Yongʻin-qutqaruv sportini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (600-son)
24.09.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 10-apreldagi PQ-4276-son qaroriga muvofiq mamlakatimizda yongʻin-qutqaruv sportini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar hamda infratuzilmani yaratish, ushbu sport turi boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash, qutqaruvchilarning jismoniy va kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar yongʻin-qutqaruv sportini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar etib belgilansin:
qutqaruvchilarning jismoniy tayyorgarligi va kasbiy mahoratini izchil oshirib borish;
yoshlar orasida yongʻin-qutqaruv sportini ommalashtirish, isteʼdodli sportchilarni saralab olish va milliy terma jamoa zaxirasini shakllantirish;
zamonaviy sport inshootlarini barpo etish hamda sport texnikalari va anjomlari bilan tizimli taʼminlash orqali yongʻin-qutqaruv sporti majmualarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
yongʻin-qutqaruv sportini rivojlantirish boʻyicha ilgʻor jahon tajribasini muttasil oʻrganib borish va amaliyotga keng joriy etish.
2. Quyidagilar:
2022 — 2024-yillarda yongʻin-qutqaruv sporti majmualarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2022 — 2024-yillarda yongʻin-qutqaruv sporti majmualarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. 2022 — 2024-yillarda yongʻin-qutqaruv sporti majmualarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish dasturidagi (keyingi oʻrinlarda — Qurilish dasturi) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kapital qurilish va taʼmirlash boshqarmasi — buyurtmachi etib;
bosh loyiha tashkilotlari va bosh pudrat tashkilotlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
4. Belgilansinki, 2022 — 2024-yillarda yongʻin-qutqaruv sporti majmualarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash dasturi:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, asoslangan hisob-kitoblariga koʻra, har yili ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlarining vakillari hamda donor mamlakatlarning kredit va grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda Qurilish dasturida nazarda tutilgan markazlashtirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalari koʻrsatkichlarini har yili aniqlashtirib va yangilab borgan holda, 2021 — 2025-yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda inobatga olsin.
6. Fargʻona viloyati hokimligi yongʻin-qutqaruv sporti majmuasini qurish uchun ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda yer uchastkasini ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi buyurtmachi va loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazsin va qurilish-montaj ishlari boʻyicha davlat arxitektura-qurilish nazorati oʻrnatilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
doimiy ravishda yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha milliy terma jamoaning jahon va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida xorijiy davlatlarning mazkur sport turi boʻyicha iqtidorli trenyerlarini taklif qilish, ular ishtirokida milliy terma jamoa trenyerlari va terma jamoaga nomzod sportchilar bilan amaliy mahorat saboqlari hamda namunali oʻquv-yigʻinlarini oʻtkazishni tashkil etsin;
qutqaruvchi kasbini yoshlar orasida ommalashtirish, shuningdek, milliy terma jamoaga munosib nomzodlarni tayyorlash maqsadida yongʻin- qutqaruv sporti boʻyicha xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va harbiy-tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirda, imtiyoz (yakuniy suhbatsiz) asosida ishga qabul qilish choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining taklifiga muvofiq yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha har yili boʻlib oʻtadigan respublika va xalqaro sport musobaqalarining Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini taʼminlasin;
yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha milliy terma jamoalarni shakllantirish, shuningdek, ushbu sport turi boʻyicha hududiy va respublika bosqichlarini oʻtkazish uchun sport maydonlarini ajratishda Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yaqindan amaliy yordam bersin.
Belgilab qoʻyilsinki, yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha respublika va xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar boʻyicha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining aholi oʻrtasida sogʻlom-turmush tarzini keng targʻib qilish hamda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishni tashkil etishda vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarga koʻmaklashish maqsadida yongʻin-qutqaruv sporti majmualarini vazirlikning tasdiqlangan hisob-kitoblari boʻyicha yuridik shaxslarga shartnoma asosida, shuningdek, fuqarolarga naqd pul va naqdsiz pul shaklida foydalanish uchun berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Qurilish vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 24-yanvardagi PF-5924-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida sportning minifutbol, basketbol, voleybol, badminton va boshqa turlariga moʻljallangan koʻptarmoqli namunali tipdagi sport majmuasini 2021-2022-yillarda qurish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur namunali tipdagi sport majmuasini 2021-2022-yillarda qurish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-yanvardagi PQ-4565-son qaroriga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qoʻshimcha mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga yongʻin oʻchiruvchilar va qutqaruvchilar sporti boʻyicha oʻtkaziladigan barcha musobaqalar va ushbu yoʻnalishdagi targʻibot roliklarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish tavsiya etilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 24-sentabr,
600-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 600-son qaroriga 1-ILOVA
2022 — 2024-yillarda yongʻin-qutqaruv sporti majmualarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash
DASTURI
T/r Asbob-uskuna va jihozlarning nomi Oʻlchov birligi Jami Yillar boʻyicha 2022-yil 2023-yil 2024-yil 1. 4 qavatli oʻquv-mashq minorasi podiumi bilan (yigʻiladigan) dona 10 3 3 4 2. Titan ilgakli sport ishgʻol qilish narvoni (yigʻiladigan) dona 112 38 37 37 3. Titan ilgak (sport ishgʻol qilish narvoni uchun) dona 140 50 45 45 4. Sport yogʻoch narvoni (yigʻiladigan) dona 112 38 37 37 5. Sport uychasi dona 28 10 9 9 6. Sport bumi (sozlanadigan) dona 56 20 18 18 7. Sport devori (erkaklar uchun) 2x2 m. (transformer) dona 56 20 18 18 8. Sport devori (ayollar uchun) 0,7x2 m. (transformer) dona 56 20 18 18 9. Xavfsizlik setkasi (4 ta yoʻlakka moʻljallangan) dona 28 10 9 9 10. Sport nishoni dona 56 20 18 18 11. Yonuvchi suyuqlikni oʻchirishga moʻljallangan maxsus idish (protvenn) dona 56 20 18 18 12. Jangovar yoyilish turi uchun suv sigʻimi dona 28 10 9 9 13. “START-FINISh” elektron hisoblash uskunasi dona 3 1 1 1 14. RT-70 rusumli uch yoqlama suv ayirgichi dona 56 20 18 18 15. Yongʻin oʻchirish dastagi, shtors ulagichli (jangovar yoyilish uchun) dona 112 38 37 37 16. Alyuminli start kolodkasi dona 112 38 37 37 17. Sportchilar kamari dona 140 50 45 45 18. Sportchilar dubulgʻasi dona 140 50 45 45 19. 77 mm diametrli yongʻin oʻchirish yengi dona 1120 380 370 370 20. 51 mm diametrli yongʻin oʻchirish yengi dona 1400 500 450 450 21. RT-70 rusumli sport uch yoqlama suv ayirgichi (estafeta uchun) dona 112 38 37 37 22. Sport yongʻin oʻchirish dastagi (estafeta uchun) dona 112 38 37 37 23. 51 mm diametrli yongʻin oʻchirish yengi (estafeta uchun) dona 140 50 45 45 24. “OP-5” rusumli yongʻin oʻchirgich dona 560 200 180 180 25. Suv soʻruvchi yeng, shtors ulagichli (jangovar yoyilish uchun) dona 56 20 18 18 26. Suv soʻruvchi yeng setkasi, shtors ulagichli (jangovar yoyilish uchun) dona 28 10 9 9 27. Suv konistrasi, 20 litr hajmli (jangovar yoyilish uchun) dona 280 100 90 90 28. Trenajyorlar jamlanmasi dona 7 2 2 3 29. Tatami (m.kv.) dona 500 150 150 200
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi 600-son qaroriga 2-ILOVA
2022 — 2024-yillarda yongʻin-qutqaruv sporti majmualarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish
DASTURI
T/r Hudud nomi Loyiha boʻyicha jami obyektlar soni Yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari uchun markazlashgan kapital qoʻyilmalar prognozi (mln. soʻm) 2022-yilda 2023-yilda 2024-yilda Yangi qurilish 1. Fargʻona viloyati 1 5 250,0 Rekonstruksiya 2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1 2 250,0 3. Buxoro viloyati 1 2 250,0 4. Jizzax viloyati 1 2 250,0 5. Qashqadaryo viloyati 1 2 250,0 6. Navoiy viloyati 1 2 250,0 7. Surxondaryo viloyati 1 2 250,0 8. Xorazm viloyati 1 2 250,0 Jami yillar boʻyicha 8 4 500,0 4 500,0 12 000,0
Izoh. Yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlarining yakuniy qiymati loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash hamda oʻtkazilgan tender (tanlov) natijalariga koʻra aniqlanadi.
