4-modda. Asosiy tushunchalar
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aralash tashish — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini butun harakatlanish yoʻli uchun rasmiylashtirilgan yagona tashish hujjati boʻyicha har xil turdagi transportda tashish;
aralash tashishlar operatori — tashishni tashkil etuvchi hamda tashish uchun oʻzi jalb qilgan barcha tashuvchilar va uchinchi shaxslar uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oluvchi yuridik shaxs;
mijoz — tashuvchi yoki aralash tashishlar operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida transport xizmatlaridan foydalanadigan jismoniy yoki yuridik shaxs (yoʻlovchi, yuk joʻnatuvchi, yuk oluvchi, fraxtlovchi);
tashish — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini joʻnatish punktidan yetkazish punktiga tashish;
tashishlar xavfsizligi — texnogen (texnik va texnologik) xususiyatga ega tahdidlardan transport vositasi harakatlanish jarayonining hamda transport vositasining oʻzining himoyalanganlik holatini taʼminlash boʻlib, bunda tashishlar xavfsizligiga oid qoidabuzarliklar va ularning fuqarolar hayotiga yoki sogʻligʻiga, jismoniy yoki yuridik shaxslarning mol-mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻladigan oqibatlari yuzaga kelishining yoʻl qoʻyilmaydigan xavfi mavjud boʻlmaydi;
tashish hujjati — yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlaydigan, chipta, bagaj kvitansiyasi, tovar-transport yuk xati, elektron axborot tashuvchi karta yoki boshqa axborot tashuvchi tarzidagi hujjat;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda transport vositasiga ega boʻlgan, yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish boʻyicha tijorat asosida xizmatlar koʻrsatadigan, shuningdek tashish uchun tegishli litsenziyaga, sertifikatga yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
tranzit transport yoʻlagi — transport vositalarining harakatlanish yoʻnalishi boʻlib, unda tranzit yuklarni tashishni amalga oshirish uchun tranzit transport yoʻlagining pasportida koʻrsatilgan texnik, texnologik va tashkiliy shart-sharoitlar yaratiladi hamda bunday yuklar va transport vositalariga nisbatan bojxona operatsiyalarini bajarishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllaniladi;
transport — qatnov yoʻllarining, transport vositalarining, qatnov yoʻllaridagi texnik qurilmalar va inshootlarning yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish jarayonini taʼminlaydigan barcha turlari yigʻindisi;
