18-modda. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida (O‘RQ-710-son) · Sana: 23.08.2021 · Amalda
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma olgan jismoniy va yuridik shaxslar (bundan buyon matnda oltin izlovchilar usulida qazib oluvchi subyektlar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma elektron auksion natijalaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan beriladi.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga va Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxslarga beriladi. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarning taʼsischilariga (ishtirokchilariga) qoʻyiladigan talablar qonunchilikda belgilanadi.
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni oltin izlovchilar usulida qazib olish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga (toʻliq yoki qisman) oʻtkazishga (berishga), shuningdek yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomani bir nechta shaxslarga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oltin izlovchilar usulida qazib oluvchi subyektlar tomonidan yer qaʼridan qazib olingan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, bundan qimmatbaho metallarning affinaj qilinmaydigan yombilari va noyob qimmatbaho toshlar mustasno, shartnomaviy narxda quyidagilarga realizatsiya qilinishi shart:
qimmatbaho metallar — affinaj korxonalariga, shuningdek qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik hamda boshqa buyumlarni yasash yoki qimmatbaho metallar bilan ishlarni amalga oshirish huquqiga ega tadbirkorlik subyektlariga;
qimmatbaho toshlar — qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan zargarlik hamda boshqa buyumlarni yasash yoki qimmatbaho metallar bilan ishlarni amalga oshirish huquqiga ega tadbirkorlik subyektlariga.
