33-modda. Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan, tamgʻalanishi lozim boʻlgan zargarlik hamda boshqa buyumlar
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilish uchun moʻljallangan zargarlik hamda boshqa buyumlarning asillik darajasi aniqlanishi, bu buyumlar tahlil qilinishi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan yoki belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi bilan tamgʻalanishi lozim.
Asillik darajasini belgilash palatalarining ichki qismida oʻroq va bolgʻa tasviri tushirilgan yulduz shaklidagi tamgʻa izi, shuningdek buyumning asillik darajasini koʻrsatuvchi raqamlari mavjud boʻlgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni chakana savdo tizimi orqali realizatsiya qilish chogʻida ularning asillik darajasi aniqlanishi va bu buyumlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalanishi shart.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan asillik darajasini aniqlash hamda tamgʻalash tartibini buzgan holda qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarni realizatsiya qilganlik uchun:
huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etganda — qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumni musodara qilmasdan, zargarlik yoki boshqa buyum qiymatining ellik foizi miqdorida jarima solinishiga;
bir yil davomida mazkur huquqbuzarlikni takroran sodir etganlik uchun — qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumni musodara qilish yoxud zargarlik yoki boshqa buyum qiymatining yuz foizi miqdorida jarima solinishiga sabab boʻladi.
Asillik darajasini aniqlash va tamgʻalash tartibini buzganlik uchun moliyaviy sanksiya qoʻllash hamda qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik yoki boshqa buyumni musodara qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan, musodara qilingan zargarlik hamda boshqa buyumlarning asillik darajasi aniqlanishi va ular Oʻzbekiston Respublikasining davlat asillik darajasi tamgʻasi bilan tamgʻalanishi shart.
Asillik darajasini aniqlash va tamgʻalash tartibi buzilishiga yoʻl qoʻygan yoki qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan, bildirilgan asillik darajasiga muvofiq boʻlmagan zargarlik hamda boshqa buyumlarni realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyektlari, ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda taʼsir koʻrsatish choralari qoʻllanilgan holda, zargarlik tarmogʻining insofsiz tadbirkorlik subyektlari reyestriga kiritiladi.
