Taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida (SQ-391-IV-son)
29.09.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 29-maydagi “Taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida”gi SQ-311-IV-sonli Qaroriga asosan yuborilgan parlament soʻroviga taqdim etilgan javobni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab texnikumlar oʻquvchilari amaliyot oʻtash joylarini tashkil qilish hamda kelgusida ishga joylashishlari uchun 800 ga yaqin tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirilgan.
Yoshlarning tadbirkorlik bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida oliy va professional taʼlim muassasalarida “Kichik biznes va tadbirkorlik asoslari”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish”, “Turizmda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish” va “Biznesni tashkil etish va yuritish” fanlari va oʻquv dasturlari ishlab chiqilgan.
Xizmatchilarning asosiy lavozimlar va ishchilar kasblari klassifikatori loyihasi tayyorlanib, unga 2 163 ta yangi lavozim va kasb qoʻshilib, umumiy soni 12 151 birlikka ortgan.
2019 — 2021-yillarda Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari uchun zamonaviy binolar qurish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va xodimlarni ragʻbatlantirish uchun talab etiladigan xarajatlarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 24 mlrd 600 mln soʻm miqdorida mablagʻ moliyalashtirilib, 20 ta zamonaviy xizmat koʻrsatish binosi foydalanishga topshirilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi bakalavr va magistr diplomlarining yagona elektron bazasini shakllantirish maqsadida otm.mehnat.uz axborot tizimi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida www.ish2.mehnat.uz boʻsh (vakant) ish oʻrinlari bazasi yaratilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 29-maydagi “Taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida”gi SQ-180-IV-sonli Qarori ijrosi boʻyicha Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B. Sayfullayevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi oʻquvchilarini talab yuqori boʻlgan ikki va undan ortiq kasb-hunarga oʻqitish tizimini joriy qilish;
oliy va professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini oʻquv-ishlab chiqarish amaliyotiga jalb qilish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish;
oliy va professional taʼlim dasturlarini shakllantirish jarayoniga xususiy sektordagi ish beruvchilarni jalb etish;
yoʻnalish va mutaxassisliklar uchun maqsadli kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari tomonidan oliy taʼlim muassasalariga buyurtmalar berish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olganlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha aniq maqsadli choralar belgilash;
yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishi uchun Yoshlar sanoat zonalari hududida ishlab chiqarish maydonlarini berish hamda mazkur hududlarni yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlash;
yoshlarga oʻz innovatsion ishlanmalarini ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish va natijalarini tijoratlashtirish borasida amaliy yordam koʻrsatish;
rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrgangan holda xususiy sektorda kadrlarni ishga joylashtirish boʻyicha subyektlar faoliyatini ragʻbatlantirish tizimini yaratish;
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidagi www.ish2.mehnat.uz boʻsh (vakant) ish oʻrinlari bazasiga xususiy sektordagi boʻsh ish oʻrinlari (vakansiyalar) haqida muntazam maʼlumot kiritib borish hamda mazkur dasturdan aholi xabardorligini oshirish;
xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketadigan fuqarolar haqida maʼlumotlar bazasini yaratish, shuningdek, ularning mehnat sharoitlari, ijtimoiy va yashash-turmush taʼminoti, chet ellik ish beruvchilar bilan tuziladigan mehnat shartnomalarining huquqiy jihatlari va boshqa masalalarda yordam koʻrsatish tizimini yaxshilash choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (B. Musayev) mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida 2022-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Aholi bandligiga koʻmaklashish davlat dasturi doirasida yoshlar bandligini taʼminlash yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy parlament nazoratini oʻrnatib, mazkur masalani yilda ikki marotaba Qoʻmita majlislarida muhokama etsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (B. Sayfullayev) zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 29-sentabr,
SQ-391-IV-son
