Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (487-son)
03.08.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga muvofiq:
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borish, hodisa joyiga yetib olish uchun davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkinligi;
transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan qoplanishi belgilab qoʻyilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiya (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) organlari harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq hollarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanish tartibi;
majburiy tartibda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash masalalari boʻyicha doimiy komissiyalarni tashkil etish, transport vositasidan majburiy tarzda foydalangan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) hamda transport vositasining egasi yoki uning vakili murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi;
transport vositasi egasiga yetkazilgan mulkiy zarar miqdori toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni toʻplash, mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda mulkiy zararni qoplash tartibi;
mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda uning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish manbalari.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Milliy gvardiya organlari tomonidan mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda uning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlar Milliy gvardiyaga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi;
Milliy gvardiya organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda harbiy xizmatchining (xodimining) noqonuniy xatti-harakatlari tufayli foydalanganlik natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni Milliy gvardiyaning budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-avgust,
487-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 487-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy gvardiya) organlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning (keyingi oʻrinlarda — mulkiy zarar) oʻrnini qoplash tartibini belgilaydi.
2. Milliy gvardiya organlari tomonidan mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda uning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq xarajatlar Milliy gvardiyaga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda harbiy xizmatchining (xodimining) noqonuniy xatti-harakatlari tufayli foydalanganlik natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi.
3. Milliy gvardiya organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrni ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq qoplanadi.
2-bob. Milliy gvardiya organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy foydalanish tartibi
4. Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq quyidagi hollarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkin:
shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazishda;
jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borishda;
hodisa joyiga yetib borishda.
Ushbu holatlarda transport vositalari haydovchilari Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchisining (xodimining) transport vositasidan majburiy tarzda foydalanish talabiga boʻysunishi shart.
5. Milliy gvardiya organlari tomonidan transport vositasidan majburiy tarzda foydalanilganda, transport vositasining egasiga harbiy xizmatchi (xodim) oʻz identifikatsiyalovchi hujjatini berishi shart.
Transport vositasi egasi Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchisi (xodimi) tomonidan transport vositasidan foydalanish uchun harbiy xizmatchi (xodim) identifikatsiyalovchi hujjatini taqdim etmagan taqdirda, harbiy xizmatchining (xodimning) talabini bajarmaslik huquqiga ega.
6. Quyidagi tashkilotlarning yoki fuqarolarning transport vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi:
xorijiy davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga tegishli transport vositalari;
xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan transport vositalari;
maxsus moʻljallangan va tovush chiqaruv moslamalari (sirena) oʻrnatilgan transport vositalari hamda Hukumat rahbarlarini olib yuruvchi, tez tibbiy yordam, yongʻin oʻchirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalari;
shahar yoʻlovchi tashish transport vositalari.
3-bob. Mulkiy zararning oʻrnini qoplash masalalari boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
7. Yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash masalalarini oʻrganish boʻyicha Milliy gvardiya organlari boshliqlari (komandirlari) tomonidan tasdiqlangan tegishli xizmat mutaxassislaridan iborat boʻlgan doimiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuziladi.
8. Transport vositasidan majburiy tarzda foydalangan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) holat boʻyicha barcha tasdiqlovchi hujjatlar (tibbiyot muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa vakolatli davlat tashkilotlarining maʼlumotnomalari) ilova qilingan bildirgi bilan birgalikda uch kun muddatda Milliy gvardiya organlari rahbariga murojaat qiladi.
9. Mulkiy zararning oʻrnini qoplash uchun transport vositasining egasi yoki uning vakili Milliy gvardiya organlari rahbariga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:
a) transport vositasidan majburiy foydalanganlik natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida ariza. Ushbu arizada quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxsning nomi, rekvizitlari, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, bank rekvizitlari, rahbarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
jismoniy shaxslar — familiyasi, ismi va otasining ismi, bank rekvizitlari (mavjud boʻlsa), yashash manzili va bogʻlanish uchun telefon raqami, elektron manzili (mavjud boʻlsa) toʻgʻrisida maʼlumotlar;
b) transport vositasini qayd etish guvohnomasi (texnik pasporti) nusxasi;
v) transport vositalaridan foydalangan Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchisining (xodimining) identifikatsiyalovchi hujjati;
g) yuridik yoki jismoniy shaxsning vakili uchun (transport vositasi egasining vakili murojaat qilgan taqdirda) — vakil sifatida murojaat qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
10. Milliy gvardiya organi rahbari bildirgi (ariza) tushgan kundan boshlab bir kun ichida masalani oʻrganib chiqish uchun Komissiyaga taqdim etadi.
11. Komissiya kotibi mulkiy zararni qoplash boʻyicha tegishli hujjatlarni hamda transport vositalaridan foydalanish xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda amalga oshirilganligi boʻyicha oʻrganish natijalarini Komissiya yigʻilishida koʻrib chiqish uchun tayyorlaydi.
12. Komissiya transport vositasining egasi yoki uning vakillarining murojaatlarini mazkur Nizomning 8 va 9-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab oʻn kun ichida, qoʻshimcha hujjatlarni olish (oʻrganish) talab etilganda esa yigirma kun ichida koʻrib chiqadi va natijasi boʻyicha qaror qabul qiladi.
13. Hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha mulkiy zarar qoplanishi yoki rad etilishi toʻgʻrisida Komissiyaning qarori qabul qilinadi va Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bayon bilan rasmiylashtiriladi
14. Komissiya qarori boʻyicha uch kun muddatda manfaatdor shaxslarga yozma maʼlumot beriladi.
15. Komissiya raisi va aʼzolari zararni qoplash boʻyicha taqdim etiladigan hujjatlarning haqqoniyligi, qabul qilingan qarorning qonuniyligi va toʻgʻri qabul qilinganligiga masʼul hisoblanadi.
16. Transport vositalaridan foydalangan harbiy xizmatchining (xodimning) identifikatsiyalovchi hujjati boʻlmagan taqdirda, Milliy gvardiya organlari tomonidan mulkiy zarar qoplanmaydi.
4-bob. Mulkiy zarar miqdorini aniqlash va qoplash tartibi
17. Mulkiy zarar miqdori Milliy gvardiya organlari tomonidan baholash tashkilotini jalb qilgan holda oʻn kun muddat ichida aniqlanadi.
18. Milliy gvardiya organlari transport vositasi egasiga yetkazilgan mulkiy zarar miqdori toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni vakolatli davlat organlari va boshqa davlat tashkilotlaridan talab qilib olish huquqiga ega.
19. Komissiyaning mulkiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq quyidagilar Milliy gvardiya organlari tomonidan qoplanadi:
foydalanganlik natijasida meʼyor boʻyicha sarf qilingan yoqilgʻining haqiqiy xarajat qiymati;
Milliy gvardiya organlari tomonidan foydalanilgan transport vositasiga yetkazilgan shikastni joriy taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar;
Milliy gvardiya organlari tomonidan foydalanilgan transport vositasi butunlay yaroqsiz holga kelgan va tiklash imkoni boʻlmagan hollarda, uning foydalanishdan avvalgi holatidagi bozor qiymati.
20. Mulkiy zarar oʻrnini qoplash boʻyicha tegishli qaror qabul qilingandan soʻng Milliy gvardiya organlari tomonidan oʻn kun muddatda keltirilgan mulkiy zarar qoplanishi lozim.
21. Mulkiy zarar miqdori naqd yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan Milliy gvardiya organlarining moliya xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Mulkiy zararning oʻrnini Milliy gvardiya organlari tomonidan qoplash masalalari boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
23. Mazkur Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomgaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilot va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplash
SXEMASI
