Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida (CQ-369-IV-son)
27.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (bundan buyon matnda Kadastr agentligi deb yuritiladi) direktorining sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganini qayd etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-sentabrdagi PF-6061-sonli Farmoni bilan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etilgan.
Kadastr agentligi tomonidan oʻzaro integratsiya qilinmagan “Davreyestr”, “Koʻchmas mulk”, “Koʻchmas mulk-3” axborot tizimlari oʻrniga Jahon banki bilan hamkorlikda “Kadastr va roʻyxatdan oʻtkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” yaratilgan.
Natijada koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, yer va yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkasining chizmasi, chegarasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish yagona axborot tizimida amalga oshirish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tizimida qishloq xoʻjaligi yerlarini elektron shaklda davlat roʻyxatidan oʻtkazish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyilib, 90 mingdan ortiq fermer xoʻjaligining aniq joyi, chizmasi va chegarasi elektron xaritaga kiritilgan.
Kadastr agentligi tashkil etilgandan buyon 354 mingta qoʻshimcha obyekt aniqlangan va kadastr bazasidagi obyektlar soni 7,9 mlntaga yetkazilib, budjetga 468 mlrd soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushirilgan.
Joylardagi 403 mingta koʻchmas mulk obyektida qoʻshimcha qurilmalar aniqlangan va kadastr bahosi qayta koʻrib chiqilib, budjetga mol-mulk soligʻi boʻyicha qoʻshimcha 99,9 mlrd soʻmlik manba yaratilgan.
Shu bilan birga, tahlil va oʻrganishlar Kadastr agentligi faoliyatida tizimli kamchilik va oʻz yechimini kutayotgan muammo hamda toʻliq foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.
Jumladan, qonunchilik hujjatlari bilan Kadastr agentligi tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosi yetarli darajada taʼminlanmaganligi oqibatida qator muammolar vujudga kelgan.
Birinchidan, qonunchilikda uy-joyga egalik qilish va uni qurishning mexanizmlari mavjud boʻlishiga qaramasdan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etish holatlari hali ham kuzatilmoqda.
Birgina, 2020-yilda respublika boʻyicha 50 mingga yaqin holatda 11 200 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 200 gektarda noqonuniy uy-joy qurilgan. Ularning 99 foizi sugʻoriladigan, unumdor qishloq xoʻjaligi yerlari hisoblanadi.
Shuningdek, 2021-yilning oʻtgan yetti oyi mobaynida 11 214 ta holatda 2 ming gektardan ortiq yer maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallab olingan. Masalan, bunday holatlar Namangan viloyatida 1 800 tani, Toshkent shahrida 1 661 tani, Toshkent viloyatida 1 464 tani, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 874 tani tashkil etib, bu boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqoridir.
Mutasaddi idoralar tomonidan esa, ushbu qonun buzilishi holatlarining bor yoʻgʻi 1 188 tasi yoki 10,5 foizi bartaraf etilgan xolos.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi PF-5421-sonli Farmoni bilan Joʻqorgʻi Kenges Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, boshqa vakolatli organlarning mansabdor shaxslari keyinchalik oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga yoʻl qoʻyganliklari uchun shaxsan javobgar hisoblanishi belgilangan edi.
Ikkinchidan, Kadastr bazasida davlat roʻyxatidan oʻtmagan 2 mln 746 mingdan ortiq koʻchmas mulk obyektlarining egalik huquqi belgilanmagan. Shunday salbiy holatlarning asosiy qismi Qashqadaryo viloyatiga (517 792 ta), Samarqand viloyatiga (462 558 ta), Surxondaryo viloyatiga (339 393 ta) va Namangan viloyatiga (315 452 ta) toʻgʻri keladi. Shuningdek, mutasaddi idoralar tomonidan geografik obyektlarni nomlarini davlat reyestriga kiritish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi oqibatida respublika boʻyicha 1 123 ta koʻcha nomsiz qolgan. Bu esa oʻz navbatida turli tashkilotlar, xususan tez tibbiy yordam koʻrsatish muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarning yashash manzillarini aniqlashda qiyinchiliklarni vujudga keltirmoqda, natijada aholining haqli eʼtirozlari yuzaga kelmoqda.
Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi PF-5421-sonli Farmoni bilan oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha oʻtkazilgan bir martalik umumdavlat aksiyasi 2019-yil 1-may kuni yakunlangan.
Biroq belgilangan muddatda koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha 18 545 nafar fuqaro tomonidan bir martalik qariyb 2 mlrd 677 mln soʻm miqdoridagi yigʻim toʻlangan boʻlsa-da, shu kunga qadar ularning uy-joylarga boʻlgan mulk huquqi belgilanmagan.
Ijobiy deb topilib, yigʻim toʻlanmasdan qolgan 112,7 mingta murojaat yakuniga yetkazilmagan.
Masalan, hozirgi kunda Qashqadaryo viloyatida jami 438 294 nafar fuqaroning turar joyga egalik huquqi mavjud boʻlmasdan, 86 988 nafar fuqaro belgilanganidan ortiqcha maydonga egalik qilayotganligi oqibatida soliq stavkalari uch baravar miqdorda hisoblanmoqda.
Bunday holatlar respublikaning boshqa hududlarida ham kuzatilib, fuqarolarning koʻplab murojaatlariga sabab boʻlmoqda.
Toʻrtinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini fermer xoʻjaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari tuman hokimliklari va kadastr boʻlimlari tomonidan toʻliq bajarilmagan.
Xususan, respublika boʻyicha 2021-yil 5-avgust holatiga koʻra, 90 690 ta fermer xoʻjaligidan 2 916 tasi bilan ijara shartnomasi toʻliq rasmiylashtirilmagan.
Bu esa, oʻz navbatida fermer xoʻjaliklari va tuman hokimliklari oʻrtasida yer bilan bogʻliq turli nizolar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Beshinchidan, Kadastr agentligi tizimida kadrlar bilan ishlash oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi oqibatida, 2020-yilda 67 nafar va 2021-yilning olti oyida 48 nafar mansabdor shaxs va xodimlar tomonidan 70 ta jinoyat sodir etilgan. Davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Oltinchidan, Kadastr agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-sentabrdagi PQ-4819-sonli qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida:
“Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi;
Davlat yer kadastrini yuritish, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish hamda davlat yer nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihalari Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan boʻlsa-da, ushbu hujjatlarni qabul qilish va amaliyotga tatbiq etish ishlari toʻxtab qolgan.
Yettinchidan, Kadastr agentligi tomonidan oʻz faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda, shu jumladan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-sonli Farmoni va boshqa qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlashda ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, ushbu hujjatlarga koʻra Kadastr agentligi ochiq maʼlumotlar portalida va oʻzining rasmiy veb-saytida:
davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat berish boʻyicha tashkil etiladigan xarid komissiyalarining tarkibi;
xarid komissiyasi aʼzolari (familiyasi, ismi va otasining ismi, ish joyi va egallab turgan lavozimi);
davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobiga xarid qilinishi rejalashtirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar);
avtotransport vositalarini saqlash xarajatlari;
davlat dasturlari ijrosining bajarilganligi;
boʻsh ish oʻrinlari, ishga qabul qilish shartlari va boʻsh ish oʻrinlarini egallash uchun nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va ishga qabul qilish jarayonlari;
ochiq hayʼat majlislarini oʻtkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular oʻtkaziladigan sana, joyi va vaqti, majlislarda hozir boʻlish tartibi;
jamoatchilik kengashining belgilangan yigʻilishlari va kun tartibidagi masalalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar eʼlon qilib borilishi belgilangan boʻlsa-da, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar (data.gov.uz) bazasida joylashtirilishi lozim boʻlgan umumiy maʼlumotlarning 55,5 foizi oʻz vaqtida joylashtirilmagan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori F. Umarovning sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Kadastr agentligi direktori F. Umarov hamda tegishli rahbarlar tomonidan yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini taʼminlashda qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi qayd etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda sohaga doir qonunchilik hujjatlarini ijrosini taʼminlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbarlarning faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqsin va ularning masʼuliyatini oshirsin;
ikki oy muddatda Davlat yer kadastrini yuritish, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish hamda davlat yer nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilinishini taʼminlasin;
uch oy muddatda mutasaddi idoralar bilan birgalikda koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ijobiy deb topilgan, biroq oʻz muddatida yigʻim toʻlanmagan 112,7 ming murojaat hamda davlat boji belgilangan muddatda amalga oshirilgan, tuman (shahar) hokimining qarori oʻz muddatida qabul qilinmasdan qolgan 18,5 mingta murojaatni hal qilish choralarini koʻrsin;
uch oy muddatda “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritish choralarini koʻrsin;
kadastr bazasida davlat roʻyxatidan oʻtmagan 2 746 382 ta koʻchmas mulk obyektining egalik huquqini belgilash borasidagi ishlar samaradorligini oshirsin.
Mazkur Qarorning 3 va 4-bandlari ijrosi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan maʼlumotni joriy yilning 1-dekabriga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim qilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F. Umarov):
bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirsin:
“kadastr.uz” veb-saytini tubdan takomillashtirish va oʻzgartirish, interaktiv xizmatlarni koʻpaytirgan holda, veb-saytga sohaga oid yangiliklarni doimiy joylashtirish va yangilab borish;
boʻsh ish oʻrinlari, ishga qabul qilish shartlari va boʻsh ish oʻrinlarini egallash uchun nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va ishga qabul qilish jarayonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yangilash, jamoatchilik va fuqarolar uchun ochiqligini taʼminlash;
ochiq hayʼat majlislarini oʻtkazish rejalari, shu jumladan, majlislarning kun tartibi loyihalari, ular oʻtkaziladigan sana, joy va vaqti, majlislarda hozir boʻlish tartibi toʻgʻrisida maʼlumotlarni joylashtirish;
ikki oy muddatda yakka tartibdagi uy-joy qurish va uy-joyga xizmat koʻrsatish obyektlari bilan band boʻlgan yer uchastkalarining kadastr (bozor) qiymatini aniqlash tartibini ishlab chiqsin;
joriy yilning yakuniga qadar yer va kadastrga oid qonun buzilishi holatlarini aniqlashdan tortib bartaraf etishgacha boʻlgan holatlarni kuzatib borish imkoniga ega boʻlgan “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishga tushirsin;
Kadastr agentligi tizimida korrupsiogen omillarni bartaraf etish va korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda boʻsh yer maydonlarini tanlashdan tortib auksionga chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni oʻz ichiga olgan yagona kompleks axborot tizimi va uning mobil ilovasini yaratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (N. Yoʻldoshev) Kadastr agentligi (F. Umarov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
uch oy muddatda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan 2000 gektardan ortiq yer maydonlari boʻyicha qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda fermer xoʻjaliklari bilan tuziladigan uzoq muddatli yer uchastkalarini ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni toʻliq rasmiylashtirilishini taʼminlasin;
yer toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari normalarining buzilishiga, shu jumladan yer uchastkalarini berish va olib qoʻyish bilan bogʻliq hujjatlarni qalbakilashtirish holatlariga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan prokurorlik nazoratini kuchaytirsin;
noqonuniy yer ajratish, kadastr sohasida korrupsiya holatlari, aniqlangan huquqbuzarliklar va qonun buzilishlar toʻgʻrisida aholi va jamoatchilikni xabardor etish maqsadida matbuot anjumanlarini tashkil etib borsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga Kadastr agentligi hududiy boshqarmalari boshliqlarining sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi axborotlarini oʻz sessiyalarida muhokama qilish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu Qarorning 5-bandi ijrosi boʻyicha joriy yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot kiritsin.
8. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi (F. Boqiyev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 27-avgust,
SQ-369-IV-son
