52-modda. Asillik darajasini aniqlash, tahlil qilish hamda tamgʻalash uchun Asillik darajasini belgilash palatasiga zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etiladigan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarga doir talablar
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar asillik darajasini aniqlash, tahlil qilish hamda tamgʻalash uchun qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni Asillik darajasini belgilash palatasiga toʻliq bitkazilgan hamda yigʻilgan tarzda taqdim etadi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni toʻliq bitkazilgan hamda yigʻilgan tarzda taqdim etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar Asillik darajasini belgilash palatasiga buyumlarni ularning barcha qismlari mavjud boʻlgan holda, toʻliq bitkazilmagan va yigʻilmagan tarzda taqdim etishi mumkin. Bunda buyumlarning barcha ikkinchi darajali va qoʻshimcha qismlari qoʻshimcha davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalanishi lozim. Tayyor buyumlarda buyumning ikkinchi darajali va qoʻshimcha qismlari kavsharlangan boʻlishi kerak.
Asillik darajasini belgilash palatasiga asillik darajasini aniqlash, tahlil qilish hamda tamgʻalash uchun taqdim etiladigan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar turkumlari boʻyicha saralangan boʻlishi kerak. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni Asillik darajasini belgilash palatasiga topshirish chogʻida zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar arizada buyumlarning qotishma tarkibini (jismoniy shaxslarning yakka tartibdagi buyurtmalari boʻyicha ularga tegishli boʻlgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlardan tayyorlangan, shuningdek qayta tiklangan (taʼmirlangan) buyumlardan tashqari) va bildirilgan asillik darajasini koʻrsatadi.
