqali boshqarish
35. Quyidagilar avtovokzal (avtostansiya) dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari hisoblanadi:
avtotransport vositalari tomonidan harakatlanish jadvaliga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
avtovokzal (avtostansiya) hududiga tegishli yoʻllar doirasidagi yoʻnalishlarda avtotransport vositalari harakatini nazorat qilish;
bir-biriga bogʻliq va yaqin avtovokzallar (avtostansiyalar) va haydovchilarni harakat, meteorologik va yoʻl sharoitlari toʻgʻrisida xabardor qilish;
avtotransport vositalari harakatlanish jadvalida koʻrsatilgan vaqtdan chetga chiqqan hollarda ularning rejaga koʻra harakatlanishi muntazamliligini taʼminlashga doir tezkor chora-tadbirlar koʻrish.
36. Avtotransport vositasi haydovchisi avtovokzalga (avtostansiyaga) kelganidan keyin oʻzining kelganligi haqida dispetcherga axborot beradi.
Dispetcher dispetcherlik jurnalida va haydovchining yoʻl hujjatida avtotransport vositasining kelganligini shtamp-soatlar yordamida qayd etadi.
37. Avtotransport vositasini yoʻlovchilar chiqariladigan maydonga oʻtkazish paytida navbatchi dispetcher avtovokzal (avtostansiya) boʻyicha avtotransport vositasiga yoʻlovchilarni chiqarishni boshlash vaqtini, platformaning tartib raqamini va avtotransport vositasining joʻnash vaqtini eʼlon qiladi.
38. Avtotransport vositasiga yoʻlovchilarni chiqarishdan oldin avtovokzal (avtostansiya) navbatchi dispetcheri yoki perron (chipta) nazoratchisi avtotransport vositasining jihozlanganligi va sanitariya holati, haydovchida yoʻl hujjatlarining mavjudligi (reys jadvali, yoʻnalish sxemasi hamda chiptalarni hisobga olish varaqasining mavjudligi, chiptalarning oxirgi tartib raqami yozilishining toʻgʻriligi) va ularning holati tekshiriladi.
Navbatchi dispetcher yoki perron (chipta) nazoratchisi tomonidan avtotransport vositasining jihozlanishi va sanitariya-gigiyenik holatiga oid barcha kamchiliklar va nuqsonlar (agar mavjud boʻlsa) toʻgʻrisida haydovchining yoʻl varaqasiga hamda avtotransport vositasining holati va jihozlanishini hisobga olish daftariga qaydlar kiritiladi.
Avtotransport vositasini jihozlash qoidalari buzilgan, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan avtotransport vositasi yoʻnalishga chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi va bu haqda tashuvchiga xabar beriladi. Bunda, tashuvchi harakat jadvalining bajarilishini taʼminlash maqsadida avtotransport vositasini soz holatdagi boshqa avtotransport vositasi bilan almashtirish choralarini koʻrishi kerak.
39. Avtotransport vositasi yoʻlovchilarni tashish uchun biriktirilgan platformaga toʻliq tayyor holda va belgilangan vaqtdan kechiktirmay qoʻyiladi. Bunda, shaharlararo yoʻnalishda qatnaydigan avtotransport vositasi yoʻnalishga chiqishdan 15 daqiqa oldin, shahar atrofida qatnaydigan avtotransport vositasi yoʻnalishga chiqishdan 10 daqiqa oldin tegishli platformaga qoʻyiladi.
40. Yoʻlovchilar avtotransport vositasiga ushbu reys uchun chiptalar boʻlgan taqdirdagina chiqariladi.
41. Avtotransport vositasi reysga harakatlanish jadvaliga muvofiq avtovokzal (avtostansiya) boʻyicha navbatchi dispetcher yoki perron (chipta) nazoratchisi tomonidan joʻnatiladi. Bunda, navbatchi dispetcher yoki perron (chipta) nazoratchisi quyidagilarni bajaradi:
yoʻnalishga chiqishdan besh daqiqa (tranzit avtotransport vositasida 3 daqiqa) oldin yoʻlovchilar sonining chiptalarni hisobga olish varaqasiga muvofiqligi, ularda yoʻl chiptalarining mavjudligi va avtotransport vositasida boʻsh oʻrinlar bor yoki yoʻqligini tekshiradi;
chiptalarni hisobga olish varaqasiga yoʻlovchilar sonini yozib qoʻyadi va uni haydovchiga beradi;
tekshirish oʻtkazilganligini tasdiqlagan holda chiptalarni hisobga olish varaqasiga oʻz imzosini (shtamp) qoʻyadi.
42. Chiptalarni hisobga olish varaqasida koʻrsatilgan yoʻlovchilar soni avtotransport vositasi oʻrindiqlarining soniga muvofiq boʻlishi lozim.
Yoʻlovchi avtotransport vositasiga chiqish uchun kelmagan taqdirda perron xizmati xodimi chiptalarni hisobga olish varaqasiga bu haqda belgi qoʻyadi va boʻsh oʻrinlar soni hamda ularning tartib raqamlari haqidagi maʼlumotlarni dispetcherga beradi.
10-bob. Yakuniy qoidalar
43. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
44. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Yoʻlovchi avtovokzallari va yoʻlovchi avtostansiyalari toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Avtovokzallarning toifalari va avtostansiyalarning klasslarini aniqlash
MEZONLARI
T/r Koʻrsatkichlar nomi Avtovokzallar Avtostansiyalar yirik katta oʻrta kichik I klass II klass III klass IV klass V klass 1. Yoʻlovchilarning aynan bir vaqtdagi sigʻimi 500 dan ortiq 300 dan 500 gacha 200 dan 300 gacha 100 dan 200 gacha 75 dan 100 gacha 50 dan 75 gacha 25 dan 50 gacha 25 25 2. Bir sutka ichida yoʻlanishga joʻnatilishi mumkin boʻlgan avtotransport vositalarining jami soni - - - - 150 dan ortiq 121 dan 150 gacha 71 dan 120 gacha 31 dan 70 gacha 30 va undan kam 3. Maʼmuriyat xonasi + + + + - - - - - 4. yoʻlovchilar kutishi uchun moʻljallangan binolar va xona + + + + + + kassa zali bilan qoʻshilgan Yoʻlovchilar uchun xona Yoʻlovchilar uchun usti yopiq ayvon 5. Madaniy-maishiy va sanitariya- gigiyena xona + + + + + + + + + 6. Chipta kassasi + + + + + + Yoʻlovchilar kutish zali bilan qoʻshilgan Bitta chipta sotish kassasi Bitta chipta sotish kassasi 7. Haydovchilar va yoʻlovchilarning uzoq vaqt dam olishiga moʻljallangan mehmonxona, yosh bolali yoʻlovchilarga moʻljallangan xona, qoʻl yukini (bagajni) saqlash xonasi va tibbiy punkt + + + + + - - - - 8. Yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash uchun monitor orqali kuzatish qurilmalari oʻrnatilgan xona + + - - - - - - - 9. Yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, reyslar oraligʻida avtotransport vositalari toʻxtab turadigan maydonchalar, texnik koʻrikdan oʻtkazish va avtotransport vositalari salonlarini tozalash posti + + + + + + texnik koʻrik postidan tashqari + texnik koʻrik postidan tashqari faqat yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish maydonchalari faqat yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish maydonchalari 10. Shahar yoʻlovchilar transporti (metropolitendan tashqari) kirib kelishi va turishi uchun moʻljallangan avtovokzal oldi maydoni + + + + - - - - -
