38-modda. Transportda xavfsizlikni taʼminlash
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Transportdagi xavfsizlik talablari, ularga rioya etilishi yuzasidan davlat tekshiruvi va nazoratining, jamoatchilik nazoratining usullari, shuningdek ularning muvofiqligini baholash shakllari normativ-huquqiy hujjatlarda hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilanadi.
Hududida xavfli yuklarni ishlab chiqarish, saqlash, yuklash, tashish va tushirish amalga oshiriladigan obyektlar umumiy foydalanishdagi joylardan, inshootlardan, turar joy massivlaridan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan va maxsus qoʻriqlanishi lozim boʻlgan obyektlardan ularning xavfsiz ishlashini taʼminlaydigan masofada uzoqlashtirilgan boʻlishi kerak.
Avtomobil yoʻllari va temir yoʻllarning ajratilgan mintaqasida joylashgan transport inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda taʼmirlash bilan bogʻliq holda kommunikatsiyalarni qayta jihozlash bunday kommunikatsiyalar mulkdorlarining va egalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Xavfli va maxsus yuklarni qoʻriqlash va kuzatib borish yuklarni joʻnatuvchilar yoki oluvchilar tomonidan butun harakatlanish yoʻli davomida taʼminlanadi. Transportda tashiladigan xavfli va maxsus yuklarning egalari, bunday yuklarni joʻnatuvchilar hamda oluvchilar ushbu yuklarni tashish chogʻida avariya holatlari yuzaga kelgan hollarda avariya vaziyatlarini va avariyalarning oqibatlarini tugatish uchun zarur boʻlgan vositalarni hamda harakatchan boʻlinmalarni jalb etgan holda ularni tashish, yuklash va tushirish xavfsizligini kafolatlashi kerak.
Transport tashkilotlari va tashuvchilar xavfli hamda maxsus yuklarni tashish xavfsizligini taʼminlashi hamda ushbu yuklarni tashish chogʻida avariyalar yuzaga kelgan hollarda ularning oqibatlarini tugatishda ishtirok etishi shart.
Xavfli va maxsus yuklarni tashish sohasida yuzaga keladigan munosabatlar qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda transport tashkilotlarining obyektlarini loyihalashtirish va qurish, ular joylashgan yerlarda yer osti inshootlarini joylashtirish taqiqlanadi. Alohida hollarda, loyihalashtirish va qurishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining ruxsati bilan yoʻl qoʻyiladi.
Faoliyati transport vositalarining harakati va ularning xavfsizligini taʼminlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan transport xodimlarining ayrim toifalari qonunchilikda belgilangan tartibda ish vaqti rejimi, dam olish rejimi va boshqa mehnat sharoitlarining oʻziga xos xususiyatlariga rioya etishi shart.
