36-modda. Favqulodda vaziyatlarda transport ishini tashkil etish
Transport toʻgʻrisida (O‘RQ-706-son) · Sana: 09.08.2021 · Amalda
Transport tashkilotlari va tashuvchilar transportning lozim boʻlgan darajada ishlashiga toʻsqinlikni keltirib chiqargan avariyalarni, halokatlarni, xavfli tabiat hodisalarini, tabiiy ofatlarni yoki boshqa ofatlarni tugatish boʻyicha shoshilinch choralar koʻradi.
Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda, favqulodda holat joriy etilganda transport tashkilotlarining hamda tashuvchilarning shartnomaviy munosabatlari mazkur favqulodda vaziyatlarni hamda ularning oqibatlarini tugatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra toʻxtatib turilishi mumkin.
Tabiiy, ijtimoiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sharoitlarida, favqulodda holat joriy etilganda transport tashkilotlari, aralash tashishlar operatorlari hamda tashuvchilarning safarbarlik tayyorgarligiga, fuqaro muhofazasi boʻyicha tadbirlarga va avariyadan qutqarish ishlariga, shuningdek kechiktirib boʻlmaydigan ishlarga doir tadbirlarni taʼminlash bilan bogʻliq tashishlarni amalga oshirishga oid xarajatlarining oʻrni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar natijasida yuzaga kelgan hamda odamlarning hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga, harakat xavfsizligiga hamda yuklarning but saqlanishiga tahdid soladigan avariyalar, halokatlar, tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini tugatishda transport tashkilotlariga, tashuvchilarga yordam koʻrsatadi, shuningdek ularni bartaraf etish, odamlar hayotini qutqarish hamda sogʻligʻini saqlash, moddiy va madaniy qimmatliklarni himoya qilish, zararni (ziyonni) kamaytirish choralarini koʻradi.
Yoʻlda qasddan toʻsiqlar yaratish hamda transport vositalarining moneliksiz va uzluksiz ishlashini izdan chiqarishga qaratilgan boshqa qonunga xilof harakatlar (harakatsizlik) natijasida yetkazilgan zararning (ziyonning) oʻrni transport tashkilotlariga aybdor shaxslar tomonidan qoplanadi.
