Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida (SQ-346-IV-son)
30.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2021-yil 6 oyida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitib va muhokama qilib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, respublikada jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, hisobot davrida sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi (43 493 tasi) fosh etilgan, qidiruvdagi 1 833 nafar shaxs ushlangan, bedarak yoʻqolgan 218 nafar shaxs topilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar qayd etilgan jami jinoyatlarning 34 foizini (15 434 ta) tashkil etgan (oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 71,4 foizga (9 004 tadan 15 434 tagacha) yaxshilangan).
Shu jumladan, ichki ishlar organlari tomonidan:
korrupsiya va iqtisod sohasida 718 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 548 ta jinoyat aniqlanib, yetkazilgan 36,2 mlrd soʻmlik moddiy zarar undirilgan;
368 kg narkotik vositalari, shuningdek, turli yot gʻoyalarni targʻib etishda foydalanilgan 26 ta adabiyot nusxasi va 7 ta maʼlumot tashuvchi qurilma olingan;
707 nafar “hujra”larda qatnashgan shaxsga hamda 379 nafar chegara qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilgan;
odam savdosiga qarshi kurashish yoʻnalishida 99 ta jinoiy holat aniqlanib, 119 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan;
avvalgi yillardan ochilmasdan qolib kelgan 3 833 ta jinoyat fosh etilgan, qidiruvdagi 1 888 nafar shaxs ushlangan, bedarak yoʻqolgan 263 nafar shaxs topilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 332 ta jinoyat aniqlangan.
Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan:
yashash, oʻqish va ish joyiga muqim ega boʻlmagan 11 890 nafar shaxsga ijtimoiy koʻmak berilishi taʼminlangan, 12 277 nafar shaxs giyohvand, ichkilikka ruju qoʻygan va ruhiy kasallar majburiy davolanishga yuborilgan, 3 990 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan;
profilaktik hisobga olingan 3 107 nafar xotin-qiz ishga joylashtirilgan, 961 nafari tibbiy dispansyerlarga, 157 nafari majburiy davolashga, 224 nafari “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish markazlari”ga yuborilgan;
tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 20 387 nafar xotin-qizga himoya ordyerlari berilib, ularning doirasida oʻtkazilgan profilaktik va ogohlantiruv tadbirlari natijasida 10 367 ta oila yarashgan, 7 841 ta nizoli masala bartaraf etilgan. Oʻz navbatida, himoya orderi cheklovlariga amal qilmagan 708 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Natijada, respublikada mavjud 9 251 ta mahallaning 4 559 tasida yoki 49,3 foizida bironta ham jinoyatlar sodir etilmadi, 1 784 tasida esa jinoyatlar past darajasi barqaror saqlanishiga erishildi.
Biroq huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmaganligi ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.
Xususan, 2021-yil 6 oyida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga oʻrtacha 132 tadan toʻgʻri kelgan va oʻtgan yilga nisbatan 111,9 foizga (21 535) ortgan.
Ushbu koʻrsatkich Toshkent shahriga 383,3 tadan, Fargʻona viloyatiga 223,4 tadan, Toshkent viloyatiga 168,4 tadan, Sirdaryo viloyatiga 151,4 tadan toʻgʻri kelib, respublika miqyosida salbiy koʻrsatkich qayd etilgan.
Taʼkidlash joizki, Senatning 2021-yil 12-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi 2020-yil yakuni boʻyicha axboroti haqida”gi SQ-245-IV-son Qarorida ham aynan ushbu hududlarda sodir etilgan jinoyatlar soni yuqoriligi qayd etilgan.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasligi oqibatida 2021-yil 6 oyida 3 236 nafar xotin-qiz tomonidan 24 ta qotillik, 21 ta ogʻir tan jarohati yetkazish, 413 ta oʻgʻrilik, 692 ta firibgarlik, 13 ta talonchilik jinoyati sodir etilgan.
Jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish borasidagi tadbirlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi oqibatida 2021-yil 6 oyida sodir etilgan jinoyatlarning 2 137 tasi yoki 4,7 foizi fosh etilmasdan qolgan.
Yoshlarning muammolarini bartaraf etishga lozim darajada eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida oʻtgan 6 oyda qayd etilgan jami jinoyatlarning 7 849 tasi (17,2 %) aynan yoshlar tomonidan sodir etilgan.
Bundan tashqari, respublika hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari oldini olish ishlari ham toʻgʻri tashkil etilmagan.
Mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bogʻliq muammolar mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarini ham takomillashtirish taqozo etiladi.
Jumladan, mazkur Qoidalardagi baʼzi bandlarning oʻrni almashtirib yuborilgani oqibatida tegishli bandlardagi havolalar mutlaqo boshqa bandlarga taalluqli.
Yoʻl harakati qoidalari 2015-yilda tasdiqlangan boʻlsa-da, haydovchilar va haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish Davlat test markazining 2011-yil 29-iyuldagi qaroriga asosan ishlab chiqilgan va Ichki ishlar vazirining 2011-yil 23-fevraldagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Test savollari imtihon biletlaridagi yoʻl harakati qoidalariga zid yoki maʼnaviy, texnik eskirgan.
Haydovchilar va haydovchilikka nomzodlardan amaliy imtihon olish uchun yaratilgan sharoitlar ham talabga javob bermaydi. Mashqlarni bajarish uchun viloyat imtihon olish boʻlinmalarida maxsus ajratilgan va jihozlangan avtodromlar mavjud emas.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-dekabrdagi 990-sonli qarorida belgilangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda zamonaviy oʻquv avtodromlarini qurish vazifasi shu kunga qadar bironta hududda bajarilmagan.
Haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatayotgan mingdan ortiq taʼlim muassasalarining aksariyatida belgilangan talablarga rioya etilmayapti.
Avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli 2021-yilning 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020-yilga nisbatan 40,8 foizga koʻproq yoʻl harakati qoidabuzarligi, jumladan 2 millionga yaqin qoʻpol qoidabuzarlik, 2020-yilga nisbatan 37,3 foizga ortgan, 20 mingdan ortiq transport vositasini mast holda boshqarish 2020-yilga nisbatan qariyb 100 foizga ortgan, 250 mingga yaqin piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.
Oqibatda, 3754 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3170 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok boʻlgan.
Eng achinarlisi, 2021-yilning oʻtgan 6 oyida bolalar bilan bogʻliq 542 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 458 nafar bola jarohatlangan va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok boʻlgan.
Ana shunday sharoitda 2021-yilning 6 oyida sodir etilgan qoidabuzarliklarning bor-yoʻgʻi 1,1 millioni kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi orqali aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-4343-sonli qarorida 2019-yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar organlarining yoʻl-patrul xizmatlarining serjantlar tarkibi lavozimlari ushbu boʻlinmalarning oliy maʼlumotga ega boʻlmagan amaldagi xodimlarining oʻrniga 2021-yil 1-dekabrgacha bosqichma-bosqich tayinlashni nazarda tutgan holda faqat oliy maʼlumotga ega yoki sirtqi shaklda oʻqiyotgan shaxslar bilan jamlanishi belgilangan boʻlsa-da, qarorda qayd etilgan ushbu muhim vazifalar ijrosi lozim darajada taʼminlanmayapti.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):
fosh etilmagan 2137 ta jinoyat boʻyicha tezkor-qidiruv ishlarini jadallashtirib, ularni qisqa muddatda fosh etishga alohida eʼtibor qaratsin;
ikki oy muddatda Toshkent shahri, Fargʻona, Toshkent, Sirdaryo viloyatlarida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni respublika boʻyicha salbiy koʻrsatkichlar qayd etilganligi sabablarini tanqidiy tahlil qilsin;
tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga nisbatan, ayniqsa, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan har bir jinoyatning sabablarini oʻrganib, oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilasin;
jinoyat soni kamayishiga erishilmagan mahallalarda uyma-uy yurib, profilaktik hisobda turgan shaxslar, notinch oilalar va uyushmagan yoshlar bilan profilaktik ishlar tizimli olib borilishini taʼminlasin;
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) bilan birgalikda oilaviy kelishmovchiliklar tufayli sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasiga kelgan oilalarni yarashtirish yoʻnalishida tizimli ishlarni muntazam ravishda olib borsin. Bu borada, ayniqsa, shaxsning hayoti va sogʻligʻiga qarshi qaratilgan, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni barcha mahallalarda tashkil etsin;
masʼul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa bandligi taʼminlanmagan yoshlar oʻrtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralarini koʻrsin;
oliy oʻquv yurti talabalari va voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim va Xalq taʼlimi vazirliklari bilan uzviy hamkorligini kuchaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilasin;
sodir etilgan jinoyatlar, shu jumladan, qasddan odam oʻldirish, ogʻir tan jarohati yetkazish jinoyatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlarini har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazish, har bir jinoyatning asl sabablarini aniqlash, xodimlarning harakat yoki harakatsizligiga baho bergan holda ularga nisbatan qatʼiy choralar koʻrsin;
jinoyatlar koʻp sodir boʻlayotgan sohalarni tahlil qilib, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda jinoyatlarni tizimli muhokama qilish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bilan shugʻullanuvchi taʼlim muassasalarini tugatgan nomzodlarni hamda haydovchilarni haydovchilik guvohnomasini olish uchun ularning bilimini baholashda nazariy imtihonning test savollarini qayta koʻrib chiqib, takomillashtirish choralarini koʻrsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi (Sh. Sodiqov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-dekabrdagi 990-sonli qarorida belgilangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda zamonaviy oʻquv avtodromlarini qurish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) bilan birgalikda 2021-yil 1-oktabrga qadar mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash tartibini tanqidiy koʻrib chiqib, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida nodavlat taʼlim muassasalarida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-sonli qarori asosida belgilab berilgan litsenziya talablari, ayniqsa, taʼlim oluvchilarning bilim va amaliy koʻnikmasiga qoʻyilgan talablarga rioya etilishini monitoring qilsin;
2021-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-maydagi “Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PQ-4343-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan zarur choralarni koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Milliy gvardiya (R. Djurayev) va Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov) bilan birgalikda:
joriy yil yakuniga qadar kriminogen ogʻir mahallalarda “Mahalla huquq-tartibot maskani” qurish choralarini koʻrsin;
bozor, koʻngilochar maskanlar va boshqa aholi gavjum joylarini inobatga olib, har bir hududda kamida ikkitadan tumanlararo patrul-post xizmati boʻlinmalarini tashkil etsin;
“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asosan har bir mahallada jinoyatlarning sabablarini “xonadonbay” va “fuqarobay” bartaraf etish borasida sektor rahbarlarining masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin;
ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bois aholining norozilik kayfiyatining barvaqt oldini olish, bu borada uyushmagan yoshlar, ayollar va doimiy eʼtiborga molik shaxslar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi koʻlamini kengaytirish, ularning muammolarini tizimli hal etish “mahallabay” ishlarini tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Qarorda qayd etilgan vazirlik, idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga belgilangan topshiriqlar ijrosini nazoratga olib, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2021-yilning 1-dekabriga qadar umumlashtirilgan maʼlumot taqdim etsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi (K. Burxanov) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 30-iyul,
SQ-346-IV-son
