3-modda. Asosiy tushunchalar
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
asillik darajasi — kimyoviy jihatdan sof qimmatbaho metall ogʻirlik birliklarining qimmatbaho metall qotishmasining bir ming ogʻirlik birligidagi miqdori;
asillik darajasini aniqlash — qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning asillik darajasini belgilangan usullar orqali aniqlash yoki tasdiqlash;
affinaj korxonalari — qazib olingan rudalardan, konsentratlardan va yarim tayyor mahsulotlardan, shuningdek tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan parchalardan hamda chiqindilardan qimmatbaho metallarni ajratib olish va (yoki) qimmatbaho metallarni affinaj qilish boʻyicha faoliyatni litsenziya asosida amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oilaviy tadbirkorlar mustasno);
yombi — qimmatbaho metall mineral-xom ashyosidan ajratib olingan, 0,3 grammdan ortiq ogʻirlikka ega boʻlgan qimmatbaho metallning tabiiy hosilasi (donasi, zarrasi);
zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar — qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik hamda boshqa buyumlarni yasash faoliyatini olib boruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
standart quymalar — Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari talablariga, London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining (London palladiy va platina bozorining) yoki tovar-xom ashyo birjalarining talablariga muvofiq boʻlgan affinaj qilingan qimmatbaho metallar quymalari;
tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan parchalar va chiqindilar — oʻzining isteʼmol va (yoki) funksional xususiyatlarini yoʻqotgan buyumlar, shu jumladan ularning tarkibiy qismlari, tuzatib boʻlmaydigan yaroqsiz mahsulot, shuningdek ishlab chiqarish hamda foydalanish jarayonida hosil boʻlgan, tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan xom ashyoning, materiallarning, xomaki mahsulotlarning va mahsulotlarning qoldiqlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar davlat fondi — Oʻzbekiston Respublikasining moliyaviy, ishlab chiqarish, ilmiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa ehtiyojlarini taʼminlash uchun moʻljallangan fond;
oʻlchovli quymalar — Oʻzbekiston Respublikasining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari yoki quymalarni ishlab chiqaruvchi davlatning normativ hujjatlari talablariga muvofiq boʻlgan affinaj qilingan qimmatbaho metallar quymalari;
