Yaponiya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (285-son)
08.08.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning Yaponiyaga tashrifi (2002-yil 28-31-iyul) davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yaponiya oʻrtasida doʻstlik, strategik sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotning, ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo bitimlarning, iqtisodiyot va muruvvat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisida erishilgan ahdlashuvlarning keng koʻlamda va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida imzolangan 1-ilovaga muvofiq qoʻshma hujjatlar va bitimlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring va tizimli nazorat oʻrnatsinlar;
erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish va Yaponiya bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir 2-ilovaga muvofiq tadbirlar bajarilishini taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati, Yaponiya moliyaviy tuzilmalari va kompaniyalari oʻrtasida imzolangan bitimlarni va erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrsinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
Yaponiya kompaniyalari va banklari ishtirokida amalga oshirilayotgan 3-ilovaga muvofiq investitsiya loyihalari amalga oshirilishi;
amalga oshirishga tayyorlash bosqichidagi 4-ilovaga muvofiq investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishi va ekspertizadan oʻtkazilishi, ular boʻyicha moliyalashtirish tashkil etilishi va oʻz vaqtida boshlanishi;
5-ilovaga muvofiq istiqbolli loyiha takliflari boʻyicha potensial Yaponiyalik sheriklarni va mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini aniqlash yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar oʻtkazilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin va ular boʻyicha monitoring olib borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirliklar va idoralar Yaponiya bilan iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari va quyidagi yangi loyihalarni amalga oshirish uchun ilgʻor Yaponiya texnologiyalari va investitsiyalarini jalb etish yuzasidan qoʻshma faoliyatni jonlantirishga doir zarur chora-tadbirlar koʻrsinlar:
istiqbolli neft-gaz mintaqalarida uglevodorod xom ashyoni izlash, razvedka qilish, qazib olish, qayta ishlash va transportda tashish;
energiya taʼminoti dasturi doirasida, shu jumladan elektr energetikasi korxonalarini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash hamda sanoatning bazaviy tarmoqlarida resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish;
paxta, ipak va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni taʼminlagan, eksport salohiyatini oshirgan holda yengil sanoat va oziq-ovqat sanoati korxonalarini zamonaviylashtirish va texnika bilan qayta jihozlash;
taʼlim tizimini isloh qilishni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash;
axborot texnologiyalarni rivojlantirish;
mintaqaviy va mintaqalararo transport infratuzilmasini takomillashtirish;
moliyaviy hamkorlikni kengaytirish, korxonalarni xususiylashtirish va aksiyalashtirish jarayonlarida Yaponiya kompaniyalarining ishtirok etishi, qoʻshma ishlab chiqarishlar tashkil etishda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish.
Oʻzbekiston Respublikasi bozorida investitsiya faoliyatini rivojlantirish imkoniyatlari toʻgʻrisida potensial Yaponiya investorlarining toʻliq axborot taʼminotiga erishish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining “Oʻzekspomarkaz” AJ imkoniyatlaridan keng foydalangan holda, qoʻshma biznes-seminarlar, taqdimotlar, koʻrgazmalar oʻtkazish jonlantirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Yaponiyaga tashrif yakunlari boʻyicha mustaqillik yillarida Oʻzbekiston—Yaponiya munosabatlari rivojlanishining tarixi va bosqichlari toʻgʻrisida hujjatli film tayyorlasinlar, mazkur mavzuda kitob nashr etsinlar va tashrifning asosiy yakunlari xalqaro ommaviy axborot vositalari, shuningdek “Internet” tarmogʻi kanallari orqali yoritilishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 8-avgust,
285-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 8-avgustdagi 285-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida tuzilgan BITIMLAR
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-avgustdagi 651-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 34-son, 893-modda)
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 8-avgustdagi 285-son qaroriga 2-ILOVA
Yaponiya bilan erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish TADBIRLARI
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 8-avgustdagi 285-son qaroriga 3-ILOVA
Yaponiya kompaniyalari va banklari ishtirokidagi amalga oshirish bosqichidagi investitsiya loyihalari
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 8-avgustdagi 285-son qaroriga 4-ILOVA
Yaponiya kompaniyalari va banklari ishtirokidagi amalga oshirishga tayyorlash bosqichida turgan investitsiya loyihalari
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 8-avgustdagi 285-son qaroriga 5-ILOVA
Ishlab chiqish bosqichida turgan istiqbolli loyihalar
