Oilada tibbiy madaniyatni oshirish, ayollarning sogʻligini mustahkamlash, sogʻlom avlod tugʻilishi va uni tarbiyalashning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (242-son)
05.07.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Ayollar va oʻsib kelayotgan avlod sogʻligini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2002-yil 25-yanvardagi 32-son qarorini bajarish yuzasidan hamda aholining tibbiy madaniyatini yanada oshirish, ayollar salomatligini mustahkamlash, bolalar tugʻilishi va ularni tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish, oilada sogʻlom muhit va xotirjamlikni shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sogʻlom avlod, ayollar sogʻligini mustahkamlash va oilaning tibbiy madaniyati darajasini oshirish masalalari boʻyicha doimiy ishlovchi Hukumat komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor tuzilmalar ishtirokida ishlab chiqilgan Oilada tibbiy madaniyatni oshirish, ayollarning sogʻligini mustahkamlash, sogʻlom avlod tugʻilishi va uni tarbiyalashning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlarining maqsadli dasturi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
2. Maqsadli dasturda nazarda tutilgan ayollar va bolalarning sogʻligini muhofaza qilishni kuchaytirishning quyidagilar asosida kompleks chora-tadbirlarini amalda toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash davlat, jamoat va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar va tuzilmalar, barcha darajalardagi rahbarlarning ustuvor vazifasi etib belgilansin:
homilador ayollarga va bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirish uchun bolalar va tugʻishga yordam berish muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlash;
kasalliklar belgilarini barvaqt aniqlash hamda oʻsmir qizlarni va bola tugʻish yoshidagi ayollarning ekstragenital kasalliklarini davolash, ayollarning tibbiy koʻrsatkichlarga zid boʻlgan istalmagan homiladorligi hollarining oldini olish;
turgʻun muassasalarda kamqonlik kasaliga yoʻliqqan barcha homilador ayollarni temir moddasiga boy preparatlar va dori-darmonlar bilan taʼminlash;
yoshlarning reproduktiv sogʻliq masalalari boʻyicha bilimlarini va tibbiy madaniyatini oshirish, erta va qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning oldini olishning, tugʻishlar oʻrtasidagi maqbul oraliqqa rioya qilishning dolzarbligi masalalarini aholining keng qatlamlariga yetkazish ishlarini tizimli tashkil etish;
respublikaning yetakchi klinikalari negizida pediatriya, akusherlik va ginekologiyaning dolzarb masalalari boʻyicha akusher-ginekologlar, bolalar ginekologlari, pediatrlar, anesteziolog-reanimatologlar va umumiy amaliyot vrachlari malakasini oshirishni tashkil etish, shu jumladan tugʻishga yordam berish va bolalar muassasalari xodimlarining yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalarida har yilgi tajriba orttirishini tashkil etish hisobiga kadrlar tayyorlashni takomillashtirish;
respublika va viloyat qon quyish stansiyalarini qon tayyorlash, uni qayta ishlash va saqlash apparatlari bilan jihozlash yoʻli bilan respublikaning gematologiya xizmatini rivojlantirish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, mintaqalarning oʻziga xos shart-sharoitlarini hisobga olgan, mahalliy imkoniyatlardan yuqori darajada foydalangan holda, maʼqullangan Maqsadli dasturda nazarda tutilgan maqsadlarga erishishga yoʻnaltirilgan tumanlar boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsinlar va ularning amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
4. Maqsadli dasturni amalga oshirishga doir ishlarni muvofiqlashtirish va monitoring olib borish Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 32-son qaroriga muvofiq tuzilgan sogʻlom avlod, ayollar sogʻligini mustahkamlash va oilaning tibbiy madaniyati darajasini oshirish masalalari boʻyicha doimiy ishlovchi Hukumat komissiyasi va mintaqaviy komissiyalar zimmasiga yuklansin.
Maqsadli dasturning amalga oshirilishi har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqilsin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, respublika ommaviy axborot vositalari oilada tibbiy madaniyatni oshirish, ayollarning sogʻligini mustahkamlash, sogʻlom avlod tugʻilishi va uni tarbiyalashning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishga doir dasturiy chora-tadbirlar amalga oshirilishini keng yoritishni taʼminlasinlar, turli tuzilmalar va alohida rahbarlar, mutaxassislar va fuqarolarning ijobiy natijalarga erishishdagi roli va hissasini, shuningdek ishlarning ahvoli yuzasidan ularning masʼuliyatini alohida aks ettirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va D.M. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 5-iyul,
242-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-iyuldagi 242-son qaroriga ILOVA
Oilada tibbiy madaniyatni oshirish, ayollarning sogʻligʻini mustahkamlash, sogʻlom avlod tugʻilishi va uni tarbiyalashning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlarining
MAQSADLI DASTURI
* Jahon banki missiyasining tavsiyasiga koʻra “Salomatlik” loyihasini amalga oshirish doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati qishloq vrachlik punktlarini asbob-uskunalar bilan jihozlash tavsiya qilingan.
