Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi oʻrinbosari A. Kuldashevning “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (1293-IV-son)
16.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi oʻrinbosari A. Kuldashevning “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda Harakatlar strategiyasi asosida mamlakatimizda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, yongʻin xavfsizligi, seysmik kuzatuvlar hamda suv obyektlarida fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha bir qator huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik, iqtisodiy va ijtimoiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-5706-sonli Farmoniga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalari hamda Yongʻin xavfsizligi instituti Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (bundan buyon matnda Favqulodda vaziyatlar vazirligi deb yuritiladi) tarkibiga oʻtkazilib, vazirlik faoliyati yangi tashkiliy-shtat tuzilmasi asosida yuritilishi yoʻlga qoʻyildi hamda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha uygʻunlashgan yaxlit tizim yaratildi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi uchun kadrlar tayyorlash tartibi takomillashtirilib, sobiq Yongʻin xavfsizligi instituti, Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti negizida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi.
Favqulodda vaziyatlarga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan omillarni hisobga olgan holda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha bir qator tadbirlar amalga oshirilgan.
Jumladan, Amudaryo va Sirdaryo daryolari quyiladigan suv havzalari, togʻli hududlarda joylashgan koʻllar hamda jami 73 ta suv ombori va sel-suv inshootlarining holati oʻrganib chiqilgan.
Respublika boʻyicha 32 ta yer osti quduqlari, 15 ta magnitometrik va 40 ta seysmik stansiyalar kuzatuv maʼlumotlarining natijalari tahlil qilinib, olingan maʼlumotlar Ekspert kengashiga taqdim etib borildi. Shuningdek respublikada sodir boʻlgan 72 ta kuchli (sezilarli) zilzilalar monitoringi yuritildi va maʼlumotlar katalogi yaratildi.
Respublikada radiatsiyaviy, kimyoviy hamda tibbiy-biologik barqarorlikni taʼminlash maqsadida Namangan viloyatidagi Chorkesar, Toshkent viloyatidagi Yangiobod va Qiziltogʻ hududlarida joylashgan sobiq uran konlarining atrof-muhitga taʼsiri monitoringi oʻtkazilgan, Andijon viloyatidagi “Zavroq”, Namangan viloyatidagi “Bogʻi-baland”, Fargʻona viloyatidagi “Akbarobod” zaharli kimyoviy moddalar koʻmilgan joylarning va Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yakkatut” margimush chiqindilari koʻmilgan joyning atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Oʻta xavfli yuqumli kasalliklar, is gazidan va ovqatdan zaharlanishlar hamda zararli chigirtkalarning tarqalishi va tegishliligi nomaʼlum boʻlgan radiatsiya manbalarining tarqalishi bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish yuzasidan jami 112 ta maxsus-taktik oʻquv mashqlari oʻtkazilgan.
Bulardan tashqari, 2020-yilda roʻy bergan yirik tabiiy ofatlar, texnogen avariyalar va koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish borasida keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, 2020-yilda Buxoro viloyatida kuchli shamol esishi oqibatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini va Sardoba suv omborida yuzaga kelgan texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilgan.
Biroq, sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida qator muammoli masalalar ham mavjud.
Xususan, favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan favqulodda vaziyatlarga sabab boʻluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular boʻyicha tizimli kuzatuv hamda nazoratni tashkil etish va amalga oshirish borasidagi ishlar talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan.
Shuningdek favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki sodir boʻlganda aholiga belgilangan muddatlarda toʻliq xabar berish va maʼlumot yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi tashkil etilmagan.
Respublikamizdagi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi holatini hamda ularning ishonchli ishlashi yoki xavf tugʻdirishi mumkinligini aniqlaydigan texnologik asbob-uskunalarning uzluksiz va belgilangan meʼyorda ishlashini yoʻlga qoʻyish borasida ham qator muammolar mavjud.
Bundan tashqari, qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish komissiyasining tarkibiga Davlat yongʻin nazorati organlari kiritilmaganligi natijasida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilayotgan hamda foydalanishga topshirilayotgan binolar va inshootlarda shaharsozlik faoliyati sohasida yongʻin xavfsizligini texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlar talablari toʻliq bajarilmasdan qolmoqda.
Binolar va inshootlarni loyihalash hamda barpo etishda yongʻin xavfsizligi qoidalariga toʻliq rioya etilmasligi, shuningdek shaharsozlik hujjatlarini loyihalovchi va ekspertizadan oʻtkazuvchi tashkilotlarda yongʻin xavfsizligi boʻyicha mutaxassislarning yetishmasligi kabi holatlar yongʻin xavfsizligini taʼminlashda jiddiy muammolar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Tashkilotlar va obyektlarda fuqaro muhofazasi hamda yongʻin xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimlari joriy etilmagan yoki ushbu vazifalar boshqa shaxslar zimmasiga yuklatilmagan. Bu esa oʻz navbatida mazkur tashkilotlar va obyektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash tadbirlarining qoniqarsiz darajada tashkil etilishiga sabab boʻlmoqda.
Obyektlardan foydalanish davrida binolardagi yongʻinga qarshi himoya tizimlariga muntazam ravishda texnik xizmat koʻrsatilmasligi va binolarning holatini nazorat qilib borish alohida boshqaruv tashkilotlari zimmasiga yuklatilmaganligi sababli obyektlardagi yongʻinga qarshi himoya tizimlarining doimiy sozligini taʼminlash choralari koʻrilmayapti.
Qolaversa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yongʻin-qutqaruv qismlarining yongʻin-qutqaruv texnikasi hamda avariya-qutqaruv asbob-anjomlari bilan taʼminlanganlik darajasi hamon pastligicha qolmoqda.
Aholini favqulodda vaziyatlar va yongʻinlardan muhofaza qilish, ularning is gazidan zaharlanishining oldini olish, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar roʻy berganda aholini toʻgʻri harakat qilishga tayyorlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda, xususan mahallalarda olib borilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari yetarlicha samara bermayapti.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri birinchi oʻrinbosari A. Kuldashevning “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga:
Hisobotda qayd etilgan tizimli muammolarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi qonunlarini, shuningdek shaharsozlik sohasidagi yongʻin xavfsizligi talablarini oʻz ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlash, shuningdek aholining is gazidan zaharlanishining oldini olish boʻyicha tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tizimli monitoring qilib borish;
mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan birgalikda gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, ularning xavfsizligini taʼminlash, shuningdek gidrotexnika inshootlarida avariyalar yuz berishining oldini olish, ularning texnik holati hamda ularga tabiiy va texnogen omillarning taʼsiri ustidan nazoratni kuchaytirish;
aholini favqulodda vaziyatlar va yongʻinlardan muhofaza qilish, ularni bunday vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilishga tayyorlash maqsadida korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda, shuningdek mahallalarda olib boriladigan targʻibot-tashviqot ishlarining koʻlamini kengaytirish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki sodir boʻlganda aholiga xabar berish va maʼlumot yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimini belgilangan muddatlarda yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni yakuniga yetkazish;
qurilish va shaharsozlik sohalaridagi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish, shu jumladan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish komissiyalarining tarkibiga Davlat yongʻin nazorati organlari vakillarini kiritish masalasini oʻrganib chiqish;
obyektlardagi yongʻinga qarshi himoya tizimlarining sozligini taʼminlash, ularga muntazam ravishda texnik xizmat koʻrsatish va ularning holatini doimiy nazorat qilib borish tizimini kuchaytirish;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yongʻin-qutqaruv qismlarining yongʻin-qutqaruv texnikasi hamda avariya-qutqaruv asbob-anjomlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish choralarini koʻrish;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibidagi davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlardagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha rahbar xodimlarning bilim hamda koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan tadbirlarning muntazam ravishda olib borilishini nazoratga olish;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati samaradorligini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida muhokama qilib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aholini hamda hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha olib borilayotgan tadbirlar yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan joriy yilning 1-noyabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga axborot taqdim etsin.
6. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Kadirov zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-avgust,
1293-IV-son
