35-modda. Tamgʻalanmaydigan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Quyidagilar tamgʻalanmaydi:
ushbu Qonun 36-moddasining ikkinchi qismida belgilanganidan past asillik darajasiga ega boʻlgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar;
vakolatli organning ekspert xulosasi mavjud boʻlganda, arxeologik ashyo yoki muzey ashyosi yoxud muzey kolleksiyasi boʻlgan qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlar, shuningdek madaniy qimmatga ega boʻlgan buyumlar;
qurol, vazalar, idishlar, qutichalar va boshqa ashyolar sirtidagi qimmatbaho metalli mayda oʻyma naqshlar (qadama naqshlar);
qotishmalari tarkibi Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarida belgilanadigan oltin zarvaraq, kumush zarvaraq, oltin va kumush zarqogʻozlar, qimmatbaho metallardan tish yasashga moʻljallangan mahsulotlar uchun disklar;
Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari bilan tartibga solinadigan metall ramzi va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilgan holda, ilmiy, texnik hamda tibbiy maqsadlar uchun moʻljallangan, ishlab chiqaruvchi korxonaning rusumi, yorligʻi yoki shtampi qoʻyilgan, qimmatbaho metallardan yasalgan anjomlar, asboblar, laboratoriya idishlari va boshqa buyumlar;
qimmatbaho metallardan tayyorlangan xomaki mahsulotlar, standart va oʻlchovli quymalar;
qimmatbaho metallardan tayyorlangan pul belgilari;
davlat mukofotlari, farqlash belgilari va sport mukofotlari;
qimmatbaho boʻlmagan metallardan yasalgan, qimmatbaho metall bilan qoplangan (zarhallangan) buyumlar;
tranzit tarzida olib oʻtilayotgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar;
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning shaxsiy tamgʻa izlari boʻlmagan, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning shaxsiy tamgʻalari izlari shakli oʻzgargan yoki izdagi biron-bir qism (belgi) mavjud boʻlmagan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar;
ushbu Qonun 57-moddasining talablariga muvofiq boʻlmagan kavsharga (zargarlik buyumi qismlarining ajralmaydigan birikmasini yaratish uchun qoʻllaniladigan qimmatbaho metallar qotishmasiga) ega boʻlgan, qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlar.
