Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri birinchi oʻrinbosari S. Saifnazarovning “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (1272-IV-son)
10.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri birinchi oʻrinbosari S. Saifnazarovning “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, suv va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv obyektlarini davlat tomonidan tartibga solish, boshqarish hamda ekspluatatsiya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida hududiy suv taʼminoti korxonalarini birlashtirgan holda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida ichimlik suvi taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish uchun respublika budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda mahalliy budjetlar, shuningdek xalqaro moliya institutlari hisobidan yetarlicha mablagʻlar ajratib kelinmoqda.
Mazkur dasturlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan manzilli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 2019-2020-yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 73 foizga yetkazildi.
Xususan, 2020-yilda investitsiya dasturlari doirasida 1 918,5 mlrd. soʻm mablagʻ hisobidan 438 ta ichimlik va oqova suv tizimlarini (4 866,6 km ichimlik suvi va 358,9 km oqova suv tarmoqlarini) qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilib, 1,2 mln. aholi ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, 2020-yilda budjet mablagʻlari va xalqaro moliya institutlari ishtirokida Buxoro, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida kanalizatsiya tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha 8 ta loyiha amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, sohaning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish hamda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli va samarali tashkil etish boʻyicha koʻrilgan choralarga qaramay bu borada hanuzgacha qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasini uzoq muddatli rivojlantirish konsepsiyasining ishlab chiqilmaganligi bu boradagi aniq davriy strategik yoʻnalishlarni belgilab olishga toʻsiq boʻlmoqda.
Shuningdek, deputatlar tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida manzilli dasturlar doirasida suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha belgilangan ayrim vazifalar oʻz muddatida bajarilmaganligi aniqlangan.
Masalan, 2019-yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida Qibray tumani “Shalola” mahallasida ichimlik suvi tarmoqlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha muayyan ishlar boshlangan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar yakuniga yetkazilmagan. Vaholanki, loyihada bu ishlarni 2019-yilning dekabriga qadar tugallash nazarda tutilgan.
Bu kabi salbiy holatlar Oʻzbekiston tumani “Jonobod” mahallasi hududidagi ichimlik suvi tizimini, Xoʻjaobod tumanidagi “Qambarota” suv olish inshootini va ichimlik suvi quvurlarini, Buxoro tumanidagi “Zarafshon” suv olish inshootini, Forish tumani markazidagi ichimlik suvi taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish hamda Urganch shahridagi “Kaparas” suv quvurini oʻrnatish loyihalarini amalga oshirish jarayonlarida ham kuzatilgan.
Bugungi kunda “Suv oqova” DUK hududiy tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi talab darajasida emasligi ularning aholiga sifatli xizmat koʻrsatish imkonini cheklamoqda. Ichimlik suvi isteʼmolini hisobga olish asboblari, shuningdek suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimi obyektlariga oid zarur barcha axborotni “onlayn” rejimda kiritish, saqlash, muntazam yangilash hamda monitoring qilishni taʼminlaydigan yagona tizimning mavjud emasligi suv isrofiga hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlar oshib ketishiga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, ayrim hududlardagi suvni muhofaza qilish zonalarida barpo etilgan aholi uylari hamda tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish korxonalari (avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, ularni yuvish hamda umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqalar) yerusti va yerosti ichimlik suvlari zaxiralariga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligi aniqlandi. Magistral suv tarmoqlari ustida noqonuniy qurilgan turli binolar, oʻz navbatida, mavjud quvurlar xavfsizligiga putur yetkazib, turli avariya holatlarini keltirib chiqarmoqda.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri birinchi oʻrinbosari S. Saifnazarovning “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish, shuningdek sohani uzoq muddatli hamda bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasida suv taʼminoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini tayyorlash;
“2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti doirasida markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari hisobidan amalga oshiriladigan suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi” doirasida oʻz vaqtida amalga oshirilmagan loyihalarning bajarilishi yuzasidan tegishli choralarni koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga (Sh. Hidoyatov):
“2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti doirasida markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari hisobidan amalga oshiriladigan suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi”da koʻzda tutilgan keyingi yillarga koʻchirilgan loyihalarning ijrosini taʼminlash;
“Suv oqova” DUK hududiy tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, aholi punktlari va suv taʼminoti obyektlari kesimida ichimlik suvini hisobga olish asboblarini oʻrnatish choralarini koʻrish;
davlat budjeti va xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan loyihalashtirilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan va yangidan bunyod etilayotgan oqova suv tozalash inshootlarida zamonaviy, yuqori tozalash koʻrsatkichiga ega texnologiyalarni joriy etish;
“Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan hamkorlikda ichimlik suvi resurslarini muhofaza qilish, ekologiyaga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan oqova suvlar bilan bogʻliq muammolarni hal etish yuzasidan olib borilayotgan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati markazlashgan kommunal va idoraviy ichimlik suvi obyektlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga mosligini doimiy ravishda oʻrganib borsin hamda suvning sifat koʻrsatkichlarining laboratoriya tahlili boʻyicha nazoratini yanada kuchaytirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga korxonalar hamda tashkilotlar tomonidan aholini markazlashgan suv bilan taʼminlashda belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihalarga muvofiq suv taʼminoti manbalaridan suv olinishini, olinayotgan suvlarning sifat koʻrsatkichlarini hamda hisobi yuritilishini taʼminlash choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ichimlik suvi taʼminoti hamda kanalizatsiya tizimi obyektlariga oid barcha zarur axborotni “onlayn” rejimda kiritish, saqlash, muntazam yangilash hamda monitoring qilish imkonini beruvchi yagona tizimni yaratish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, suv va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini oʻrnatsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Gapporov zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. SAIDOV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-avgust,
1272-IV-son
