6-modda. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida (O‘RQ-713-son) · Sana: 13.09.2021 · Amalda
Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
seysmik xavfsizlikni taʼminlashning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
seysmik xavfsizlik darajasini oshirish boʻyicha choralar koʻrish;
foydalanishda boʻlgan, shuningdek foydalanishga topshiriladigan binolar va inshootlar zilzilabardoshligining monitoringi hamda nazoratini amalga oshirish;
respublika hududida joylashgan suv omborlarida instrumental seysmologik va seysmometrik kuzatuvlar olib borish;
respublika hududida joylashgan suv omborlarining va boshqa gidrotexnika inshootlarining zilzilabardoshligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
mazkur sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
seysmik xavfsizlikni taʼminlashning ilmiy asoslari va texnologiyalarini takomillashtirish;
davlat organlari tomonidan zilzilalar natijasida insonlarning sogʻligʻi va hayotiga va aholining mol-mulkiga zarar yetkazilishini, shuningdek yoʻqotishlar xatarini (moddiy, iqtisodiy va boshqa) kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda seysmik xavfni, seysmik xatarni va zilzilalar yuz berishi ehtimolini prognoz qilishning, shuningdek inshootlar zilzilabardoshligining zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish;
mazkur sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
