7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlarning muomalada boʻlishi sohasidagi vakolatlari
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:
tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish chogʻida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishni amalga oshiradi;
qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni qazib olish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalarining har yilgi roʻyxatini tasdiqlaydi;
qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni sanoat usulida hamda oltin izlovchilar usulida qazib olishga doir talablarni belgilovchi Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarini kelishib oladi;
respublikaning mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturlari doirasida qimmatbaho metallar hamda qimmatbaho toshlar konlarini qidirish boʻyicha loyihalarni amalga oshiradi;
qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni sanoat usulida hamda oltin izlovchilar usulida qazib oluvchi subyektlarga tarkibida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar boʻlgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
