Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilgʻor texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-5200-son)
28.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mamlakatimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha klaster tizimini yoʻlga qoʻyish, alkogol bozorini tartibga solishning samarali mexanizmlarini keng joriy etgan holda respublikani sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, sohaning eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsion jozibadorligini oshirish, shuningdek, vinochilik turizmini (enoturizm) rivojlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar uzumchilikni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish uchun qulay hududlarda eng maqbul maydonlarni belgilash;
xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyatlaridan kelib chiqib, uzum yetishtirishni milliy madaniyat sifatida rivojlantirish;
uzumchilikni yirik maydonlarda, klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish orqali sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, uzumni saqlash, saralash va qayta ishlashni ragʻbatlantirish;
mahalliy uzum navlarining milliy brendlarini yaratish va yangi bozorlarga chiqish orqali eksportni kengaytirish;
ilmiy asoslangan holda uzum yetishtirish, uning yangi hosildor, danaksiz navlarini yaratish maqsadida uzumchilik ilmiy maktabini rivojlantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini yoʻlga qoʻyish.
3. Belgilansinki:
2021-yil 1-avgustdan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari (sugʻoriladigan va sugʻorilmaydigan (lalmi) yerlar) tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish uchun ochiq tanlov asosida ijaraga beriladi;
yer uchastkalari ochiq tanlov natijalariga koʻra 30 yil muddatga ijaraga beriladi;
ochiq tanlov asosida ijaraga olingan yer uchastkalaridan faqat tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish maqsadida foydalaniladi, ushbu shartning bajarilmasligi ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish uchun asos boʻladi;
tashabbuskorlarga ajratilgan maydonda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tavsiyalari asosida sertifikatlangan tok koʻchatlarini ekish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hamda oʻsimliklarni himoya qilish borasidagi vakolatli organ tavsiyalari asosida ishni tashkil etish majburiyati yuklanadi;
ochiq tanlovga yer uchastkalari dehqon xoʻjaliklari tashkil etgan holda tokzorlar barpo etish uchun — 0,06 — 1 gektar oʻlchamlarda, yaxlit konturda yirik tokzorlar barpo etish uchun 1 — 30 gektar oʻlchamlarda chiqariladi.
4. Bosh vazir oʻrinbosarlari Sh. Gʻaniyev, J. Qoʻchqorov, qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlari bilan birgalikda 48 ta tumanning har birida tuproq-iqlim sharoiti uzumchilik (xoʻraki) uchun eng qulay boʻlgan kamida 2 000 gektar yer maydonlarining ajratilishini taʼminlasin.
5. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda ikki nafardan oʻn nafargacha xodimlardan iborat, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, uzumchilikni rivojlantirish boʻyicha doimiy loyiha ofislari tashkil etilsin.
Belgilansinki:
loyiha ofislari Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda boshqa manfaatdor idoralarning masʼul xodimlarini (ish haqi saqlangan holda) jalb qilgan holda tashkil etiladi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan uzumchilik rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislarni jalb qiladi.
Quyidagilar loyiha ofislarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
intensiv usulda, shu jumladan klaster va kooperatsiya usulida tokzorlar tashkil etish;
ajratilayotgan yer maydonlarida tashabbuskorlar tomonidan tokzorlarni barpo etilishini monitoring qilish hamda sertifikatlangan tok koʻchatlarini ekish boʻyicha tavsiyalar berish;
tokzorlar barpo etishga yaroqli yer uchastkalarini tanlash, ularning belgilangan tartibda ochiq tanlovga chiqarilishini tashkil etish;
tokzorlarga koʻchatlar, mineral oʻgʻitlar yetkazib berish, agroxizmatlar koʻrsatish, mahsulotni sotishni tashkil etishga koʻmaklashish.
6. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentabrdan boshlab aholi tomorqalarida, mahallalarda uzum yetishtirishni kengaytirishning yangi mexanizmi joriy etilsin. Unga koʻra, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda:
aholi tomorqalarida uzum yetishtiruvchi tashabbuskorlarni aniqlaydi, ularning manzilli dasturini shakllantiradi;
loyiha tashabbuskorlariga manzilli dasturga asosan Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan mablagʻ ajratadi;
“Tomorqa xizmati” MCHJ orqali kooperatsiya usulida tuproq-iqlim xususiyatlaridan kelib chiqib, uzum koʻchatlarini hududlar kesimida ekish, yetishtirish, oʻsimliklar himoyasi xizmati va mahsulotni sotib olish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
Moliya vazirligi mazkur bandda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida, joriy yilda qoʻshimcha 100 milliard soʻm kredit resurslarini ajratsin.
7. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (R. Mamatov), Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev), Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi (A. Xaitov) aholi tomorqalaridan, koʻp qavatli uylar oldidagi yerlardan hamda mahalla ichki koʻchalari va katta yoʻl boʻylaridan unumli foydalanish maqsadida uzum ekishni tashkil etish choralarini koʻrsin.
8. 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba uzumchilik yoʻnalishida “eng yaxshi uzum navi”, “eng yaxshi intensiv tokzor”, “eng yaxshi mahalliy uzum navi”, “eng yaxshi vino mahsuloti” kabi nominatsiyalarda oʻtkaziladigan respublika koʻrik tanlovi taʼsis etilsin.
Belgilansinki, koʻrik tanlov gʻoliblarini pul mukofoti va boshqa esdalik sovgʻalar bilan taqdirlash Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu koʻrik tanlov nizomini tasdiqlasin.
9. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, uzum yetishtirish, uni quritish, qadoqlash, qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport qilishning toʻliq siklini yaratish maqsadida uzumchilik va vinochilik klasterlari tashkil etiladi;
b) uzumchilik va vinochilik klasterlari uchun yer maydonlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son Farmonida belgilangan tartibda ajratiladi.
Bunda, ajratiladigan yer maydonlari yaxlit konturlarda boʻlishi nazarda tutiladi;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari uzumchilik va vinochilik klasterlarini quyidagi shartlarda tanlash va faoliyatini yoʻlga qoʻyishga masʼul hisoblanadi:
uzum yetishtirish, qadoqlash, saralash, qayta ishlash va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan biznes-reja yoki texnik-iqtisodiy asos mavjudligi;
faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma obyektlari (egalik yoki foydalanish yoxud toʻliq mulk huquqi asosida), shuningdek, malakali kadrlar va boshqa vositalarning mavjudligi hamda moliyaviy barqarorligi.
10. Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi shartlari asosida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” DUKga ajratilgan hamda fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlgan 20 gektardan kam boʻlmagan yerlarda bogʻ va tokzorlarni barpo etish hamda tashabbuskorlarga berish tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etiladigan yer maydonlarining ochiq tanlov asosida “Agroservis operator” DUKga, fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilishini taʼminlaydi, “Agroservis operator” DUK va tashabbuskorlar oʻrtasida shartnoma tuziladi;
fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlari ijara shartnomasi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan yerlarda bogʻ va tokzorlar tashkil etish toʻgʻrisida operator korxona bilan shartnoma tuzadi, shartnomada “tayyor holda” topshirish tamoyili asosida bogʻ va tokzorlar tashkil etilib, 20 foiz oldindan, qolgan 80 foizini 7 yil davomida boʻlib toʻlash sharti belgilanadi;
“Agroservis operator” DUK oʻziga hamda fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilgan kamida 10 gektar yer maydonlarida zamonaviy, resurs tejaydigan texnologiyalarga asoslangan intensiv bogʻ va tokzorlar tashkil qiladi.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda zamonaviy koʻchatxonalar barpo qilish, sertifikatlangan uzum plantatsiyalarini tashkil etishni moliyalashtirish uchun Jahon bankining qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni tijorat banklariga ajratish choralarini koʻrsin. Bunda:
ushbu mablagʻlar milliy valyutada tegishincha Agentlik hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tavsiyalari asosida Markaziy bankning asosiy stavkasida tijorat banklariga resurs sifatida joylashtiriladi;
tijorat banklari 10 yil muddatga (5 yillik imtiyozli davr bilan) 3 foizdan koʻp boʻlmagan marja bilan tijorat krediti ajratadi.
12. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) respublika budjetidan Agentlikning Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasiga hamda Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligining Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga har yili qoʻshimcha 100 milliard soʻmgacha subsidiya mablagʻlarini ajratsin. Bunda, ajratilgan mablagʻlar hisobidan:
a) yaratilayotgan har 10 gektar maydondagi uzum va mevali bogʻlar plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stansiyasini qurishga har bir metri uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining tegishli dalolatnomasiga asosan;
b) yangi intensiv bogʻ va tokzorlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortishga nasos stansiyasini qurish ishlarini loyihalashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir loyihaga 10 million soʻmgacha;
v) aholi yashash punktlaridan uzoq hududlarda joylashgan 10 gektardan kam boʻlmagan lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarda uzum va mevali bogʻlar plantatsiyalarini tashkil etish uchun qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi (quyosh, suv, shamol) bilan taʼminlash uskunalarini sotib olish xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
g) mahalliy sharoitda “in-vitro” usulida yetishtirilgan har bir dona tok koʻchati va payvandtagli tok koʻchati uchun 5 ming soʻm miqdorida;
d) mahalliy ishlab chiqaruvchi klasterlar tomonidan eksport qilingan har bir litr uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qoʻshilmagan holda) hamda brendi uchun 5 ming soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda;
e) uzum koʻchatlarini shpalerga (yogʻoch va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) koʻtarish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida bir dona shpalerga 15 ming soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
yo) mayiz quritish va qadoqlash liniyalari hamda vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, biroq 300 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
Belgilansinki, mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan imtiyoz oldin har 35 gektar maydonda uzum va mevali bogʻlar plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish maqsadida nasos stansiyasini qurishga subsidiya olgan tadbirkorlik subyektlariga yangidan quduq qazish hamda nasos stansiyasini qurish sharti bilan tatbiq etiladi.
13. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
2022-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy ishlab chiqarilgan uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qoʻshilmagan holda) va koʻpiklanadigan vinoning 1 daliga aksiz soligʻi 1 soʻm etib belgilanadi;
2021-yil 1-avgustdan 2024-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda import qilinayotgan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uzumchilik va vinochilik sohasida qoʻllanadigan xom ashyo, uskunalar, maxsus texnikalar, ehtiyot qismlar, shuningdek, eman bochkalar va zanglamaydigan sigʻimlar (yigʻilmagan va tayyor shaklda) hamda ularning butlovchi qismlari 3-ilovaga asosan bojxona bojidan ozod etiladi.
Agentlik ikki oy muddatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qoʻshilmagan holda) va koʻpiklanadigan vinoning 1 daliga aksiz soligʻini 1 soʻm etib belgilash boʻyicha Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmanov) bilan birgalikda:
bir oy muddatda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ilmiy-tadqiqot institutlarining yer maydonlarida kamida 500 gektar tuproq-iqlim sharoitiga mos boʻlgan, urugʻsiz, sovuqqa chidamli, eksportbop va payvandtagli uzum koʻchatlari yetishtirishni;
2021-2022-yillarda uzumning hosildorligi yuqori, sovuqqa va kasallikka chidamli hamda danaksiz yangi navlarini yaratish maqsadida Rossiya, Chili, Turkiya, Italiya va boshqa mamlakatlarning ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni tashkil etsin;
yangidan tashkil etiladigan tokzorlarga maqsadli koʻrsatkichlar asosida subsidiya ajratish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
16. Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda uzumning viruslardan holi, sertifikatlangan, urugʻsiz, sovuqqa chidamli, eksportbop, yangi navlarini yaratish, ularning koʻchatzorlarini tashkil etish, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurashish, innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga oid grantlar tanlovini eʼlon qilsin.
17. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshqulov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) bilan birgalikda 2021-yil yakuniga qadar Jizzax davlat universiteti hamda Fargʻona davlat universitetida uzumchilik va vinochilik rivojlangan xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma fakultet tashkil etsin.
18. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A. Voitov) xalqaro marketing kompaniyalarini jalb qilgan holda mahalliy xoʻraki uzum navlari, mayiz va tabiiy vinoning milliy brend sifatida Xitoy, Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropa davlatlari va boshqa mamlakatlarga eksportini tashkil etish maqsadida:
xorijdan malakali marketologlarni jalb qilsin;
har bir hududda salohiyatli eksportyorlarni aniqlab, ularning mahsulot yetishtiruvchilar bilan oʻzaro ishonch va shartnomaviy munosabatlarga asoslangan tizimli hamkorligini yoʻlga qoʻysin;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining xorijdagi boʻlinmalari, savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha kotiblarni jalb qilgan holda xorijiy davlatlarning ulgurji savdo tashkilotlari bilan mahsulot xaridiga doir bitimlar tuzilishini tashkil etsin;
uzum va uzum mahsulotlari eksportini rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni nazarda tutuvchi 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, uning ijrosini taʼminlasin.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (I. Ergashev) koʻrsatib oʻtilgan mamlakatlarga mahalliy xoʻraki uzum navlari va mayizni eksport qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazsin hamda mavjud talablarni tadbirkorlik subyektlariga yetkazish choralarini koʻrsin.
19. Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-martga qadar ilmiy xodimlar, soha mutaxassislari hamda uzum yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilarni “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda xalqaro moliya institutlari grant mablagʻlari hisobiga uzumchilik rivojlangan xorijiy mamlakatlarga uzoq va qisqa muddatli stajirovka, malaka oshirish va oʻqishga yuborish choralarini koʻrsin.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Agroxizmatlar markazlari uchun yetuk kadrlarni tayyorlash, ularni doimiy malakasini oshirish orqali kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan uzumchilik yoʻnalishidagi mutaxassislarning xorijiy mamlakatlarda malakasini muntazam ravishda oshirishni taʼminlasin.
21. Aholi salomatligini taʼminlash, alkogoldan zaharlanish holatlarining oldini olish, texnik talablarga javob bermaydigan, noqonuniy va qoʻlbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari aylanmasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida Alkogol mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va ularning aylanmasiga qarshi kurashish Kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) 5-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. Bunda, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi Kengashning ishchi organi etib belgilansin.
Kengashga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
nazorat qiluvchi va boshqa vakolatli davlat organlarining mahsulotlarni noqonuniy ishlab chiqarish va realizatsiya qilishning oldini olishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtirish;
vakolatli organlar tomonidan ishonchli maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda tegishli ruxsatnomalarsiz ishlab chiqarilgan yoki sotilayotgan, aksiz markalari boʻlmagan yoki qalbakilashtirilgan alkogol va tamaki mahsulotlarini aniqlash tadbirlarini ishlab chiqish;
isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega korxonalar tomonidan noqonuniy, qalbaki, qoʻlbola va sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarish holatlari aniqlangan taqdirda, ularga nisbatan litsenziyani bekor qilishgacha boʻlgan taʼsir choralari koʻrilishi boʻyicha takliflar kiritish;
alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar hamda alkogol mahsulotlari savdo tashkilotlaridan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq tushishini tahlil qilib, kelgusidagi harakat dasturlarini belgilash.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga mazkur qarorning ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining axborotlarini har yili Senat va tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borishni tashkil qilish tavsiya etilsin.
24. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
26. Agentlik Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
27. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlashda masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari A.M. Toʻrayev va Agentlik direktori R.M. Boboyev belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari Sh.M. Gʻaniyev, J.A. Qoʻchqarov, S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-iyul,
PQ-5200-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5200-son qaroriga 2-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK tomonidan intensiv bogʻ va tokzorlarni barpo etish va ularni tashabbuskorlarga berish
TARTIBI
Bosqich Subyekt Tadbir Muddat 1-bosqich Tashabbuskor (fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari) a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etiladigan yer maydonlarini ochiq tanlov asosida “Agroservis operator” DUKga, fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilishini taʼminlaydi, “Agroservis operator” DUK va tashabbuskorlar oʻrtasida shartnoma tuziladi; b) fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlari ijara shartnomasi asosida oʻzlariga tegishli boʻlgan yerlarda bogʻ va tokzorlar tashkil etish toʻgʻrisida operator korxona bilan shartnoma tuzadi. Shartnomada “tayyor holda” topshirish tamoyili asosida bogʻ va tokzorlar tashkil etilib, shartnoma qiymatining 20 foizini oldindan, qolgan 80 foizini 7 yil davomida boʻlib toʻlash sharti belgilanadi. 2021-2022-yillar davomida 2-bosqich Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK “Agroservis operator” DUK oʻziga hamda fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berilgan kamida 20 gektar yer maydonlarida zamonaviy, resurs tejaydigan texnologiyalarga asoslangan intensiv bogʻ va tokzorlar tashkil qiladi. Shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda 3-bosqich Tashabbuskor (fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari) Tashabbuskorlar oʻzlariga tegishli boʻlgan yer maydonlarida barpo etiladigan bogʻ va tokzorlarga boʻlgan mulk huquqini hamda yerga boʻlgan ijara huquqini toʻlovlar amalga oshirilgunga qadar “Agroservis operator” DUK foydasiga garovga qoʻyadi. Shartnoma tuzilganidan soʻng 4-bosqich Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” DUK Bogʻ va tokzorlarni dastlabki 3 yil mobaynida parvarishlab berishni va buyurtmachiga tayyor holda topshirishni kafolatlaydi. Shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda garovga qoʻyilgan mulk huquqi hamda yerga boʻlgan ijara huquqi operator korxonaga oʻtadi. Shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda
Izoh: Mazkur tartib Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi “Agroservis operator” DUKning Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi shartlari asosida barpo etiladigan bogʻ va tokzorlariga tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5200-son qaroriga 3-ILOVA
Import qilinadigan va bojxona bojidan ozod etiladigan, uzumchilik va vinochilik sohasida qoʻllanadigan xom ashyo, uskunalar, maxsus texnikalar, ehtiyot qismlar, eman bochkalar va zanglamaydigan sigʻimlar hamda ularning butlovchi qismlari
ROʻYXATI
T/r Tovar nomenklaturasi TIF TN kodlari 1. Boshqa tirik oʻsimliklar (shu jumladan ularning ildizlari), qalamcha va yoʻgʻon tomir, toʻqima: Ildizsiz qalamcha va yoʻgʻon tomir: uzum; boshqa (tok uchun payvandtaglar) boshqa (in-vitro koʻchatlari) 0602 0602 10 0000 0602 10 1000 0602 10 9000 2. Vino ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan faol xamirturushlar, boshqalar 2102 10 1000 2102 10 9000 3. Vodorodfosfat diammoniy (fosfat diammoniy) 3105 30 0000 4. Ekstraktlar sumaxa, ekstrakt valonei, eman (dub) ekstrakti va kashtan ekstrakti 3201 90 2000 5. Faollashtirilgan koʻmir 3802 10 0000 6. Plastmassadan tayyorlangan quvurlar, naychalar, shlanglar va ularni birlashtiruvchilari (masalan, muftalar, tirsaklar, gardishlar) 3917 39 0001 7. Suyuqliklarni sanoat va laboratoriya maqsadlarida filtrlash uchun membrana filtri elementlari (neylon, plastmassa, sellyuloza nitrat, polivinilidentftorid, atsetat va nitrat aralashmasi) 3926 90 9709 8. Yogʻoch idishlar, bochkalar, krujkalar, vannalar va boshqa yogʻoch (bondarlik) mahsulotlar va ularning qismlari, shu jumladan klepka 4416 00 0000 9. Tabiiy poʻkakdan tayyorlangan silindrik tiqinlar va qopqoqlar 4503 10 1000 10. Aglomeratlangan qopqoqlar (bogʻlovchi bilan yoki bogʻichsiz) va undan koʻpikli vinolar uchun buyumlar, shu jumladan tabiiy mantarlardan boʻlgan shaybali tiqinlar 4504 10 1100 11. Agromeratlangan poʻkak (bogʻlovchi bilan yoki bogʻichsiz) va undan tayyorlangan boshqa buyumlar 4504 10 1900 12. Oziq-ovqat suyuqliklari uchun filtrlangan karton va qogʻoz 4805 40 0000 13. Korroziyaga chidamli quvurlar 7306 40 8009 14. Qora metallardan tayyorlangan, har qanday moddalar uchun (siqilgan yoki suyultirilgan gazdan tashqari) hajmi 300 litrdan ortiq boʻlgan, qoplama yoki issiqlik izolyatsiyasi bilan yoki ularsiz, lekin mexanik yoki isitish texnik uskunalari boʻlmagan rezervuarlar, sisternalar, baklar va shunga oʻxshash sigʻimlar 7309 00 5900 15. Vino saqlash uchun sigʻimlar 7310 10 0000 16. Hisoblagichli yoki hisoblagichsiz nasoslar, suyuqlik koʻtaruvchilar 8413 17. Suyuqliklarni yoki poroshoklarni otish, purkash yoki sepish uchun mexanik qurilmalar (qoʻlda boshqarish bilan yoki ularsiz); 8424 Toʻldirilgan yoki toʻldirilmagan holdagi oʻt oʻchirish vositalari; Purkovchi va shu kabi moslamalar; Bugʻ yoki qum otuvchi va shu kabi moslamalar: qishloq xoʻjaligi yoki bogʻdorchilik uchun purkagichlar; 8424 41 1000 koʻchma purkagichlar; boshqalar (traktorlarga oʻrnatish yoki traktorlar shatakka olinishiga moʻljallangan) 8424 49 9100 18. Tuproqqa ishlov berish va tayyorlash uchun qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik yoki oʻrmon xoʻjaligi mashinalari: Maysazor va sport maydonchalari uchun katoklar; Shudgorlash va tok tuplarini koʻmuvchi agregat; tok tuplarini yarim ochuvchi agregat; tok tuplarini toʻliq ochuvchi agregat; 8432 8432 10 0000 19. Diskli baronalar 8432 21 0000 20. Turli kultivatorlar 8432 29 1000 21. Baronalar 8432 29 3000 22. Aylanma ishlov beruvchilar (pochvofrez) 8432 29 5000 23. Markaziy privodli urugʻni aniq ekuvchi mashinalari Ekkichlar va koʻchat ekish mashinalari 8432 39 1100 8432 39 9000 24. Organik va noorganik oʻgʻitlarni purkovchi va sochuvchi moslama: organik oʻgʻitlar uchun; noorganik oʻgʻitlar uchun. 8432 41 0000 8432 42 0000 25. Tuproqqa ishlov berish va tayyorlash uchun moʻljallangan boshqa qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik yoki oʻrmon xoʻjaligi texnikalari va maysazorlar va sport maydonchalari uchun jihozlar 8432 80 0000 26. Tuproqqa ishlov berish va tayyorlash uchun moʻljallangan boshqa qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik yoki oʻrmon xoʻjaligi texnikalarining hamda maysazorlar va sport maydonchalari uchun jihozlarning butlovchi qismlari 8432 90 0000 27. Tirkamalar va yarim tirkamalar; yurmaydigan boshqa transport vositalari, ularning qismlari: qishloq xoʻjaligi uchun oʻzi yuklovchi yoki yukni oʻzi tushiruvchi tirkamalar va yarim tirkamalar (zanglamas poʻlatdan tayyorlangan uzum uchun tirkamalar) 8716 20 0000 28. Uzum hosilini yigʻib-terib oluvchi kombayn 8433 59 8501 29. Poʻlatdan zadvijkalar 8481 80 6390
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5200-son qaroriga 4-ILOVA
Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5200-son qaroriga 5-ILOVA
Alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va ularning aylanmasiga qarshi kurashish
KENGASHI TARKIBI
1. Lavozimi boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari — Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻi, Kengash raisi 2. Sh.D. Kudbiyev — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi raisi 3. Sh.N. Rahmonov — ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari 4. A.Ya. Xaydarov — iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari 5. A.R. Jumanazarov — Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori 6. I.M. Muxtorov — Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari 7. Lavozimi boʻyicha — Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi 8. Lavozimi boʻyicha — Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boshligʻi, Kengash kotibi
Izoh: Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi PQ-5200-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 23-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4787-son qarorida:
a) 1-bandning birinchi xatboshisidagi “67” raqami “57” raqami bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi TUZILMASI
Direktor Yordamchi 1 Degustatsiya komissiyasi Direktor oʻrinbosari Sohaga innovatsiyalarni joriy qilish boʻyicha direktor oʻrinbosari Tarmoqni strategik rejalashtirish va moliyaviy menejment boʻlimi 4 Alkogol va tamaki bozorini nazorat qilish va ularning aylanmasi tahlili boshqarmasi 5 Uzumchilikni rivojlantirish va agrotexnologiyalarni joriy qilish boʻlimi 4 Sanoat korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va standartlashtirish boʻlimi 5 Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi 3 Komplayens nazorati boʻyicha bosh mutaxassis 1 Resurs tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va raqamlashtirish boʻlimi 3 Litsenziyalar reyestrini yuritish va monitoringi boʻlimi 3 Buxgalteriya hisobi va hisoboti boʻlimi 2 Tashqi iqtisodiy faoliyat, eksport va logistikani rivojlantirish boʻlimi 3 Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilish boʻlimi 3 Ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni joriy qilish boʻlimi 3 Ishlar boshqarmasi 1 Investitsiyalarni jalb qilish va tarmoq loyihalarini amalga oshirish boʻlimi 4 Etil spirtining sifatini aniqlash boʻyicha laboratoriyalar* Ijro nazorati va murojaatlar bilan ishlash boʻlimi 2 Savdo va marketingni rivojlantirish boʻlimi 2 Yuridik byuro 2 “Uzumchilik oʻquv markazi” DUK Xodimlar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassis 1 Maxsus ishlar boʻyicha bosh mutaxassis 1 Matbuot kotibi 1
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 57 nafar.”
2. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-iyundagi 481-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 4-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan har yili ajratiladigan subsidiyalar”;
uchinchi — oltinchi xatboshilar tegishincha toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 6-bandning “b” kichik bandida:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maydoni 10 gektardan ziyod bogʻlarda va xoʻraki, kishmishbop uzum plantatsiyalarida suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan beriladigan tegishli ruxsatnomaga asosan suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga har 35 gektar uchun har bir metri uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda”;
quyidagi mazmundagi oltinchi — oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“yangi bogʻ va xoʻraki, kishmishbop uzum plantatsiyalarida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortishga nasos stansiyasini qurish ishlarini loyihalashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir loyihaga 10 million soʻmgacha;
aholi yashash punktlaridan uzoq hududlarda joylashgan 10 gektardan kam boʻlmagan lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarda mevali bogʻlar va xoʻraki, kishmishbop uzum plantatsiyalarini tashkil etish uchun qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi (quyosh, suv, shamol) bilan taʼminlash uskunalarini sotib olish xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
mahalliy sharoitda “in-vitro” usulida yetishtirilgan har bir dona xoʻraki, kishmishbop tok koʻchati va payvandtagli tok koʻchati uchun 5 ming soʻm miqdorida;
xoʻraki va kishmishbop tok koʻchatlarini shpalerga (yogʻoch va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) koʻtarish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida bir dona shpalerga 15 (oʻn besh) ming soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
mayiz quritish va qadoqlash liniyalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, lekin 300 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda”;
oltinchi xatboshi oʻn birinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-noyabrdagi 753-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 5-bandning oʻn oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 6-bandda:
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yaratilayotgan har 10 gektar yer maydonidagi texnik navli uzum plantatsiyalariga suv chiqarish uchun burgʻulash qudugʻi, sugʻorish uchun daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv chiqarish uchun nasos stansiyasini qurishga har bir metri uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining tegishli dalolatnomasiga asosan ajratiladi;
mahalliy sharoitda “in-vitro” usulida yetishtirilgan har bir dona texnik navli tok koʻchati va payvandtagli tok koʻchati uchun 5 ming soʻm miqdorida ajratiladi”;
quyidagi mazmundagi yettinchi — oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“texnik navli uzum plantatsiyalarida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortishga nasos stansiyasini qurish ishlarini loyihalashtirish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir loyihaga 10 million soʻmgacha miqdorda ajratiladi;
aholi yashash punktlaridan uzoq hududlarda joylashgan 10 gektardan kam boʻlmagan lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarda texnik navli uzum plantatsiyalarini tashkil etish uchun qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi (quyosh, suv, shamol) bilan taʼminlash maqsadida talab etiladigan uskunalarni sotib olish xarajatlarning 50 foizigacha, biroq 100 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda ajratiladi;
mahalliy ishlab chiqaruvchi klasterlar tomonidan eksport qilingan har bir litr uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qoʻshilmagan holda) hamda brendi uchun 5 (besh) ming soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi;
vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi, lekin 300 million soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda ajratiladi”.
