79-modda. Sudyaning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Sudlar toʻgʻrisida (O‘RQ-703-son) · Sana: 28.07.2021 · Amalda
Sudyaning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:
1) u sudyaning qasamyodini buzgan taqdirda;
2) u yozma ariza bergan taqdirda;
3) tegishli sudyalar malaka hayʼati tomonidan ogohlantirish qilinganidan yoki vakolatlari toʻxtatilganidan keyin u sudyalik lavozimiga zid faoliyat bilan shugʻullanishni davom ettiravergan taqdirda;
4) u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda;
5) u Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqqan yoki uni yoʻqotgan taqdirda;
6) unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
7) u vafot etganda yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
8) sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra u uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifasini bajarishga qodir boʻlmay qolgan taqdirda;
9) sud raisining vakolat muddati tugashi munosabati bilan, agar u boshqa sudyalik lavozimiga oʻtishga rozilik bermasa;
10) sudya tomonidan tegishli sudyalar malaka hayʼatining qarori bilan sudyaga vakolatlarini tugatish tarzidagi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishiga sabab boʻlgan, ushbu Qonun 74-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar sodir etilganda.
Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan;
viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining va rais oʻrinbosarining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi sudyasining, tumanlararo, tuman, shahar sudlari, harbiy sudlar raisining va sudyasining vakolatlari — tegishli sudyalar malaka hayʼati xulosasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, tumanlararo, tuman, shahar sudlari sudyasining vakolatlari — Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi kiritgan taqdimnomaga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan muddatidan ilgari tugatiladi.
