Auditorlarni sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-5210-son)
04.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasi asosida auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonining shaffofligini taʼminlaydigan auditorlarni sertifikatlashning zamonaviy tizimini joriy etish, shuningdek, ushbu sohadagi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik va oʻzaro aloqalarni oʻrnatish maqsadida:
1. Moliya vazirligi va auditorlarning respublika jamoat birlashmalarining (keyingi oʻrinlarda — auditorlarning jamoat birlashmalari) 2021-yil 15-avgustdan boshlab Moliya vazirligining quyidagi funksiyalarini auditorlarning jamoat birlashmalariga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
auditorning malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini (keyingi oʻrinlarda — malaka imtihonlari) oʻtkazish;
auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va uning amal qilishini tugatish;
auditorlarning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash.
2. Belgilansinki:
malaka imtihonlarini oʻtkazish reglamenti, auditorning malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish va uning amal qilishini tugatish tartibi, auditorlarning malakasini oshirish dasturlari auditorlarning jamoat birlashmalari tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;
malaka imtihonlarining tashkil etilishi va tuzilishi, malaka imtihonlariga tayyorgarlik koʻrish uchun tavsiya etilgan materiallar va oʻquv dasturlari, shuningdek, malaka imtihonlari natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar auditorlar jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi;
malaka imtihonlarida qatnashish uchun talabgorlar va auditorning malaka sertifikatiga ega auditorlar haqida maʼlumotlar bazasi auditorlarning jamoat birlashmalari tomonidan yuritiladi.
3. Respublika hududlarida auditorlik faoliyati sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashning ilgʻor usullarini joriy etish va auditorlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Auditorlarning jamoat birlashmalariga quyidagi huquqlar taqdim etilsin:
malaka imtihonlarini tasdiqlangan tartib va reglamentga muvofiq oʻtkazish uchun mustaqil ravishda yoki birgalikda imtihon markazlarini tashkil etish;
respublikaning barcha hududlarida malaka imtihonlarini tashkil etish va auditorlar malakasini oshirish maqsadida hududlardagi tarmoqlarni rivojlantirish.
5. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis institutining (keyingi oʻrinlarda — tajriba-sinov oliy taʼlim muassasalari) “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha pedagog kadrlarini akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida auditning xalqaro standartlari (keyingi oʻrinlarda — AXS) boʻyicha tezlashtirilgan tarzda oʻqitish jadvalini tasdiqlasin;
2022-yil 1-avgustdan boshlab tajriba-sinov oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlimi yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisligidagi “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha AXSni chuqur oʻrganishni nazarda tutuvchi yangilangan oʻquv dasturlarini taʼlim jarayoniga joriy etsin;
buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida akkreditatsiyadan oʻtgan oʻquv markazlarida tahsil olgan oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini 2022-yil 1-yanvarga qadar rasmiy veb-saytida eʼlon qilsin va doimiy ravishda uni yangilab borsin.
6. Moliya vazirligi:
bir oy muddatda auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda auditorning malaka sertifikatini malaka imtihonini topshirmasdan berish va muddatini uzaytirish uchun asos boʻladigan buxgalterlarning xalqaro sertifikatlari roʻyxatini tasdiqlasin;
auditorlarning jamoat birlashmalariga malaka imtihonlarini tayyorlash va oʻtkazish boʻyicha texnik va uslubiy yordam koʻrsatsin;
auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasi asosida imtihonlar oʻtkazish va natijalarni baholashning shaffofligini taʼminlovchi samarali auditorlarni sertifikatlash tizimini, shuningdek, malaka imtihonlari, auditorlarning malakasini oshirish va auditorlik faoliyatining tashqi sifat nazorati natijalari boʻyicha axborot almashinuvini tashkil etsin;
2021-yil oxiriga qadar buxgalterlarni sertifikatlash sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda “Huquq” va “Soliqqa tortish” yoʻnalishlari boʻyicha natijalari buxgalterlarni xalqaro sertifikatlash doirasida qabul qilinadigan milliy malaka imtihonini oʻtkazish tizimini joriy etish masalasini koʻrib chiqsin;
buxgalter va auditorlar uchun xalqaro taʼlim standartlarini tan olish va respublikada qoʻllash maqsadida buxgalterlarni sertifikatlash sohasidagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish choralarini koʻrsin;
auditorlarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Mazkur qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, uning ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-avgust,
PQ-5210-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5210-son qaroriga 1-ILOVA
Respublika hududlarida auditorlik faoliyati sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashning ilgʻor usullarini joriy etish va auditorlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5210-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish
9-band “9” kichik bandining rus tilidagi matnida uchinchi — yettinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“osushestvlyayet v ustanovlennom poryadke vneshniy kontrol kachestva raboti auditorskix organizatsiy;
soglasuyet poryadok i reglament provedeniya kvalifikatsionnix ekzamenov dlya polucheniya kvalifikatsionnogo sertifikata auditora, tipovuyu programmu povisheniya kvalifikatsii auditorov, utverjdennie respublikanskimi obshestvennimi obyedineniyami auditorov;
vedet Reyestr auditorskix organizatsiy i Reyestr auditorov;
obespechivayet sovershenstvovaniye informatsionnoy sistemi programmnogo kompleksa “Audit”, prednaznachennogo dlya elektronnogo vzaimodeystviya s auditorskimi organizatsiyami i respublikanskimi obshestvennimi obyedineniyami auditorov;
osushestvlyayet analiz razvitiya auditorskix uslug;”.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-avgustdagi PQ-5210-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1245-son qaroriga 31-ilovaning 12-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1887-son qaroriga 35-ilovaning 12-bandi.
