Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida (520-son)
13.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida yashovchi aholining turmush tarzini yaxshilash va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, bu borada ipoteka kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi oʻrinlarda — Kadastr agentligi) maʼlumotlar bazasida Andijon viloyatining Asaka tumanida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan 38 446 ta, Shahrixon tumanida — 32 309 ta koʻchmas mulk obyektlari mavjudligi;
Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga muvofiq mulkdor boʻlmagan, lekin koʻchmas mol-mulkka oʻn besh yil davomida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini olishi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat);
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga muvofiq 2021-yil 1-avgustdan boshlab meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasi, Andijon viloyat hokimligi, tuman sektor rahbarlari, tuman soliq, ichki ishlar va adliya organlari, qurilish boʻlimi, mahalla fuqarolar yigʻini vakillaridan iborat ishchi guruh tuzgan holda uch oy muddatda Asaka va Shahrixon tumanlarida barcha koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan (keyingi oʻrinlarda — xatlov) oʻtkazsin.
3. Andijon viloyati hokimligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Kadastr agentligining xatlov natijasiga koʻra aniqlangan Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida koʻp yillar davomida fuqarolar tomonidan foydalanilib kelayotgan va huquqni belgilovchi hujjatlari mavjud boʻlmagan turar joylar (keyingi oʻrinlarda — avval qurilgan turar joylar) joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, avval qurilgan turar joylarga mazkur bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan huquqlarni eʼtirof etish uchun:
bino va inshoot joylashgan yer uchastkasi kamida oʻn besh yil mobaynida oʻziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz foydalanilgan va ushbu holat soʻnggi oʻn besh yil mobaynida mazkur koʻchmas mulk obyekti uchun yer va mol-mulk soliqlari toʻlanganligi bilan tasdiqlangan boʻlishi;
koʻchmas mulk obyektlari boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzmasligi yoki fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi, shuningdek, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilingan holda qurilgan boʻlishi;
koʻchmas mulk obyektlari aholi punkti yerlari toifasiga kirmaydigan yerlarda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda va muhofaza etiladigan hududlarda joylashgan boʻlmasligi shart.
4. Mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan shartlarga mos boʻlgan turar joylar joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqini eʼtirof etish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin:
avval qurilgan turar joylarning nomma-nom roʻyxati tuman hokimligi, tuman sektor rahbarlari, Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Andijon viloyati boshqarmasi, tuman qurilish boʻlimi, tuman adliya boʻlimi tomonidan tasdiqlanadi va Andijon viloyat hokimligiga taqdim etiladi;
Andijon viloyat hokimligi koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashiga belgilangan tartibda taklif kiritadi;
nizoli boʻlgan yer uchastkasi hamda bino va inshootlarga huquqni eʼtirof etish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun tuman hokimliklari tomonidan sudlarga daʼvo arizalar kiritiladi;
xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi yoki sudning koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarori ular tomonidan Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Andijon viloyati boshqarmasiga taqdim etiladi;
xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi yoki sud tomonidan qabul qilingan yer uchastkasiga ijara huquqi, shuningdek, bino va inshootlariga mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorga asosan, yer uchastkasi hamda bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun tegishli davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi;
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan fuqarolarga tegishli yer uchastkasini hamda bino va inshootlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha xarajatlar tuman budjetining qoʻshimcha daromadlari hisobidan qoplab beriladi;
Kadastr agentligi tegishli davlat xizmatlari markazi orqali yoʻllangan murojaatlar asosida kadastr pasportini tayyorlaydi hamda yer uchastkalari, bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazadi. Bunda avval qurilgan turar joylar egalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida yer uchastkasiga nisbatan ijara shartnomasini tuzish talab etilmaydi.
Avval qurilgan turar joylar joylashgan yer uchastkasiga ijara huquqi hamda bino va inshootlarga mulk huquqi mazkur qarorga ilovaga muvofiq sxema asosida eʼtirof etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida 2021-yil 25-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 13-avgust,
520-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-avgustdagi 520-son qaroriga ILOVA
Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Ishchi guruh Avval qurilgan turar joylarning nomma-nom roʻyxatini tasdiqlaydi va Andijon viloyat hokimligiga taqdim etadi. 3 oy muddatda 3-bosqich Andijon viloyati hokimligi Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish yoki rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashiga taklif kiritadi (nizoli obyektlar boʻyicha sudga daʼvo arizalari kiritadi). Uch ish kunida 4-bosqich Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi, sud Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorlarini Kadastr agentligi Davlat kadastrlari palatasining Andijon viloyati boshqarmasiga taqdim etadi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda 5-bosqich Mulkdor Yer uchastkasiga ijara huquqi, shuningdek, bino va inshootlarga mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisidagi qarorga asosan yer uchastkasi hamda bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun tegishli davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi. 1 oy muddatda 6-bosqich Davlat xizmatlari markazi Arizani Davlat kadastrlari palatasining Andijon viloyati boshqarmasiga yuboradi. Axborot tizimi orqali avtomatik tarzda 7-bosqich Davlat kadastrlari palatasining Andijon viloyati boshqarmasi Ariza asosida kadastr pasporti tayyorlanadi hamda yer uchastkalari, bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazadi. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda
