41-modda. Asosiy davlat asillik darajasi tamgʻalarining shakllari
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida asosiy davlat asillik darajasi tamgʻalarining quyidagi shakllari belgilanadi:
oʻrtasida tasdiq belgisi joylashgan sakkiz qirrali shakldagi — qoʻshimcha davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan birgalikda tamgʻalash uchun qoʻllaniladi;
tasdiq belgisidan va asillik darajasidan tarkib topgan, chap vertikal tomoni boʻrtiq-choʻziq toʻgʻri burchak shaklidagi — oltindan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni tamgʻalash uchun qoʻllaniladi;
tasdiq belgisidan va asillik darajasidan tarkib topgan toʻgʻri burchak shaklidagi — kumushdan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni tamgʻalash uchun qoʻllaniladi;
tasdiq belgisidan va asillik darajasidan tarkib topgan, chap vertikal tomoni boʻrtiq-kesik toʻgʻri burchak shaklidagi — platinadan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni tamgʻalash uchun qoʻllaniladi;
tasdiq belgisidan va asillik darajasidan tarkib topgan, vertikal tomonlari boʻrtiq-choʻziq toʻgʻri burchak shaklidagi — palladiydan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni tamgʻalash uchun qoʻllaniladi.
