4-modda. Asosiy tushunchalar
Rasmiy statistika toʻgʻrisida (O‘RQ-707-son) · Sana: 11.08.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
identifikator — statistik birlikni uning nomi, geografik joylashuvi yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari asosida identifikatsiyalash imkonini beruvchi belgilar ketma-ketligi;
individual maʼlumotlar — statistik birlikni tavsiflovchi, uni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini beruvchi birlamchi maʼlumotlar;
maʼmuriy maʼlumotlar — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan oʻz vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq shakllantiriladigan maʼlumotlar;
metamaʼlumotlar — foydalanuvchilarga maʼlumotlarning manbalari, uslubiyatlari, taʼriflari, tasniflari va sifati toʻgʻrisida axborot taqdim etish yoʻli bilan statistika maʼlumotlarini hamda jarayonlarini standartlashtirilgan tarzda tavsiflovchi maʼlumotlar;
milliy statistika tizimi — rasmiy statistikani birgalikda tayyorlaydigan va tarqatadigan davlat statistika organlari hamda rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari majmui;
rasmiy statistikani tayyorlovchi — milliy statistika tizimining bir qismi boʻlgan, statistika maʼlumotlarini rasmiy statistika sohasidagi statistika dasturlariga muvofiq tayyorlaydigan davlat boshqaruvi organi va (yoki) uning boʻlinmasi;
statistika maʼlumotlari — statistika kuzatuvlari natijasida va (yoki) maʼmuriy maʼlumotlar asosida tayyorlangan iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik xususiyatga hamda boshqa xususiyatga ega axborot;
statistika maʼlumotlarini tayyorlash — statistika maʼlumotlarini yigʻish, ularga ishlov berish, ularni umumlashtirish, tahlil qilish, tarqatish va saqlash bilan bogʻliq faoliyat;
statistik birlik — statistika kuzatuviga olinishi lozim boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs (shu jumladan uning alohida boʻlinmalari, filiallari va vakolatxonalari) yoxud uy xoʻjaligi;
tasniflash — rasmiy statistika sohasida qabul qilingan usullar va belgilarga muvofiq obyektlar toʻplamini oʻxshashligi yoki farqi boʻyicha alohida kichik toʻplamlarga ajratish.
