Aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha parlament nazoratini kuchaytirish toʻgʻrisida (SQ-359-IV-son)
31.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Maʼlumki, mamlakatimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, oʻtgan davr mobaynida mazkur sohaga oid 10 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, yangi tahrirdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash va tegishincha ularni takomillashtirishga qaratilgan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlari qabul qilingan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi PF-4904-sonli Farmoni asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalari imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.
Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqot va sayyor qabullar oʻtkazish ishlari yoʻlga qoʻyildi.
Xalq qabulxonalari orqali va sayyor qabullarda koʻtarilgan dolzarb muammolar tahlili koʻplab islohotlarga ham sabab boʻldi. Oʻtgan davrda valyuta ayriboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalari boʻyicha har oyda fuqarolardan 100 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Bugungi kunda mazkur sohalardagi tizimli muammolar hal etilgani tufayli ularga oid murojaatlar keskin kamayishiga erishildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston fuqaroligini olish tartiblarining yengillashtirilgani natijasida qariyb 100 ming oilaning muammolari hal etilgan.
Sud-tergov idoralari faoliyatiga oid yillab hal boʻlmagan fuqarolarning minglab shikoyatlari oʻz yechimini topdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilishlariga majbur qilayotgan muammolarni mahallaning yoki hududlarning oʻzida hal qilish hamda ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrilmayapti.
Joylarda murojaatlarning oʻz vaqtida ijobiy hal etish masalalari koʻrilmaganligi ularning soni keskin oshib ketishiga sabab boʻlmoqda.
Yuqoridagilarni kelib chiqib hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 9-moddasi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qoʻmitalari (komissiyalari):
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilish, shuningdek, koʻtarilgan masala va muammolarni zudlik bilan hal qilish choralarini koʻrish ustuvor vazifa etib belgilasin;
Senatga kelib tushgan murojaatlarni, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi (Facebook, Instagramm, Telegramm messenger va x.k.) murojaatlarni taalluqliligiga qarab hududga biriktirilgan doimiy asosda ishlovchi senator jadval asosida hamda ishchi guruh tuzgan holda bevosita joylarga chiqib oʻrganish va hal etish choralarini koʻrsin;
murojaatni koʻrib chiqishda qoʻmitalar (komissiyalar) oʻz tashabbusiga koʻra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga koʻra koʻtarilgan masala yuzasidan senator yoki parlament soʻrovini yuborish hamda uning natijasini qoʻmita, Senat Kengashi yoxud Senatning yalpi majlisida eshitish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
nazoratga olingan murojaatlar yuzasidan axborotlarni toʻplash va ularni tegishli organlar tomonidan murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha taqdim etilgan axborotlar oʻz vaqtida murojaat muallifiga batafsil va asoslantirilgan javob xati yuborilishini taʼminlasin. Bunda masʼul senator dastlab murojaat muallifi bilan (telefon orqali) bogʻlanib, unga murojaati koʻrib chiqilayotganligi toʻgʻrisida shu kunning oʻzida maʼlum qilish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi bilan maʼlumot almashish amaliyotini joriy qilsin;
har chorakda tegishli sohaga oid vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotini eshitish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
Senatga kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilgan holda vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotlarini eshitib borsin;
oʻz vakolatlari doirasida parlament nazorati natijalari yuzasidan mansabdor shaxslar boʻyicha Senat Kengashiga taklif kiritsin;
har chorakda Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi bilan birgalikda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda aholi murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan joylarda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotlarini eshitishni yoʻlga qoʻysin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan murojaatlar bilan ishlash, aholi bilan uchrashish boʻyicha ishlarni tanqidiy oʻrganib chiqish va tizimdagi ishlarni takomillashtirish choralari koʻrilishini;
ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan masalalarni zudlik bilan bartaraf etish va tegishliligi boʻyicha oʻz vaqtida munosabat bildirib borish amaliyotini tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi apparati tarkibida tezkor munosabat bildirish bilan shugʻullanuvchi tuzilma tashkil etish masalasini koʻrib chiqilishini;
fuqarolardan eng koʻp kelib tushayotgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan masalalarni tahlil qilgan holda ular yuzasidan tushuntirishlar berib borish boʻyicha vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan zarur choralar koʻrilishini;
vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonini ochiq va shaffof kuzatib borish imkoniyatini beradigan yagona tizim yaratilishini;
har chorak yakuni boʻyicha davlat organlari hamda tashkilotlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining murojaatlar bilan ishlash hamda aholi bilan uchrashish sohasidagi faoliyatini kompleks tarzda hududlar va sohalar kesimida tahlil qilib, natijasi boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotni Oliy Majlis Senatiga kiritib borilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har chorakda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga aholi murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalarni hal etish boʻyicha axborot taqdim etsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
joylarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilish, shuningdek, koʻtarilgan masala va muammolarni zudlik bilan hal qilish choralarini koʻrish ustuvor vazifa etib belgilash;
murojaatlarni qabul qilish, har haftada sayyor qabullar oʻtkazish, natijasi yuzasidan deputat soʻrovi va eshituvlari amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
har oyda tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining axborotini eshitish va tanqidiy jihatdan muhokama qilish;
jamiyatda qizgʻin bahslarga sabab boʻlgan, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlar yuzasidan tezkor eshituvlar tashkil qilgan holda mutasaddi shaxslardan izoh talab qilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
har chorakda aniqlangan tizimli muammolarni, shu jumladan murojaatlar bilan ishlash faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularning oldini olish va ushbu sohadagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan Oliy Majlis Senatiga takliflar kiritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (N. Umarov) zimmasiga yuklansin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 31-iyul,
SQ-359-IV-son
